Chalkashtiruvchi paronimlar – bizni shakli va talaffuzi bilan adashtiradigan soʻzlar

Chalkashtiruvchi paronimlar – bizni shakli va talaffuzi bilan adashtiradigan soʻzlar

Paronimlar talaffuzi yaqin, lekin maʼnosi turlicha boʻlgan soʻzlardir. Baʼzan ularning koʻrinishi va aytilishi bizni chalgʻitadi. Hatto soʻz bilan ishlovchi professional mutaxassislar – muharrir, musahhih, adib, jurnalist va kopirayter kabilar ham ularni qoʻllashda xatolarga yoʻl qoʻyadi, chalkashtiradi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ana shunday sakkizta juftlikni tahlil qiladi.

 

Xiyla va hiyla

Talaffuzda h va x tovushlarini koʻp oʻrinda farqlamaymiz. Jumladan, shu ikki soʻzda ham. Bu esa imloga ham koʻchib oʻtadi va soʻzlarni bir-birining oʻrnida yanglish ishlatib yuboramiz. Aslida xiyla va hiyla maʼno jihatidan keskin farqlanadi.

Xiyla soʻzi maʼlum darajada, birmuncha, ancha; birmuncha fursat, ancha vaqt maʼnolarini anglatadi: xiyla yosh, xiyla yaxshilandi, xiyla kutib qoldik, xiyladan keyin keldi.

Hiyla soʻzi esa aldash uchun ishlatilgan yoʻl; aldovchi, chalgʻituvchi ish, tadbir, xatti-harakat; nayrang, firib maʼnolariga ega: hiyla ishlatdi, hiyla bilan qochdi.

Demak:

Xiyla tajribasiz ekansiz, xiyla vaqt kutdi, xiylagina katta hovli ✅

Hiyla tajribasiz ekansiz, hiyla vaqt kutdi, hiylagina katta hovli ❌

 

Hiyla qildi, hiyla ishlatdi, urushda hiylalardan ham foydalaniladi ✅

Xiyla qildi, xiyla ishlatdi, urushda xiylalardan ham foydalaniladi ❌

 

Asl va asil

Bu soʻzlarni koʻp yanglishtirib qoʻllaymiz. Sababi ularning talaffuzi bir-biriga yaqin va baʼzan oʻrni almashganda ham birikmadan maʼno chiqaveradi. Masalan, asl tilla va asil tilla. Nima farqi bor, qay biri toʻgʻri?

Asil soʻzi aʼlo sifatli; sof, qalbaki emas; koʻchma maʼnoda esa yaxshi xislatlarga ega boʻlgan; olijanob; pok mazmuniga ega: asil mol, asil shoyi, asil buyum; asil odam, asil farzand.

Asl soʻzi nasli, tagi, kelib chiqqan joyi; yaratilishdagi, bosh, dastlabki, chinakam, haqiqiy kabi maʼnolarni bildiradi: asli kimligini surishtirdi, asli toshkentlik, asl nusxa, asl holi, asl muddao, asl nom.

Xoʻsh, asil tilla toʻgʻrimi yoki asl tilla? Asil tilla – sof, toza, boshqa metall aralashtirilmagan tilla degan maʼnoni anglatadi. Asl tilla esa haqiqiy tilla maʼnosiga ega. Soflik maʼnosi nazarda tutilganda asil soʻzini ishlatish kerak. Maʼnosiz ibora yuzaga kelmayotgani uchun bu oʻrinda asl soʻzini ishlatish ham xato emas. Lekin baʼzi oʻrinlarda maʼno farqlanadi va bu ikki soʻzni almashlab qoʻllash xatoga olib keladi.

Masalan:

Asl maqsad  ✅

Asil maqsad ❌

Chunki asl maqsad – chin, haqiqiy maqsad. Asil maqsad esa sof, boshqa narsa aralashtirilmagan maqsad boʻlib qoladi va bu xato.

Asil soʻzi asosan narsa-buyumlarni, moddiylikni bildiruvchi soʻzlar bilan ishlatiladi. Uni maqsad, niyat, haqiqat, daraja kabi soʻzlarga nisbatan qoʻllash xatodir.

 

Adl va adil

Adl soʻzi adolat, odillik maʼnolarini anglatadi: adl kuchi, adlu insof.

Adil soʻzi esa egilmagan, tikka; burilmagan, toʻppa-toʻgʻri maʼnolariga ega: adil boʻy, adil oʻtkazilgan yoʻl.

Demak:

Adlu insof, adlu adolat, adl kuchi ✅

Adilu insof, adilu adolat, adil kuchi ❌

 

Adil qomat, adil chiziq, adil odam, adil imorat, adillik ✅

Adl qomat, adl chiziq, adl odam, adl imorat, adllik ❌

 

Hirs va xirs

Hirs kuchli intilish, istak, mayl mazmuniga ega. Salbiy maʼnoda esa jinsiy hissiyot, shunday hissiyotli maylni anglatadi: mol-dunyo toʻplashga hirs qoʻydi, hirs bilan qaradi.

Xirs soʻzi tilimizda bot-bot uchrab turadi, asosan soʻzlashuv tilida ishlatiladi. Forschadan kirgan bu soʻz ayiq degan maʼnoni anglatadi: xirsday yigit, xirsday baquvvat, xirsdan-da kuchli.

Xirs soʻzi ayiq maʼnosida oʻxshatishli birikmalar va iboralarda uchraydi, xolos. Hayvon maʼnosida ishlatilmaydi. Masalan, hayvonot bogʻiga xirs keltirildi deyilmaydi.

Demak:

Xirsday yigit, xirsday toʻq odam, hirsi kuchli ✅

Hirsday yigit, hirsday toʻq odam, xirsi kuchli ❌

 

Obdan va obdon

Obdan soʻzi rosa, xoʻp; juda ham; butunlay; mukammal suratda maʼnolarida ishlatiladi: obdan oʻyladi, obdan yaxshi bilaman, obdan oʻrnashib oldi.

Bu soʻz koʻpincha obdon shaklida xato ishlatiladi. Obdon soʻzi izohli lugʻatga kiritilmagan. Imlo lugʻatida esa bor – irrigatsiyaga oid atama ekani koʻrsatilgan. U forcha ob soʻzi va -don qoʻshimchasidan yasalgan. Suvidish maʼnosini anglatadi. Lekin jonli tilda suv saqlanadigan idishlarga nisbatan obdon soʻzi qoʻllanmaydi. Bu soʻz maʼlum soha doirasidagina ishlatiladigan atamadir.

Demak:

Obdan oʻyladi, obdan tayyorlandi, obdan bezatdi ✅

Obdon oʻyladi, obdon tayyorlandi, obdon bezatdi ❌

 

Poshsho, poshsha va posho

Poshsho soʻzi podshoh soʻzining soʻzlashuv tilidagi variantidir: podshoh – podsho – poshsho. Podshohlar tarixda koʻp oʻtgan, Sharq xalqlari xalq ogʻzaki ijodi, jumladan, ertaklarda ham hukmdorlar asosan podshohlar boʻladi.

Podshoh soʻzi qadimgi fors tilida pod – hukmdor, shoh – ulugʻ, buyuk, yaʼni ulugʻ hukmdor maʼnosini anglatadi.

Podshohlar hozir ham bor. Masalan, Saudiya Arabistonida davlat rahbari podshohdir.

Poshsha xotin-qizlarga murojaatda hurmat yoki erkalatishni ifodalaydi. Bu soʻz katta ehtimol bilan podshoh soʻzining oʻzgargan shakli. Ayollarga, jumladan, kelinlarga ayricha hurmatni ifodalash, podshohlarga koʻrsatiladigan izzat-ehtiromga siz ham loyiqsiz degan maʼnoni berish uchun shu soʻz tanlangan boʻlishi mumkin. Tilimizda poshsha tarkibli kelinposhsha, qizposhsha, oyposhsha kabi soʻzlar ham uchraydi.

Posho esa Usmonli sultonligida fuqarolar va harbiylarga berilgan faxriy unvon. Milliy ensiklopediyaga koʻra, dastlab vazir, beklarbegi va boshqa yuqori mansabdor shaxslar unga sazovor boʻlgan. Posho idora etgan viloyat yoki tuman posholik deb atalgan. XIX asrdagi islohotdan keyin posho general va vazirlarga ham berilgan. Turkiya Respublika deb eʼlon qilingach (1923), faqat generallargina posho unvoniga ega boʻlgan. Keyinchalik Turkiyaning oʻzida (1934), soʻng Misrda (1952) va Iroqda (1958) bekor qilingan.

Posho soʻzi, rus olimlari fikricha, podshoh soʻzining oʻzgargan koʻrinishi. Biroq turk olimlari bu fikrga qoʻshilmaydi: posho eski turkiy tilda oʻgʻil farzand maʼnosini anglatgan basha soʻzidan yoki bosh ogʻa soʻzidan hosil boʻlgan. Bir variantga koʻra, bosh soʻziga -a (oʻzbekchasi -da) qoʻshimchasi qoʻshilgan va eng yuqoridagi kishi, boshida turuvchi odam maʼnosidagi soʻz yasalgan.

Posho soʻzini oʻzbekchada poshsho shaklida yozish ham uchraydi. Menimcha, uni bu shaklda yozish toʻgʻri emas. Maʼno-mazmunni farqlash uchun ham posho variantini ishlatgan afzal.

 

Afzal va abzal

Afzal yaxshi, aʼlo, ortiq maʼnolarida qoʻllanadi. Afzal koʻrmoq iborasi aʼlo hisoblamoq, ortiq deb bilmoq maʼnosini anglatadi.

Abzal
ot-ulovni minish yoki aravaga qoʻshish uchun zarur boʻladigan asboblar majmuidir. Poyabzal soʻzi tarkibida esa kiyim maʼnosiga ega. Poy (oyoq) + abzal (kiyim) = oyoqkiyim.

Soʻzning maʼnolarini bilib olgan kishi ularni oson farqlay oladi.

Demak:

Bunisi afzal, borganim afzal, afzalini tanlang ✅

Bunisi abzal, borganim abzal, abzalini tanlang ❌

 

Ot abzali, abzallamoq, poyabzal ✅

Ot afzali, afzallamoq, poyafzal ❌

 

Shaxt va shahd

Koʻpincha shaxt soʻzi oʻrnida shahd, shaxdam soʻzi oʻrnida esa shahdam soʻzi ishlatilaveradi. Bu – xato. Chunki ikki soʻzning maʼnosi mutlaqo farq qiladi.

Izohli lugʻatga koʻra, shaxt soʻzi biror ish-harakatni bajarishga intilish holati; birdan, shartta, dadil maʼnolarini anglatadi: shaxti past, shaxti baland, shaxt oʻrnidan turdi.

Shahd soʻzi esa asal maʼnosini beradi. Shahdu shakar – asal va shakar degani.

U shahd bilan oʻrnidan turdi = U asal bilan oʻrnidan turdi.

Maʼno shunaqa kulgili chiqib qoladi. Demak, shiddat, dadillik maʼnolarida faqat shaxt soʻzini qoʻllash kerak.

Shahdam soʻzi esa aslida yoʻq. U shaxt soʻzini shahd bilan adashtirish natijasida kelib chiqqan. Shaxdam soʻzi bor, u shaxtdan yasalgan. Keyingi tovush unli boʻlgani sababli t tovushi d ga aylangan. Shaxdam soʻzi tez va dadillik bilan qilingan; tetik, dadil maʼnolarini beradi: shaxdam qadam, shaxdam oʻrnidan turdi.

Demak:

Shaxti baland, shaxt oʻrnidan turdi, shaxdam harakatlar ✅

Shahdi baland, shahd oʻrnidan turdi, shahdam harakatlar ❌

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.