Tinch okeanning “Tinch okeani”dan farqi bor! Quloq oʻrgangan, lekin aslida xato iboralar

Tinch okeanning “Tinch okeani”dan farqi bor! Quloq oʻrgangan, lekin aslida xato iboralar

Oʻz tilini puxta bilish, fikrini aniq, ravon va xatolarsiz ifodalay olish haqiqiy oʻqimishli kishining muhim sifatidir. “Daryo” kolumnisti, muharrir Orif Tolib baʼzi soʻz va birikmalarning oʻziga xosliklari, maʼno qirralari, bilib-bilmay yoʻl qoʻyadigan xatolarimiz haqida soʻz yuritadi.

 

Tinch okean

Bu okean nomini yozishda koʻp xato qilamiz. Oʻzim ham Tinch okeani deb yozish xatoligini bilgunimga qadar shunday yozardim. Nega Tinch okean degan soʻz toʻgʻri?

Tinch soʻzi sifat sanaladi va sifatlovchidan keyingi ot egalik qoʻshimchasini olmaydi. Masalan, yashil daftar, katta kitob kabi birikmalarni yashil daftari, katta kitobi demaymiz. Bu shaklda ishlatadigan boʻlsak, oldinroqda egalik qoʻshimchasi talab etadigan ot yoki otlashgan soʻz kerak:

 

Oʻquvchining yashil daftari bor.

 

Agar ot tushib qoladigan boʻlsa ham, uning borligini mazmundan bilib turamiz:

 

Yashil daftari bor.

 

Demak, kimningdir yashil daftari bor.

Yuqoridagi jumlalarda daftar soʻzidagi egalik qoʻshimchasini oʻquvchi soʻzi yoki gapda aks etmagan yashirin ega talab qilyapti. Agar ega boʻlmasa, egalik qoʻshimchasi ham kerak emas.

Tinch okean soʻzi ingliz tilida Pacific Ocean, ruschada Tixiy okean boʻladi. Har ikki tilda ham tinch soʻzi sifat boʻlib kelyapti. Demak, Tinch nomli okean degan mazmun anglashilmayapti.

Tinch okean birikmasi qanday okean? soʻrogʻiga javob boʻladi. Eʼtibor bersangiz, Shimoliy Muz okeani nomida shimoliy soʻzi sifat boʻlsa-da, undan keyin muz soʻzi kelyapti. Muz ot soʻz turkumiga mansub va undan keyingi soʻz egalik qoʻshimchasi olishi – toʻgʻri.

Nimagadir Janubiy okean nomida Tinch okeandagi kabi xatoga yoʻl qoʻymaymiz. Uni Janubiy okeani deb atamaymiz.

Agar Tinch okeani deyishni toʻgʻri deb qabul qiladigan boʻlsak, Janubiy okeanni Janubiy okeani, Qora dengizni Qora dengizi deyishimiz kerak. Bu esa oʻzbek tili nuqtai nazaridan xatodir.

Joy nomida sifat kelsa, keyingi soʻzga egalik qoʻshimchasi qoʻshiladi, masalan, Yorqin qishlogʻi, “Quyoshli” mahallasi kabi, deganga oʻxshash eʼtirozlar ham boʻlishi mumkin. Toʻgʻri. Lekin bitta nozik jihat bor: bu soʻzlarni alohida ishlata olamiz. Yorqinga bordim, “Quyoshli”dan kelyapman, deyishimiz mumkin. Lekin okean nomini alohida ishlatmaymiz. Uning toʻliq va toʻgʻri nomi birikma holatida yuzaga keladi: Tinch okean. Bu xuddi Yangiqishloq toponimiga oʻxshaydi. “Yangi” sifat boʻlsa-da, undan keyingi soʻz egalik qoʻshimchasini olmagan va qoʻshma soʻzga aylangan. Ummon nomi bitta soʻzga aylanmagan boʻlsa-da, tinch soʻzi sifatlovchi vazifasida. Qishloq va mahallalar nomida esa bunday emas.

Tinch okeani deyish juda urf boʻlgan. Hatto oʻzbekcha Vikipediya ham, Google ham bu iborada xatoga yoʻl qoʻyadi. Biroq milliy ensiklopediyada ummon nomi toʻgʻri yozilgan: Tinch okean. Ensiklopedik lugʻat (1988)da ham bu birikma xuddi shu shaklda berilgan.

Aytgancha, bu ummoning yana bir nomi bor: Buyuk okean. Xuddi shunday. Buyuk okeani emas.

 

Ichimlik suv

Biror xatoni toʻgʻri deb bilgan va muttasil qilib yurgan kishi uning yanglishligini juda qiyin qabul qiladi. Agar qabul qilsa. Hatto soʻz va iboralar bilan bogʻliq holatda ham shunday.

Ichimlik suvi degan birikmani koʻp eshitamiz, ishlatamiz. Shu ibora – xato. Tag-tugi bilan. Nega? Ichimlik soʻzi oʻzbek tilida ichiladigan narsalarni, masalan, sharbat, suv kabilarni bildiradi. Ichimlik suvi deyilsa, ichimlikning suvi – suvning suvi deganga oʻxshash maʼno hosil boʻladi.

Aslida nima boʻlishi kerak? Ichiladigan yoki ichgulik (bunisi endi ancha oliftaroq) suv. Xoʻp, ichimlik soʻzi bu oʻrinda gʻalati mashhurga aylangan, ichiladigan maʼnosida qoʻllanyapti, deylik. Unda birikmaning toʻgʻri varianti ichimlik suv boʻladi. Chunki u sifatdosh oʻrnida kelyapti, u ifodalaydigan maʼnoni beryapti. Oʻrniga maʼnodoshini qoʻyib koʻrganda ham, suv soʻziga egalik qoʻshimchasi qoʻshilmaydi: ichiladigan suv.

Ekin-tikin uchun va boshqa xoʻjalik maqsadlarida ishlatidagan suv oqova suv boʻladi. Biror oʻzanda doim oqib turadigan suv oqar suv deyiladi. Yer ostidan sizib chiqadigan, zax suvi esa sizot suvdir. Ichimlik suv iborasi xuddi shunga oʻxshash.

Ichimlik ot soʻz turkumiga mansub-ku, ikki ot keladigan soʻz birikmalarida ikkinchi qismga egalik qoʻshimchasi qoʻshiladi, degan eʼtiroz boʻlishi mumkin. Bu oʻrinda ichimlik soʻzi otlik xususiyatini yoʻqotyapti. Xuddi kamon qosh, aʼlochi bola, oʻlchagich asbob, oʻtloq joy kabi birikmalardagi birinchi soʻz kabi.

Ichimlik suvi turaversa-chi, shunga tegib nima qilamiz deganga oʻxshash mulohaza ham boʻlishi mumkin. Unda suvning suvi iborasini ham toʻgʻri deyishimiz kerak. Bunchalikka bormay turamiz.

Ichimlik suv birikmasini ruscha yoki inglizchaga oʻgirib koʻring, suvdan oldingi soʻz sifat yoki sifatdosh boʻladi: pityevaya voda, drinking water. Toʻgʻri, har bir til oʻziga xos. Chogʻishtirish har doim ham oʻrinli boʻlavermaydi. Ammo bu holatdagi qiyoslovimiz fikrni dalillay oladi, menimcha.

Milliy ensiklopediyada koʻp oʻrinlarda ichimlik suv varianti ishlatilgan, lekin ichimlik suvi tarzida qoʻllangan holatlar ham kam emas. Ensiklopedik lugʻatda esa ichimlik suv shakli ishlatilgan.

Internetni kuzatsangiz, baʼzi oʻrinlarda bu birikma toʻgʻri ishlatilganiga ham guvoh boʻlasiz.

 

Pulli va pullik: qay biri toʻgʻri?

-li va -lik qoʻshimchalarini xato qoʻllash koʻp uchraydi. Ayniqsa, ogʻzaki nutqda -li oʻrnida -lik ishlatilishiga tez-tez guvoh boʻlish mumkin. Bu holat yozma nutqqa ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Hatto nufuzli nashrlarda ham -lik qoʻshimchasi bilan bogʻliq yanglishliklar koʻzga tashlanadi. Masalan, pulli soʻzi oʻrniga pullik soʻzini ishlatish. Internetga qidiruv bersangiz, soʻz toʻgʻri yozilgan holatlarga ham, xato yozilgan holatlarga ham duch kelasiz.

Nega pullik yoʻl deyish xato?

-lik mavhum ot yasovchi qoʻshimchadir: bolalik, kelinlik, tilshunoslik, temirchilik, tinchlik, tashkilotchilik, darslik.

-li esa sifat yasovchi qoʻshimchadir: bolali, mevali, aqlli, suvli, unumli, bilimli, yetarli, tushunarli, sezilarli, yeyishli.

Pulli yoʻl birikmasida pulli soʻzi
yoʻlning qandayligini sifatlab kelyapti. Pullik soʻzi esa ot. Shu sababli uni qoʻllash xato.

Pulli soʻzi quyidagi maʼnolarga ega:

 

1️⃣ Puli boʻlgan, puli bor.

2️⃣ Pul toʻlanadigan, pul evaziga olinadigan, beriladigan yoki qilinadigan.

3️⃣ Pul, tiyin qiymatidagi. Bu maʼnoni ifodalaganda faqat miqdor ifodalovchi sonlar bilan keladi.

 

Pullik degan soʻz ham bormi? Bor. Lekin u izohli lugʻatga kirmabdi. Imlo lugʻatidan esa joy olgan. Bu soʻzning maʼnosi nima? U pul xususiyati, belgisini bildiruvchi otdir. Masalan:

 

Gʻijimlab tashlabsan-ku, pulligi qolmabdi buni!

 

Qogʻoz pul gʻijimlab tashlanganidan pullik xususiyatini yoʻqotgan.

 

Ora yoki oro?

Badiiy matnlarda koʻzga tez-tez tashlanadigan xatolardan biri jon(i)ga ora kirmoq iborasini qoʻllash bilan bogʻliq.

 

Ora – ikki narsa yoki nuqta oʻrtasidagi masofa.

Oro – zeb, ziynat, pardoz, oroyish; chiroy.

 

Oʻzaro munozara qilayotgan, tortishayotgan yoki urishayotgan kishilar orasidagi ixtilofni bartaraf qilishga urinish oraga tushish yoki oraga kirish deyiladi.

Joniga ora kirmoq degani soʻzma-soʻz tushuntirilsa, muammo va jon orasiga tushmoq, jonni muammodan xalos etmoqdir.

Izohli lugʻatga koʻra ibora ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

1️⃣ Halokatdan yoki biror koʻngilsiz voqeadan, tang holatdan saqlab qolmoq.

2️⃣ Qiyin, mushkul ahvoldan qutqazmoq, ogʻir paytda yordamga kelmoq, yordam qilmoq.

 

❗️ Joniga oro kirmoq joniga bezak kirmoq, joniga chiroy kirmoq, joniga pardoz kirmoq kabi mantiqsiz maʼnolarni hosil qiladi. Demak, iborani bu shaklda qoʻllash xato.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.