Har narsada hikmat bor
Kema halokatidan faqat bir kishigina omon qoldi. Ummon toʻlqinlari uni kimsasiz orolga olib borib tashladi. U titrab-qaqshab Xudoga yolvordi, qutqarishini soʻradi.
Odam har kuni ufqlarga uzoq tikilib oʻtirar, biror qora koʻrinarmikan deb umid qilardi. Nihoyat bu ishdan zerikdi. Tunash va yirtqichlardan himoyalanish uchun turli shox-shabbalardan bir boshpana qurdi. Oradan kunlar oʻtdi. Bir kuni kechgacha oziq-ovqat qidirib yurdi. Ancha-muncha yegulik topib, horib-tolib qaytib keldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki… Uyi yonib, bir uyum kulga aylanibdi. Bu holdan uning yuragi gʻazab va alamga toʻldi:
– Ey Xudo, menda nima qasding bor!? – deb oʻkrab yubordi.
Ertasi kuni tongda uni sohilga yaqinlashayotgan kema tovushi uygʻotib yubordi. Kema bu yerga uni qutqarish uchun kelayotgandi.
– Bu yerda ekanimni qaydan bildinglar? – deb soʻradi u hayratlanib qutqaruvchilardan.
– Axir kecha oʻt yoqib ishora berding-ku! – deyishdi kemadagilar.
Orif Tolib tayyorladi.
“Maʼrifat” gazetasining 2015-yil 7-oktyabr sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.