Davlat tilini rivojlantirish uchun
Internet hayotimizga tobora keng kirib boryapti. Bundan unumli foydalanib qolish kerak. Jumladan, davlat tilini rivojlantirishda ham.
Davlat tilini rivojlantirish departamentiga taklif:
Oʻzbek tilini oʻrganish va oʻrgatishga ixtisoslashgan portal yaratish kerak. Masalan, gramota.ru saytiga oʻxshash. Albatta, undan boyroq, zamonaviyroq boʻlishi kerak. Bu sayt 20 yil oldin ishga tushgan ekan. Shunchaki misol uchun aytdim.
Portalda nimalar boʻladi?
- Katta elektron kutubxona. Undan oʻzbek tilini oʻrganishga oid, oʻzbek tilli va xorijlik foydalanuvchilarga moʻljallangan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, media mahsulotlar; oʻzbek tili lugʻatlari; chet tili-oʻzbekcha, oʻzbekcha-chet tili turkumidagi ikki yoki koʻp tilli lugʻatlar oʻrin oladi. Ularning faqatgina pdf yoki epub variantlari berilmaydi. Ulardan saytning oʻzida onlayn foydalanish imkoni yaratiladi.
- Ilmiy
izlanishlar boʻlimi. Oʻzbek tili boʻyicha yoqlangan ilmiy ishlar, tayyorlangan monografiyalar beriladi. Ayni paytda tadqiqot olib borilayotgan mavzular haqida maʼlumot berib borilsa, yanada yaxshi. - Atamalar boʻlimi. Tilimizga kirib kelayotgan yangi atamalar boʻyicha maʼlumotlar, eski yoki yangi atamalarni oʻzbekchalashtirish boʻyicha takliflar, bahs-munozaralar boʻlimi. Mutaxassislar va keng jamoatchilikning munosabati.
- Imlo qoidalari boʻlimi. Qoidalarning toʻldirilgan, yangilangan loyihasini, tinish belgilarini ishlatish boʻyicha tartib-qoidalar, ular yuzasidan takliflarni shu yerda eʼlon qilish, bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida qayta ishlash kerak.
- Savol-javoblar boʻlimi. Oʻquvchilardan oʻzbek tili boʻyicha yoki davlat tilida ish yuritish borasida kelgan savollarga mutaxassislarning qisqa yoki batafsil javoblari. Bunda savollarga javob berishni shunchaki biror universitet yoki institutga yuklab qoʻyish oʻzini oqlamaydi. Mutaxassislarni maxsus yollash va tayyorlagan maqolasi yoki maʼlumoti uchun munosib haq berish kerak. Chunki shapaloqdek maʼlumotni tayyorlash uchun bir necha manbalarni koʻrib chiqish, qiyoslash, bir soʻz bilan aytganda, jiddiy aqliy mehnat qilish zarur boʻladi.
- Onlayn maʼlumot boʻlimi. Bu yerga biror soʻzni kiritganda oʻsha soʻz haqida izohli maʼlumot berilishi kerak. Shu boʻlimga imlo tekshiruvi xizmatini ham qoʻshish mumkin. Soʻz yozsangiz, uning toʻgʻri yoki xato yozilganini aniqlab beradi. Bu albatta koʻproq vaqt talab qiladigan boʻlim boʻladi. Uni portal ishga tushgandan keyin ham qoʻshish mumkin.
- Til oʻrganish boʻyicha onlayn repetitor yoki modul dasturi. Bu boʻlim chet ellik foydalanuvchilar oʻzbek tilini noldan boshlab mustaqil oʻrganishlariga xizmat qiladi. Albatta, bu ham anchagina katta, salmoqli ish. Koʻp vaqt talab qiladi. Lekin bajarsa boʻladigan ish. Boshqa tillar uchun shunaqa modul tizimidagi saytlar yaratilgan. Oʻshalardan oʻrganish, andoza olish mumkin. Til oʻqitish boʻyicha mutaxassislar, tilshunos olimlar, amaliyotchilar, dasturchilar va boshqa mutaxassislar hamkorligida yaratiladi.
Xorijlik til oʻrganuvchilar uchun videodarslar ham tayyorlab, portalga va uning yutubdagi sahifasiga joylash mumkin.
Portalning barcha imkoniyatlaridan foydalanish hamma uchun bepul boʻlishi kerak.
Saytning yutub, telegram va feysbuk kabi ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ham boʻladi. Android va iOS uchun mobil ilovalari ishlab chiqiladi. Lugʻatlar qismini saytdagi veb versiyadan tashqari kompyuter va mobil qurilmalar uchun elektron lugʻat koʻrinishida alohida dastur qilib ishlash ham mumkin. Ayni damda oʻzbek tili uchun bu yoʻnalishda toʻla-toʻkis lugʻatlar yaratilmagan.
Bu hozircha qoralama reja. Maʼqul kelsa, toʻldiriladi, takomillashtiriladi. Maqsad – til oʻrganishni istaganlar uchun qulayliklar yaratish, “hammasi birda” tamoyilidagi elektron manbani taqdim etish.
Albatta, bu loyiha birgina Departamentning yoki bir-ikkita muassasaning imkonidan tashqaridagi ish. Juda katta mablagʻ va kuchni talab etadi. Lekin xomxayol ham emas, bemalol amalga oshirish mumkin. Roʻyobga chiqib qolsa, koʻpchilikka nafi tegadigan, tarixda qoladigan loyiha boʻladi. Tabiiyki, oʻlda-joʻlda, mendan ketguncha, hisobot uchun qabilida ishlanmasa.
Menimcha, davlatchilikning muhim belgisi boʻlgan davlat tili rivoji, mustahkamligi uchun sarflanadigan mablagʻ oʻzini oqlaydi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.