Xatoday koʻrinadigan, aslida toʻgʻri soʻzlar

Xatoday koʻrinadigan, aslida toʻgʻri soʻzlar

Oldinroq toʻgʻriday koʻrinadigan, lekin aslida xato boʻlgan baʼzi soʻzlar haqida maʼlumot berilgandi. Tilda bu hodisaning teskarisi ham uchraydi – baʼzi soʻzlar xatoga oʻxshaydi, lekin aslida biz oʻrganmagan-koʻnikmagan shakli toʻgʻri. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ana shunday soʻzlarning ayrimlari haqida toʻxtaladi.

 

“Ohangrabo”ning ohanrabosi

Ohanrabo soʻzini juda koʻpchilik ohangrabo deb talaffuz qiladi va yozadi. Ohanrabo shaklini esa xato deb oʻylaydi. Aslida aksincha boʻlishi kerak. Ohangrabo – xato, ohanrabo – toʻgʻri. Ohanrabo forscha ohan – temir va rabo – tortuvchi, oʻgʻirlovchi soʻzlaridan. Magnit maʼnosini anglatadi, lekin uni bu maʼnoda qoʻllash eskirgan:

 

Kishilik tarixi davomida ohanrabo va keyinchalik elektron kvars soatlar yaratildi.

Gazetadan.

 

Hozirgi oʻzbek adabiy tilida asosan koʻchma maʼnosi ishlatiladi. Bu holatda ohanrabo oʻziga tortuvchi, oʻziga jalb etuvchi, maftun etuvchi; fusunkor maʼnolarini anglatadi:

 

Yaqin-atrofdan eshitilayotgan ohanrabo kuylar kishini maftun etadi.

“Saodat”.

 

Ohangraboohangni tortuvchi degani, ohangni tortadigan narsa yoʻq, demak, bunday mazmun mantiqqa ega emas. Shunday ekan, qanchalik jarangdor va toʻgʻri koʻrinmasin, soʻzni bu shaklda qoʻllamaslik kerak. Uning bittagina toʻgʻri shakli bor: ohanrabo.

 

“Buhron” – krizis demak

Buhron arabchadan olingan, asliyatda tanglik, ogʻir holat; alahlash maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida krizis, tanglik degan maʼnoga ega. Hozirgi oʻzbek tilida nisbatan kam ishlatiladi:

 

Moliyaviy buhron rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga kuchli zarba berishi mumkin.

 

Bu soʻzni boʻhron shaklida qoʻllash koʻp uchraydi. Lekin u lugʻatlarga kirmagan. Menimcha, bu shaklni ham variantdosh sifatida kiritsa boʻladi. Chunki buhron oʻzlashma soʻz va til uni oʻziga moslashtirishi tabiiy.

Lekin hozircha faqat buhron shaklini toʻgʻri deyishga majburmiz. Ommaviy axborot vositalarida yoki soʻzlashuv uslubida boshqacha qoʻllanayotgani asos boʻla olmaydi.

 

“Oʻgʻrilik” bor, “oʻgʻirlik”-chi?

Bu soʻzni oʻgʻirlik tarzida yozish juda koʻp uchraydi. Hatto izohli lugʻatdagi oʻndan ortiq misolda bu soʻz oʻgʻirlik tarzida berilgan. Lekin bu xato. Nega? Chunki u lugʻatlardan oʻgʻrilik shaklida joy olgan. Oʻgʻirliq degan soʻz bor, lekin oʻgʻirlik yoʻq.

Soʻzni oʻgʻirlik shaklida yozishga uning feʼl varianti sabab boʻlsa kerak: oʻgʻirlamoq. Chunki oʻgʻrilamoq degan feʼl yoʻq-da. Mabodo oʻgʻrilamoq deb yozsangiz, yana xatoga yoʻl qoʻyasiz. Labirintga oʻxshaydi-a?

Oʻgʻirlik feʼl shakliga va talaffuzga mosligi sababli lugʻatlarga kiritilishi kerak.

Oʻgʻrilik oʻgʻrining ishini va shu ish bilan shugʻullanishni anglatadi:

 

Biron buyumni sifatsiz ishlab, aʼlo navga haq olish noinsoflik, vijdonsizlik, toʻgʻrirogʻi, oʻgʻrilikning boshqa bir turi-ku!

N. Safarov, “Olovli izlar”.

 

Oʻgʻrilikka oʻrgangan boʻlmang tagʻin, yaylovda yurib.

A. Muxtor, “Chinor”.

 

Teng-tush va tengu tush

Bu soʻzni koʻpchilik teng-toʻsh yoki tengu toʻsh shaklida yozadi. Izohli lugʻatga koʻra, bu shaklda qoʻllash shevaga xos. Adabiy til meʼyorlariga koʻra, sarlavhadagidek yozilishi kerak.

Ikkala birikma ham yosh jihatdan teng, tenqur, tengdoshlar maʼnosida ishlatiladi:

 

Qani endi u… teng-tushlaridan avval maqsadga erishsa.

I. Rahim, “Ixlos”.

 

Menga motam tutib, qora bogʻlamang,

Tengu tushim nozik bagʻrin dogʻlamang.

Hamza.

 

Birikma tarkibidagi tush soʻzi mustaqil ishlatilmaydi.

 

Asqotmaydi, asqatadi

Bu soʻzni soʻzlashuv tilida kam ishlatamiz. Lekin yozadigan yoki aytadigan boʻlsak, koʻpincha asqotmoq shaklini tanlaymiz. Imlo va izohli lugʻatlarga koʻra, bunday soʻz yoʻq. Demak, asqotdi, asqotadi, asqotyapti kabilar xato sanaladi.

Soʻzning lugʻatlarda berilgan shakli: asqatmoq. U kerak boʻlmoq, kuniga yaramoq, ish bermoq maʼnosini anglatadi:

 

Boʻzdan tikilgan xaltalari yoʻlda asqatadigan narsalar bilan liq toʻla…

Yoshlik”.

 

Asqotmoq shakli ham variantdosh sifatida lugʻatlarga kiritilsa, yaxshi boʻlardi. Chunki asosan shunday talaffuz qilamiz. Talaffuzda biroz oʻzgarishga uchragan va talaffuz shakllari lugʻatlarga kiritilgan soʻzlar koʻp. Iymon va imon, toʻyona va toʻyana, berkitmoq va bekitmoq, kabutar va kaptar, moʻylov va moʻylab, qabariq va qavariq, quvalashmoq va quvlashmoq, toʻlgʻizmoq va toʻlgʻazmoq…

Asqotmoq ham xuddi yuqoridagi soʻzlarga juda oʻxshash. Lekin hozircha faqat asqatmoq shaklini toʻgʻri deb hisoblab turamiz.

 

Talatoʻp – toʻp boʻlib talash

Talatoʻp soʻzi ur-yiqit, sur-sur va shu kabi besaranjom, notinch holat; toʻs-toʻpolon maʼnosini anglatadi:

 

Sodiqjon
boyvachchaning hovlisi birpasda talatoʻp boʻlib qoldi. Zubayda yerda yotardi…

K. Yashin, “Hamza”.

 

Bu soʻz katta ehtimol bilan tala va toʻp soʻzlaridan hosil boʻlgan. Koʻpchilikning biror narsani talashishi yoki talashi maʼnosida. Chunki tala soʻzidan yasalgan va mazmuni shunga yaqin tala-tala, tala-toʻpolon kabi soʻzlar ham bor.

Talatoʻp koʻpincha talotoʻp tarzida aytiladi va yoziladi. Lekin bu shakl hozircha lugʻatlarga kirmagan, shu sababli xato.

 

Palapon – qushlarning “chaqalogʻi”

Bu soʻz baʼzi lugʻatlarda palapon, baʼzilarida esa polapon shaklida berilgan. Izohli lugʻat esa har ikki shaklni keltirgan.

Palapon toʻrt xil maʼnoga ega, lekin koʻproq parrandalarning hali pat va qanot chiqarmagan yoki endigina chiqara boshlagan bolasi; jish maʼnosida qoʻllanadi:

 

Tom boʻgʻotiga uya qurgan chumchuqlar bot-bot palaponlarini uchirma qilishardi.

N. Qobil, “Unutilgan sohillar”.

 

Palapon shaklini koʻpchilik xato deb oʻylaydi, lekin unday emas. U lugʻatlarimizda ham, ilmiy adabiyotlarda ham oʻz aksini topgan.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube