Fazoday keng qalb bilan

Fazoday keng qalb bilan

Oʻrta Osiyo ilm-fan va madaniyatning koʻhna beshiklaridan biri hisoblanadi. X – XII asrlar Sharq ilm olamida Uygʻonish davri boʻldi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Qoshgʻariy kabi allomalar matematika, joʻgʻrofiya, tibbiyot, falsafa, tilshunoslik kabi sohalarda nodir asarlar yaratdi. Ularning ilmiy izlanishlari dunyo fanining rivojida poydevor boʻlib xizmat qildi.

Fan-texnika asri deya eʼtirof etilgan XX asrda ham Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekistonda koʻplab olimlar tugʻilib voyaga yetdi, Vatani va xalqiga xizmat qildi. Ular qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Xalqaro injenerlik Akademiyasi va Rossiya kosmonavtika Akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi Shavkat Vohidovning ham oʻz oʻrni bor.

Olim 1931-yilning 11-oktyabrida Samarqand shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Shahardagi 22-oʻrta maktabni tamomlagach, Oʻzbek davlat universiteti fizika-matematika fakultetiga oʻqishga kirdi. 1955-yili mazkur ilm dargohini muvaffaqiyatli tamomladi. Ilmiy-tadqiqot ishlariga boʻlgan qiziqishi tufayli universitetda ishga olib qolindi, optika kafedrasida assistent boʻlib ishlay boshladi. 1956-yili Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti aspiranturasiga oʻqishga yuborildi. Shu davrdan boshlab qizgʻin ilmiy-ijodiy mehnatga kirishdi. Oʻzbekiston FA Yadro fizikasi instituti ilmiy xodimi, Toshkent davlat texnika universiteti “Kosmik asbobsozlik” kafedrasi mudiri, “Koinot” Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining Bosh direktori va Bosh konstruktori, Oʻzbekiston Respublikasi Kosmonavtika Federatsiyasi Prezidenti, Xalqaro Aerokosmik maktab tashkilotchisi va doimiy ilmiy rahbari kabi lavozimlarda ishladi. Shu davr mobaynida dastlab fan nomzodi, keyinchalik fan doktori, professor, akademik kabi ilmiy unvonlarga erishdi.

Shavkat Vohidov “Koinot” Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasiga rahbarlik qilgan paytda korxona mutaxassislari bilan hamkorlikda koinotdagi osmon jismlari tarkibini oʻrganish uchun ulardan namunalar olib keluvchi avtomatlashgan parmalash qurilmalariga nazariy va amaliy asos solindi. Natijada Venera va Mars sayyoralari hamda Marsning tabiiy yoʻldoshi – Fobosdagi togʻ jinslarining fizik-kimyoviy xossalari, tarkibi va tuzilishini tekshirish maqsadida maxsus tuproq oluvchi Venera 13, Venera 14, “Vega” dasturi boʻyicha V-15, V-16, Fobos-02, Fobos-04 kabi nodir qurilmalar yaratildi.

Shavkat Vohidovning rahbarligida va bevosita ishtirokida kosmik apparatlarning axborot yigʻuvchi va uzatuvchi, fazoviy harakatlarga koʻmaklashuvchi tizimlari, quyosh shamolining taʼsirini aniqlash uchun qoʻllanadigan 10m diametrli oyna sirtli havo sharlari tayyorlandi va uchish sinovlaridan oʻtkazildi. Olim ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kosmosga joʻnatish boʻyicha Baykonur va Plivetsk start komplekslarida boʻlib oʻtgan uchish oldi muzokaralarida bevosita ishtirok etdi.

Shavkat Vohidov tomonidan tayyorlargan ilmiy kadrlar bugungi kunda Rossiya, Kanada kabi chet mamlakatlarda, Qoraqalpogʻiston respublikasi, Samarqand, Fargʻona, Jizzax, Toshkent va boshqa viloyatlar oliy oʻquv yurtlarida talabalarga tahsil berish bilan birga ilmiy tadqiqot ishlarini ham muvaffaqiyat bilan olib boryapti. Mashhur uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipov ham domlaning suyukli shogirdlaridan biridir.

Olim yosh iqtidorlarni izlab topish va ularni ragʻbatlantishga alohida eʼtibor berdi. Uning bu sohadagi faoliyati respublika doirasidan chiqib xalqaro darajaga koʻtarildi. 1988-yildan Sh. Vohidov rahbarligida viloyatlararo, 1992-yildan boshlab esa Xalqaro Aerokosmik maktabi tashkil etildi. Unda Respublikamizdan hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Pokiston, Malayziya, Turkiya, Polsha, Ozarbayjon, Fransiya, Germaniya kabi davlatlardan iqtidorli maktab oʻquvchilari yozgi taʼtil davrida fizika, matematika, aeronavtika, kosmonavtika, kompyuter texnologiyasiga doir qiziqarli maʼruza va suhbatlar tinglaydilar, samolyotlar, raketalarning modellarini tayyorlaydilar, turli musobaqalarda ishtirok etadilar. Maktabda respublikamizning va MDHning taniqli olimlari, kosmonavtlar va konstruktorlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etadi.

Oddiy maktab bolasiga falon akademik yoki kosmonavtning dars berishi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi misli koʻrilmagan holat. Bu narsa bolaning dunyoqarashiga, psixologiyasiga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatadi, unda ilm-fanga boʻlgan ragʻbat uygʻotadi. Allaqachon oqsoqollar qatoriga kirib qolgan olimning bolalar bilan mashgʻulot olib borishi, birga oʻtirib raketa modeli yasashi yoki uchirishi uning naqadar bagʻrikeng insonligidan, qalbi oʻzi talpingan fazoday kengligidan dalolat.

Agar olim yoki har qanday mashhur kishi oʻz shuhratidan gʻururlansa, boshqalarga “yuqoridan turib”, mensimay munosabatda boʻlsa tezda nazardan qoladi. Kimligidan qatʼi nazar oddiy odamlar qalbidan oʻchiriladi. Shavkat Vohidov butun sobiq Ittifoq miqyosidagi obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan kezlarda ham odamiyligini, kamtarligini tark etmadi. Farzandlarining hikoya qilishicha, olimning eng yomon koʻrgan narsasi manmanlik boʻlgan.

Yana bir muhim gap. Gohida bolasi yaxshi baho olmagan ayrim ota-onalar maktabga yoki institutga shovqin koʻtarib boradi. Bundan naf chiqmasa tanish-bilishlarini ishga soladi. Shavkat Vohidovning iltimosini ikki qiladigan oʻqituvchi topilmasdi hisob. Lekin atoqli professor farzandlarining oʻquv jarayoniga umuman aralashmaydi. Biroq qattiq nazorat qiladi: vaqtida oʻqishga borish, dars tayyorlash, oʻqish-oʻrganish shart edi. Oʻziga ham, oʻzgalarga ham talabchan boʻlgan olimning bu xatti-harakati ota-onalar uchun ibrat maktabidir.

Shogirdi, mashhur kosmonavt Solijon Sharipov bilan
Shogirdi, mashhur kosmonavt Solijon Sharipov bilan

Shavkat Vohidov 6 ta monografiya, 280 dan ortiq ilmiy ishlar, 64 ta ixtiro muallifidir. Koʻpgina kashfiyotlari mamlakatimiz xalq xoʻjaligining turli tarmoqlariga joriy qilingan. Oʻz maʼruzalari bilan mamlakatimizda va AQSH, Vengriya, Bolgariya, Pokiston, Malayziya, Turkiya, Eron va MDH mamlakatlaridagi turli Xalqaro ilmiy anjumanlarda qatnashdi. Bir qator monografiyalar va maqolalar toʻplamlariga maxsus muharrirlik qildi.

Vatanimizda fizika, texnika va kosmonavtika sohalarini rivojlantirish, samarali pedagogik va ulkan jamoatchilik faoliyati uchun Sh. Vohidov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi”, “Xalq maorifi aʼlochisi” unvonlariga, qator orden va yubiley nishonlariga sazovor boʻlgan.

Olim 2008-yil 3-noyabrda vafot etdi.

Odamning hayoti necha yil umr koʻrgani bilan oʻlchanmaydi. Balki qanday ishlarni amalga oshirgani, qaysi yoʻldan yurgani bilan unga baho beradilar. Ilm va yaxshilik Shavkat Vohidov umrining mazmuniga aylanib ketgan edi. Oʻz kasbiga sadoqatli olim va chin insonning hayot va ijod yoʻli kelajak avlodga munosib maktab boʻla oladi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube