Hazrat Abu Talha Zayd ibn Sahl
Abu Talha (roziyallohu anhu) Islomni qabul qilgach, Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan hamisha birga boʻldi. U Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) jonidan ortiq koʻrar, u zotga xizmat qilishni sharaf deb bilardi. Huzuri oliylarida tiz choʻkib oʻtirardi. Bu samimiy sahobiy barcha janglarda qatnashdi. Uhud kuni eng ogʻir damlarda ham Paygʻambarning (alayhissalom) yonidan nari ketmadi. “Jonim joningiz uchun fido, yuzim yuzingiz uchun qalqondir, yo Rasululloh!” deya himoyaga kirishdi.
U uyida ham ovqatini yolgʻiz yeyishni istamas, Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) xabar yoʻllab, u kishini taklif etardi. Paygʻambarimiz (alayhissalom) bot-bot uning uyiga tashrif buyurar, Ummu Sulaym tayyorlagan taomdan yer, oʻsha yerda uxlab dam olar edilar. U paytlari kichik yoshda boʻlgan Anas (roziyallohu anhu) oʻsha saodatli damlarni shunday xotirlaydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uyimizga tez-tez kelib turardilar. Biz bolalarni juda yaxshi koʻrar, erkalardilar. Alohida eʼtibor qaratar, latifalar aytib vaqtimizni chogʻ qilar edilar. Biz bilan birga namozga turardilar, biz u kishining ortida saf boʻlib namozni ado etardik”.
Ana shunday kunlarning birida Abu Talhaning uyida yana ajoyib bir taom pishirildi. Onasi Anasni Paygʻambarimizni (alayhissalom) dasturxonga taklif etish uchun joʻnatdi. Bu payt Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sufa ahli bilan masjidda oʻtirgan edilar. Anasning kelishidan mehmonga chaqirilganini anglagan Paygʻambarimiz (alayhissalom) yetmish chogʻli asʼhobi bilan Abu Talhaning uyiga qarab yoʻl oldilar. Bir dunyo odamga koʻzi tushgan Abu Talha nima qilarini bilmay shoshib qoldi. Shunda ayoli Ummu Sulaym: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bor joyda tashvishga oʻrin yoʻq!” deya uni tinchlantirdi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) taomning barakali boʻlishini soʻrab duo qilganlaridan soʻng, asʼhoblarni guruh-guruh qilib dasturxon atrofiga oʻtqazdilar. Hamma toʻygunicha yeb oʻrnidan turdi. Lekin bu paytda yana shuncha kishiga yetarli ovqat ortib qolgandi.
Abu Talha madinalik musulmonlar orasida eng koʻp bogʻi bor kishi edi. Uning “Bayruha” nomli bogʻi Masjidun Nabaviyning qarshisida joylashgandi. Bu bogʻ xurmolari, uzumlari va shirin suvi bilan mashhur edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yerga tez-tez kelar, bogʻdagi suvdan ichardilar. Abu Talha “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar” (Oli Imron, 92) oyati nozil boʻlganini eshitgach, toʻgʻri Paygʻambarimizning (alayhissalom) oldilariga bordi va mana shu bogʻini Alloh roziligi uchun ehson qilganini, undan istalgan maqsadda foydalanish mumkinligini aytdi. Uning bu ishidan mamnun boʻlgan Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) bogʻni qarindoshlariga ehson qilishini buyurdilar. Abu Talha tillarda doston boʻlgan bu bogʻni amakivachchalariga berdi.
U asʼhob orasida jasorati, mardligi va ayniqsa baland ovozi bilan ajralib turardi. Shu sababli ham Paygʻambarimiz (alayhissalom): “Abu Talhaning askarlar orasidan bergan tovushi yuz kishidan koʻra yaxshiroqdir”, deya lutf qilganlar.
Abu Talha har qanday xizmatga hoziru nozir edi. Madinada qabr qazishni ham zimmasiga olgandi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) olamdan oʻtganlarida qabrlarini tayyorlash sharafi Abu Talhaga nasib etdi.
Paygʻambarimiz (alayhissalom) vafotlaridan keyin u kishini jonidan ortiq koʻrgan boshqa sahoblar kabi Abu Talha ham bu ayriliqqa chidolmadi, Shom taraflarga bosh olib ketdi. Uzoq vaqt oʻsha yerda qoldi. Koʻnglidagi hasratni ketkazish va Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) muborak qabrlarini ziyorat etish uchun hazrat Umar (roziyallohu anhu) shahid boʻlishidan oldinroq Madinaga keldi. Dunyodan koʻngil uzib, toat-ibodat bilan mashgʻul boʻldi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) unga qattiq ishonardi. Shu bois ham xalifa tanlashga masʼul boʻlgan shoʻro majlisining eshikogʻasi lavozimini Abu Talhaga topshirdi. Unga musulmonlar amiri tayinlanishiga qadar xavfsizlikni taʼminlash va uch kun muddat ichida xalifa saylashni tashkil etish vazifasi yuklatildi. U esa bu topshiriqni butun vujudi bilan berilib ado etdi. Ansordan ellik kishi bilan birga eshikni qoʻriqladi va uch kun ichida xalifa saylanishiga koʻmakchi boʻldi.
Abu Talhaning yoshi bir joyga borib qolganda Rumga yurishga hozirlik boshlandi. U ham safarga chiqdi. Biroq yoʻlda kemada xastalandi va biroz vaqt oʻtib foniy dunyoni tark etdi. Bu voqea milodiy 654-yili yuz berdi. Yetti kun mobaynida quruqlikka yetisholmaganlari sababli Abu Talhani dafn etisholmadi. Biroq bu fursat ichida jasad umuman buzilmadi.
Abu Talha (roziyallohu anhu) 92 ta hadis rivoyat qildi. Ulardan birini oʻzi shunday hikoya qiladi: “Bir kuni Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirdim. Juda xursand edilar, yuzlariga tabassum yugurgandi. Sababini soʻraganimda: “Ey Abu Talha, axir qanday qilib mamnun va masrur boʻlmay! Biroz oldin Jabroil (alayhissalom) keldi. Ummatimdan kim menga bir bor salovat va salom yoʻllasa, Alloh taolo va malakalar unga oʻn salovat va salom yoʻllashidan mujda berdi”, dedilar u zot (sollalohu alayhi va sallam)”.
Alloh Abu Talhadan (roziyallohu anhu) rozi boʻlsin!
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimida (2014-yil 3-chorak) chop etilgan.