Boshqirdiston Respublikasi

Boshqirdiston Respublikasi

Maydoni:142 947 kv.km.

Aholisi: toʻrt milyondan ortiq.

Poytaxti: Ufa shahri.

Tuzumi: respublika (Rossiya Federatsiyasi subyekti).

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 54 ta maʼmuriy tumanga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Ufa, Sterlitamak, Salavat, Neftekamsk.

Pul birligi: rossiya rubli.

 

Jugʻrofiy oʻrni. Boshqirdiston shimolda Perm va Sverdlovsk viloyatlari, sharqda Chelyabinsk viloyati, janubi-sharq, janub va janubi-gʻarbda Orenburg viloyati, gʻarbda Tatariston Respublikasi va shimoli-gʻarbda Udmurtiya Respublikasi bilan chegaradosh. Janubiy Ural, Uraloldi va Uralorti qiyaliklarida, Osiyo va Ovrupa tutashgan hududda joylashgan. Mamlakat janubdan shimolga 550 km.ga, gʻarbdan sharqqa 430 km.gacha choʻzilgan. Oq Idil, Dim, Nugush, Sim, Oshkadar, Sterlya daryolari oqib oʻtadi. Boshqirdiston hududida 2700 ga yaqin katta-kichik koʻl bor. Yirikroqlari – Aslikoʻl (23,5 kv. km.) va Kandrakoʻl (16,5 kv. km.). Hududining qirq foizini oʻrmonlar egallagan. Daryo, koʻl va boshqa suv havzalarida 47 turdagi baliq bor, ularning 13 turdagisi Boshqirdiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Neft, tabiiy gaz, koʻmir, rux, mis, temir rudasi, oltin, toshtuz konlari va sifatli sement xomashyosi bor.

Iqlimi kontinental. Oʻrtacha harorat yanvarda -18° C, iyunda +18 ° C ni tashkil etadi.

Tarixi. Oʻlka mahalliy aholi – boshqirlarga nisbat berilib “Boshqirdiston” deb atalgan. Boshqird elatiga mansub qabilalar haqidagi ilk yozma esdaliklar Herodot (miloddan oldingi V asr) asarlarida uchraydi. Ptolomey (II asr) xaritasida Daiks daryosi koʻrsatilgan. Bu boshqirdchada Yoyiq deb ataladigan hozirgi Ural daryosidir. Sallom Tarjeman (IX asr), Ahmad ibn Fadlon (X asr), Balxiy asarlarida boshqirdlar ikki guruhga boʻlinib, biri Janubiy Uralda, ikkinchisi Dunay boʻylarida yashashi haqida qayd etilgan. XII asr tarixchisi Idrisiy esa boshqirdar “ichki” va “tashqi” guruhlarga boʻlinishi, ularning Nimjon, Gurxon, Karakiya, Kasra va Masra kabi shaharlari borligi toʻgʻrisida guvohlik beradi.

X-XIII asrlarda boshqird yerlari Volga Bulgʻoristoni tarkibiga kirdi. 1219-1220-yillarda Chingizxon boshliq moʻgʻul qoʻshinlari boshqirdlarning Irtishdagi yozgi yayloviga hujum uyushtiradi. Urush oʻn toʻrt yil davom etadi. Boshqirdlarning jangovarligini koʻrgan moʻgʻullar ilojsiz sulh tuzadi. Garchi boshqirdlar yashaydigan hudud Chingizxon avlodlari hukmronligi ostiga kirgan boʻlsa-da, biylik yorligʻi oladi, yaʼni amalda mustaqilikka erishadi. Xon boshqirdlarni harbiy xizmat va qabilaviy boshqaruvga masʼul etib tayinlab, bir qancha imtiyozlar beradi. Xullas, XII-XIV asrlarda boshqirdlar yashagan hududlar Oltin Oʻrta tarkibida boʻldi.

1391-yili Amir Temur qoʻshini Toʻxtamish lashkarini yenggach, Oltin Oʻrda saltanati barham
topdi. Shundan soʻng boshqirdlar Noʻgʻay oʻrdasi, Qozon va Sibir xonliklariga qoʻshildi. 1557-yili koʻpchilik boshqird elatlari Rus davlati tarkibiga kirdi. XVII asr oʻrtalariga kelib Sibir xonligi qulagach, hozirgi Boshqirdiston hududi Rossiyaga qoʻshildi. 1708-yili bu hududda Qozon gubernasiga qarashli Ufa bekligi tashkil etilib, 1719-yili Ufa viloyatiga aylantirildi. 1737-yili Boshqirdistonning Uralorti qismi Iset viloyatiga qoʻshildi. 1744-yili esa Orenburg gubernasi tuzilib, oldingi Orenburg, Ufa va Iset viloyatlari kiritildi. 1865-yili Orenburg gubernasi Ufa va Orenburg viloyatlariga boʻlindi.

1917-yili Sobiq Ittifoq hududida hukumat bolshavoylar qoʻliga oʻtgach, Orenburg, Perm, Samara va Ufa gubernalari Boshqirdiston muxtoriyatiga birlashtirildi. 1919-yil 20-martda Boshqirdiston muxtor sovet respublikasi tashkil etildi. 1922-yili oʻlka hududi kengaytirilib, poytaxt Sterlitamakdan Ufaga koʻchirildi.

1990-yil 11-oktyabrda mamlakat Oliy Kengashi Boshqirdiston suvereniteti haqidagi Deklaratsiya qabul qilindi. Sobiq Ittifoq parchalangach, Boshqirdiston Rossiya Federatsiyasi tarkibida qoldi.

Iqtisodi. Sanoat va qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Yalpi hududiy mahsulotning 49,6 foizi ishlab chiqarish, 8,2 foizi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi. Ishlab chiqarishning asosiy tarmogʻi neft qazib olish va qayta ishlash sanoatidir. Qazib olinadigan neft ishlab chiqarish mahsulotining 23 foizini, neftni qayta ishlash 20 foizini, kimyo va neft-kimyo tarmogʻi esa 16 foizini tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligi dehqonchilik va chorvachilikka yoʻnaltirilgan. Bugʻdoy, javdar, suli, arpa, qandlavlagi va kungaboqar yetishtiriladi. Chorvachiligi goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qoʻy, ot, parranda boqiladi. Qimiz tayyorlash va asalari boqish ham keng tarqalgan. Boshqird asali mashhur. Mamlakat asalari boqish, asal toʻplash va shu sohada ilmiy izlanishlar olib borish boʻyicha Rossiyada birinchi oʻrinda turadi.

Sayyohlik ham ancha rivojlangan. Soʻlim tabiati, diqqatga sazovor hududlari koʻp. Shu sababli uni “ikkinchi Shveysariya” deb atashadi. Har yili bu yerdagi dam olish va davolanish maskanlariga toʻrt yuz mingdan ortiq kishi keladi.

Aholisi. Aholining 60,4 foizi shaharlarda, 39,6 foizi qishloqlarda yashaydi. Boshqirdistonda bir yuzu oʻttizdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Ular orasid rus (36,1 foiz), boshqird (29,5 foiz) va tatarlar (25,4 foiz) koʻpchilikni tashkil etadi.

Dini. Boshqirdistonga ilk musulmonlar – savdogarlar VII-VIII asrlardayoq kelgan. Keyinchalik bu yurtga turli olimlar, din bilimdonlarining ham qadami yetgan. Masalan, X asr tarixchisi Ahmad ibn Fadlon boshqirdlarga din toʻgʻrisida maʼlumotlar berganini qayd etadi. Oʻzbekxon (1312-1342) davrida Islom Oltin Oʻrdaning rasmiy diniga aylanadi. Ayni shu davrda koʻplab oʻlkalar qatori boshqirdlar mamlakati ham musulmonlashadi.

Hozir Boshqirdistondagi diniy muassalarning oltmish yetti foizi islomiy idoralar hissasiga toʻgʻri keladi. 1990-yilgacha Boshqirdistonda oʻn beshtagina masjid bor edi. Hozir mamlakatda toʻqqiz yuzdan ortiq masjid bor. Deyarli har bir qishloq oʻz masjidiga ega.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2011

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.