Sehrli gʻijjak

Sehrli gʻijjak

Eski zamonda bir yosh juvon erini va kichik yoshdagi bolasini tashlab ketdi. Biroz vaqt oʻtgach, er boshqa bir ayolga uylandi, natijada bola oʻgay ona qaramogʻiga oʻtdi. Vaqti yetib, bola maktabga qatnay boshladi. Lekin oʻqishda omadi yurishmadi. Tengdoshlari orasida eng qologʻi u edi. Shu sabab otasi va oʻgay onasi uni haqoratlar, pastga urar, baʼzida kaltaklardi. Bundan uning oʻqishi battar yomonlashar, yomonlashgani sari ota-onaning zugʻumi yanada kuchayardi. Bu ketishda bola ogʻir vaziyatdan chiqa olmasligi aniq edi. Uni endi “tentak”, “aqli past” deb atay boshlashdi.

Oxir-oqibat kutilgan ish boʻldi. Ota oʻgʻlini maktabdan oldi, bir ustaga shogirdga berdi. Biroq bola shogirdlikni ham koʻngildagidek eplay olmadi. Qoʻli ishga qovushmas, landovurligi hammaning gʻashiga tegardi. Oilasidagilarning kutkulashlari yetmagandek, atrofidagilar ham uni tinimsiz turtkilardi. U ana shu achchiq hayotini yasharkan, bir zamonlar uni, oilasini tashlab ketgan onasidan bir xat keldi. Ona xatida oʻgʻlini juda sogʻinganini, bir lahza boʻlsin xayolidan chiqara olmaganini va qilmishlaridan afsusda ekanini yozgan, qayta-qayta uzr soʻragan edi. Maktubi bilan birga bir xalta ham joʻnatgandi. Uning ichidan gʻijjak chiqdi. Bola xatdan bir suyungan boʻlsa, sovgʻadan oʻn suyundi. Onasining unutib yubormagani uni cheksiz darajada baxtiyor etgan edi.

Lapashangligi bilan shuhrat qozongan bu bola tez orada gʻijjak chalishni oʻrgandi. Koʻp oʻtmay bu ishning hadisini oldi, koʻrganlar yoqa ushladi. Boshida otasi va oʻgay onasi, keyin boshqalar ham gʻijjak sehrli ekan degan xulosaga keldi. Bundan oʻzgacha boʻlishi aqllariga sigʻmasdi. Bola esa cholgʻuchilikda borgan sari usta boʻlib borar, gʻijjakni goʻyo gapirtirib yuborardi. Hamma bu ishning siri nimada ekanini bilishga qiziqardi. Bir kuni shaharda yashaydigan bir donishmandning huzuriga borib, bola haqida gapirib berishdi. Biror narsani uddalay olmagan bir bola qanday qilib bunday darajaga yetishganini, gʻijjakda biror sir bor-yoʻqligini soʻrashdi. Qariya donishmand shunday dedi:

– Gʻijjakda sizlar oʻylagandek biror-bir sir yoʻq. Bola ham sizlar oʻylagandek qobiliyatsiz emas. Biroq boshida onasi uni unutib yuborganiga ishongan bola oʻqishda ham, ustaga shogird tushganda ham omadsizlikka yuz tutdi. Unutilish juda ogʻir narsa. Butun qobiliyatlarni yoʻqqa chiqaradi. Ammo bola vaqt oʻtib onasi uni esdan chiqarmaganini, uni yaxshi koʻrishini angladi va qobiliyatlari jonlandi. Bunda hech qanday sir-sinoat yoʻq.

 

Orif Tolib

 

“Maʼrifat” gazetasining 2015-yil 7-oktyabr sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.