Ensasi qotdi: ensa qayer?
Ogʻzaki tilda ensasi qotdi, ensasini qotirdi iboralarini koʻp eshitamiz. Ensa qayer?
Izohli lugʻatga koʻra, ensa odam boshining orqa pastki qismi; ensa suyagi.
Choyxonachi doʻppisini peshonasiga surib, ensasini qashidi.
E. Usmonov, Yolqin.
Ensasi qotmoq iborasi esa yoqimsiz gap, ish, xatti-harakat, holat va shu kabilardan gʻashi, gʻazabi qoʻzgʻamoq; achchigʻlanmoq maʼnosini anglatadi:
Oyimning gaplariga buvimning ensasi qotibdi.
E. Raimov, Ajab qishloq.
Murzinning bu tomonga kelayotganini koʻrdi-yu, ensasi qotib, qizdan yiroqlashdi.
Shuhrat, Shinelli yillar.
Menimcha, ensasi qotdi iborasining paydo boʻlishiga biror ishdan jahli chiqqan, norozi boʻlgan yoki shu ishga istehzoli munosabat koʻrsatgan odamning boshini biroz orqaga egib, holatga bir muddat bepisand yo yoqinqiramay qarab turishi sabab boʻlgan. Chunki bu holatda bosh harakatsiz turadi va ensa biroz qotishi-qotishishi mumkin.
Engsa soʻzi eski oʻzbek tilida boʻyin, gardan maʼnosida ishlatilgan. U hozir boshqa qardosh turkiy tillarda ham boʻyin, tananing orqa yuqori qismi, orqa, tana, kuch, qudrat maʼnolarida qoʻllanadi.
Orif Tolib