Gruziya Respublikasi

Gruziya Respublikasi

Maydoni: 69 700 kv.km.

Aholisi: 4 470 000 dan ortiq.

Poytaxti: Tbilisi (Tiflis) shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 2 ta muxtor respublika, 10 ta oʻlkaga boʻlinadi. Lekin Abxaziya va Janubiy Osetiya muxtor respublikalari amalda mustaqil.

Yirik shaharlari: Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Rustavi, Zugdidi, Gori, Poti, Suxumi, Sxinvali.

Pul birligi: lari.

 

Jugʻrofiy oʻrni. Gruzinlar oʻz yurtlarini “Sakartvelo” deb atashadi. Mamlakat hududi Old Osiyo, Yaqin Sharq va Qora dengiz sharqiy sohili – Kavkazortining gʻarbiy qismlarini qamraydi. Gruziya (Gurjiston) janubda Armaniston va Turkiya, janubi-sharqda Ozarboyjon va sharqda Rossiya bilan chegaradosh. Hozir Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruziya hukumati nazoratida emas, Rossiya va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo bir necha mamlakat ularni mustaqil deb tan olgan.

Gruziya tabiati xilma-xil. Hududi baland va oʻrtacha balandlikdagi togʻlar, tepalik, pasttekislik va yassitogʻlardan iborat. Mamlakat shimolini Katta Kavkaz (gruzincha Kavkasioni) deyishadi. Hududining eng baland nuqtasi – Shxara togʻi (5068 m.). Iqlimi salqin, moʻʼtadil. Turli foydali qazilmalari bor, maʼdanli suvlari dunyoga mashhur.

Tarixi. Gruziyaning juda qadim tarixi bor. Miloddan oldingi 2-ming yillikning oxirlarida gurji qabilalarining uyushmalari paydo boʻlgan. Miloddan oldingi VI asrda Kolxida, miloddan oldingi V–IV asrlarda Iberiya yoki Kartli podsholigi tashkil topadi. Shundan “Sakartvelo” (kartveli tilida gurji davlati) nomi kelib chiqqan. Milodning 523-yili Eron Iberiyani bosib olib, bu yerga oʻz noibini tayinlagan. Sosoniylar sulolasi inqirozga uchragach, Iberiya Eronga tobelikdan qutuldi va hokimiyat mahalliy hukmdorlar qoʻliga oʻtadi.

Milodiy VIII asr boshlariga kelib, mamlakatning deyarli hamma yerlari fath etiladi. VIII-X asrlarda Kaxeti, Tao-Klarjeti, Abxaziya podsholiklari vujudga keladi. Podsholiklar oʻrtasida boshlangan oʻzaro kurash X asrning ikkinchi yarmi va XI asr boshlarida Gruziya yerlari podsho Bagrat III (975–1014) boshchiligida yagona davlatga birlashishi bilan tugaydi. Georgiy III (1156–1184) va Tamara (1184–1213) podsholiklari davrida Gruziya mintaqadagi eng kuchli davlatlardan biriga aylanadi, siyosiy-iqtisodiy va madaniy ravnaqqa erishadi.

1226-yili mamlakatni xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi egallaydi. XIII asr ikkinchi choragida moʻgʻullar istilosi Gruziyaning siyosiy birligiga, xoʻjaligiga putur yetkazdi. XIV asr ikkinchi yarmida mamlakat hududi Sohibqiron Amir Temur saltanatiga kiritildi. XVI–XVIII asrlarda Gruziyaga Eron va Turkiya bostirib kiradi. Ichki kurash kuchayadi, natijada Gruziya bir necha mustaqil davlatga – Kartli, Kaxeti, Imereti podsholiklari va Samsxe, Guriya, Svaneti, Abxazeti knyazliklariga ajralib ketadi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan Kartli-Kaxeti davlati ancha kuchayadi. Irakliy II eng yirik knyazliklarni oʻziga boʻysundirib, davlatni qaytadan tiklash, xoʻjalik va savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish yoʻlida koʻp tadbirlar koʻradi.

XIX asrning ikkinchi yarmidan gruzinlarning milliy ozodlik harakati boshlandi. 1917-yili Birinchi milliy qurultoy saylagan Gruziya Milliy Kengashi 1918-yil 26-mayda mamlakatni mustaqil deb eʼlon qildi va Gruziya Demokratik Respublikasini tuzdi. 1919-yil martida Milliy Kengash taʼsis majlisiga aylantirildi. Respublika hukumati davlat chegaralarini belgiladi, gruzin tiliga davlat tili maqomi berildi. Konstitutsiya qabul qilindi. Biroq 1921-yil 25-fevralda Qizil Armiya Tbilisini ishgʻol qildi. Gruziya hukumati aʼzolari chet elga ketishga majbur boʻldi. Gruziya yana zabt etildi va bolsheviklar hukmronligi davrida 1922-yildan 1936-yilgacha Zakavkaziye Sotsialistik Federativ Sovet Respublikasi tarkibiga, 1936-yil 5-dekabrdan esa bevosita sobiq SSSR tarkibiga kirdi.

1990-yil oktyabrda Gruziya Oliy Kengashi mamlakatni “Gruziya Respublikasi” deb atash toʻgʻrisida qonun qabul qildi, davlat gerbi, bayrogʻi va madhiyasi oʻzgartirildi. 1991-yil 9-aprelda Gruziya davlat mustaqilligi tiklandi. Oliy Kengash prezident lavozimini taʼsis etdi. 1992-yil 11-oktyabrda boʻlib oʻtgan umumxalq saylovlarida Gruziya Respublikasi parlamentining yangi tarkibi va raisi, 1995-yil 5-noyabrda mamlakat prezidenti saylandi.

Gruziya – 1992-yildan BMT aʼzosi. 1993-yili MDHga qoʻshildi. Milliy bayrami – 26-may, Davlat mustaqilligi qayta tiklangan kun.

Iqtisodi. Sanoat va qishloq xoʻjaligi rivojlangan. Milliy daromadda sanoatning ulushi oʻrtacha 34 foiz, qishloq xoʻjaligining ulushi 29 foiz. Marganets rudalar, ferroqotishma, poʻlat quvur, elektrovoz, yuk avtomobillari, metall qirqish uskunalari ishlab chiqarish yetakchi tarmoqlardir. 2007-yili qishloq xoʻjaligi yalpi mahsulotining hajmi bir yarim milliard AQSH doʻllarini tashkil etgan. Choy va uzum yetishtirish ham rivojlangan. 2003-yili 25,5 ming tonna, 2008-yili 5,4 ming tonna choy yetishtirilgan. Qirq ming gektarga yaqin uzumzor bogʻ bor.

Temir yoʻllarining uzunligi 1612, avtomobil yoʻllarining uzunligi 20 ming kilometrdan ortiq. Portlarida yiliga oʻrtacha 24 milyon tonna yuk tashiladi.

Aholisi. Aholisining 83,7 foizi gruzinlar. Ozar, armani, rus, osetin, kurd, yunon, chechen va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Rasmiy tili – gruzin
tili. Aholisining ellik uch foizga yaqini shaharlarda yashaydi.

Dini. Aholining koʻpchilik qismi – 84 foizi nasroriylikning provaslaviye yoʻnalishida. Musulmonlar 9,9 foizni tashkil etishadi. Shuningdek, katoliklar, arman-apostol cherkovi, yahudiylik va boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchilar ham bor.

Mamlakatda Islom dini milodiy VII asr oxirlarida, VIII asr boshlarida yoyilgan. Ayrim hududlarda musulmonlar koʻpchilikni tashkil etadi. Islomni asosan ozar, chechen, mesxeti turklari, ajar va abxaz millatiga mansub aholi qabul qilgan. Hozir Gruziyada ikki yuzga yaqin masjid bor. Poytaxt Tbilisidagi yagona masjidni 1864-yili qozon tatarlari qurishgan.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2011

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.