“Deb” va vergul
Tajribali muharriru musahhihlarni ham oʻylantirib, chalkashtirib qoʻyadigan holatlardan biri deb soʻzi bilan vergul ishlatishdir. Hatto punktuatsiya qoidalari haqidagi kitob ham chalkashliklarga yoʻl qoʻygan. Bitta oʻrindagi prinsip keyingi oʻrinda teskarisiga ishlagan.
Men tinish belgilarini oʻta zarurat boʻlsagina ishlatish tarafdoriman. Jumladan, deb soʻzi bilan ham. Vergul talab qiladigan holat boʻlsa, qoʻllash kerak. Boʻlmasa – yoʻq.
Izohli lugʻat deb soʻzi ravishdosh boʻlib kelganda undan oldin, qoʻshma gap tarkibidagi bogʻlovchi boʻlib kelganda esa undan keyin vergul ishlatgan. “Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari” kitobi ham shu yoʻldan borgan. Lekin kitobda vergul ishlatilmasligi kerak boʻlgan ikkita holat tilga olingan:
1️⃣ Baʼzan deb shakli gap tarkibida sababli, tufayli, uchun kabi yordamchi soʻzlarning sinonimi kabi qoʻllanadi, bunday holatlarda deb soʻzidan keyin ham, oldin ham vergul qoʻyilmaydi:
Arzimagan oshiq-maʼshuqning xati deb butun pochta ovopa boʻladi.
Oʻ. Umarbekov
Yur, seni deb men ham kechikyapman.
A. Namozov
Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.
Choʻlpon
2️⃣ Baʼzan deb shakli gap tarkibida sifatida yordamchi soʻzining sinonimi kabi qoʻllanadi, bunday holatlarda deb soʻzidan keyin ham, oldin ham vergul qoʻyilmaydi:
Uyga ham, xotiniga ham oʻz institutining, oʻz hayotining bir qismi deb qarardi.
Oʻ. Umarbekov
Said buni sovgʻalarning debochasi deb bilardi.
U. Hamdam
U senga odam deb qaraydi.
Choʻlpon
Lekin yuqoridagi kabi prinsip bir oʻrinda qoʻllanmagan. Kitob: “Ergash gap bosh gapga deb vositasida bogʻlansa, undan keyin vergul qoʻyiladi”, deb taʼkidlaydi:
Hovlidagi supaga toʻshalgan boʻyra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb, qoʻriqlab oʻtirdim.
Oʻ. Hoshimov
Vatan uchun jangga bor deb, qurol berdim qoʻlingga.
H. Olimjon
Yubkaga mos tushsin deb, yoʻgon poshnali qora amirkon tuflisini ham berdi.
Oʻ. Umarbekov
Men shu oʻrinda ham vergul ishlatilmasligi kerak deb hisoblayman. Nega? Chunki deb soʻzi maqsadida, degan maqsadda soʻzining sinonimi kabi qoʻllanyapti. Oʻrniga sinonimini qoʻysangiz, vergul ishlatilmasligi oydinlashadi:
Hovlidagi supaga toʻshalgan boʻyra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin degan maqsadda qoʻriqlab oʻtirdim.
Xoʻsh, qachon vergul ishlatish kerak? Hamma yoq qoʻshtirnoqzor boʻlib ketmasligi uchun koʻpincha badiiy va publitsistik matnlarda koʻchirma gaplar qoʻshtirnoqsiz beriladi. Xuddi shunday holatlarda deb soʻzidan oldin vergul qoʻyish oʻrinli:
Bunaqa holatlarga oldindan tayyor boʻlish kerak, deb eʼtiroz bildirdi u.
Yuqoridagi ikki misolda deb soʻzi koʻchirma gapni ifodalash uchun xizmat qilyapti. Bu ikki gap aslida koʻchirma gap qoidasiga koʻra qoʻshtirnoqqa olinishi, vergul esa qoʻshtirnoqdan keyin qoʻyilishi kerak:
“Bunaqa holatlarga oldindan tayyor boʻlish kerak”, deb eʼtiroz bildirdi u.
Ammo tinish belgilarini koʻp ishlatib, oʻquvchini chalgʻitmaslik uchun baʼzan qoʻshtirnoqlardan voz kechiladi. Bitta vergul orqali ham jumla boshqa kishiga tegishli ekani anglashiladi. Badiiy va publitsistik matnlarda, shaxsiy yozishmalarda bu usul oʻzini oqlaydi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.