Buzuq telefon

Buzuq telefon

Sershovqin shaharning kichik yoʻlkasi boʻylab bir moʻysafid ketib borardi. Yuzlari ajinga toʻla, qoshlari oʻsiq bu odam koʻzlarini yerga tikkancha ohista qadam tashlardi. Shoshilib, tez-tez ketib borayotgan yoʻlovchilar, oʻrindiqlarda gap sotib oʻtirgan bekorchilar, shunchaki sayr qilib yurgan oʻtkinchilar – hech kim unga eʼtibor bermasdi. Qariya yura-yura telefon ustaxonasi oldida toʻxtadi.

– Bolam, shuni bir koʻrib bersang. Ishlamay qopti, shekilli.

Usta eski rusumdagi abgor telefonga ajabsinib qaradi. “Yoshini yashab, oshini oshagan” bu matoh tuzatishga arzirmikan? Telefonning u yoq-bu yogʻini koʻzdan kechirgan boʻldi, quvvat olishini tekshirdi, qoʻngʻiroq qilib ham koʻrdi. Hammasi joyida.

– Otaxon, telefoningiz buzuq emas. Ishlayapti. Mabodo sindirib qoʻymasangiz, sizga umrbod xizmat qiladi bu! Eski telefonlarning joni qattiq boʻladi, – dedi usta.

– Ishlayapti, degin… – Cholning koʻzlari birdan yoshlandi. – Unda nega bolalarim menga qoʻngʻiroq qilishmayapti?

Moʻysafidning koʻzlaridagi mung va iztirobga bardosh berolmagan
usta nigohini boshqa tomonga olib qochdi.

 

Orif Tolib

 

“Hidoyat” jurnalining 2023-yil 12-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube