Fikr beruvchi asar
Ijodkorman degan odam oʻqib-oʻrganishi shart boʻlgan kitoblar bor. Ana shunday roʻyxatning boshida “Devonu lugʻotit turk” turadi, nazarimda. Mahmud Koshgʻariy bu asarini ming yil oldin yozgan. Biroq “Devon”dagi soʻz va iboralar, matallar va maqollarning ildizi yana ming yillar nariga borib taqaladi. Koshgʻariy juda katta hududni kezib, turli turkiy qavmlarning tili, urf-odati, turmushini sinchiklab oʻrgangan. Bu asar ulkan mehnat va izlanish mevasi ekanini, tilshunos oʻz ishiga puxta yondashganini mutolaa jarayonida anglab, his qilib turasiz.
Soʻzning tarixi, kelib chiqishi, oʻzgarishi… – hayot yoʻlini oʻrganar ekansiz, yangi-yangi topilmalarga duch kelasiz. Tilimizga forscha va arabcha soʻzlar koʻp kirgan. Bugun bundan afsus chekib oʻtirishning umuman hojati va foydasi yoʻq. Chunki ular ham endi bizniki, til boyligimiz. Tillar doimo oʻzaro aloqada, bir-biridan soʻz olib turadi. Oʻzimizning ming-minglab soʻzlarimiz ham boshqa tillarga oʻtgan. Bu tabiiy hol. Biroq bir narsani unutmaslik kerak: boshqa tildan kirayotgan soʻz oʻzimizda bor soʻzni siqib chiqarmasligi shart. Bu boyish emas, qashshoqlashish boʻladi. “Devon”ni oʻqib bildimki, Mahmud Koshgʻariy ham xuddi shunday fikrni ilgari surgan ekan.
Hayot doimo yangilanishda. Mohiyat oʻzgarmasa-da, vositalar oʻzgarib turadi. Yangi paydo boʻlgan narsalarga, tushunchalarga ot qoʻya olish tilning kuchini, saviyasini koʻrsatadi. Nom berishda bir zamonlar qoʻllanilib, keyin ishlatilmay ketgan soʻzlardan ham keng foydalanish mumkin. Bunda “Devonu lugʻotit turk” kabi asarlar tengsiz manba vazifasini oʻtaydi.
“Devon”ni oʻqish asnosida juda koʻp narsalarni oʻzim uchun kashf etdim. Shulardan biri haqida aytib beray. Mahmud Koshgʻariy “oʻpmoq” soʻzini bir necha maʼnoda, jumladan, “ichmoq” maʼnosida ham izohlaydi. Buni oʻqidim-u, baʼzi soʻzlarning ildizini topganday boʻldim. Turkiy tillarda soʻz oldida tovush orttirilishi yoki tushib qolishi kuzatiladi. Bu hodisani Koshgʻariy ham ayrim oʻrinlarda taʼkidlab ketadi. “Oʻpmoq” soʻzi ham vaqtlar oʻtib, bir “h” orttirib olgan. “H” tovushi oʻzbek tiliga boshqa tillardan kirmagan. Bu tovush qatnashgan soʻzlarni “Devon”da koʻp uchratdim, hatto “f” tovushli turkiy soʻzlar ham oz emas ekan (holbuki, maktab darsligida “f” tovushi faqat oʻzlashgan soʻzlardagina bor, deb oʻqitiladi). Bu men uchun yaxshi yangilik boʻldi. Xullas, “hoʻp”ga qaytamiz. Bu soʻz hozirgi tilimizda ham keng qoʻllanadi, baʼzida shakli oʻzgargan, baʼzida saqlangan holda. Masalan:
Fargʻona shevasida “choʻmilish” soʻzi bilan birga “hoʻpitish” soʻzi ham ishlatiladi.
Hoʻplamoq – choy, suvni qultumlab ichmoq.
Koʻpincha ariqdan, koʻlmakdan sakrab oʻtilayotganda “hoʻppa” deyiladi. Bu soʻzning ham asli-nasli “suv” maʼnosidagi “hoʻp”ga borib taqaladi, menimcha.
Yop – soy, katta suv yoʻli. Xorazm shevasida anhor va kanallar shu soʻzda ifodalanadi.
Oʻpirmoq – katta suv yoki selning oʻzan va dambalarni, yoʻlida duch kelgan narsani buzib ketishi, oʻrnida oʻyiq hosil qilishi. Oʻpqonning oʻzagi ham shundan.
Suv tekkan narsa hoʻl boʻladi. “Hoʻl” va “hoʻp” oʻzakdosh boʻlishi mumkin.
Islomdan oldin turkiy qavmlar turli mahalliy inonchlarga eʼtiqod qilgan, Erhubbi suv maʼbudi hisoblangan. Bu soʻzni Muqimiyning “Tanobchilar” asarida ham uchratishimiz mumkin. Mantiqan olganda, “hubbi” “hoʻp”dan hosil boʻlgan.
Bu birgina misol. Bunaqa soʻzlarni juda koʻp keltirish mumkin.
“Devonu lugʻotit turk” soʻz bilimdonligini oshiradigan, fikr beradigan asar. Bunday kitoblarni oʻqiganda katta zavq tuyasiz. Bu zavq sizni izlanishga, yozishga undaydi, ilhom bagʻishlaydi.
Orif Tolib
“Maʼnaviy hayot” jurnalining 2015-yil 2-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.