Himmati baland odam

Himmati baland odam

Inson hayotining eng qiyin va esda qolarli davri mustaqil hayotga qadam qoʻyish pallasidir. Xoh oʻn besh, xoh qirq yoshda boʻling, oʻz yoʻlingizni boshlash qiyin kechadi. Atrofdagilarning yordami, daldasiga har doimgidan muhtojroq boʻlasiz. Ustoz deganda koʻz oʻngimda meni ana shu mustaqil hayotga tayyorlagan, dadil qadam tashlashimga koʻmakchi va xayrixoh boʻlgan insonlar gavdalanadi. Shunday fidoyi, bagʻrikeng ustozlarimdan biri fargʻonalik jurnalist Otabek Rahmonov edi.

Otabek aka oliy taʼlimdan soʻng bir necha yillar markaziy matbuotda ishlagan, rahbarlarining Toshkentda qolish haqidagi qatʼiy tavsiyalarini rad etib, oilaviy sabablar bilan oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqqa qaytgandi. Bir gal bu qaroridan aslo afsuslanmasligini, markazda ishlab, nom qozonib, biror nashrning muharriri boʻlib yurish imkonini boy bergan boʻlsa-da, ota-onasiga eng qiyin paytda tirgak boʻla olganidan baxtiyorligini aytgandi. Men bu gaplar samimiyligiga chin dildan ishonganman. Chunki Otabek Rahmonov salohiyatini qishloqda turib ham namoyon eta olgandi. U kishi tashkil etgan “Ovoza” gazetasi dastlab oʻz tumani Buvaydada, soʻng yon-atrof tumanlarda, keyinchalik butun Fargʻona, vodiy viloyatlari va nihoyat respublikada tarqaldi. Qudratli muassisi yoʻq, buguni va ertasi obunachiyu muvaqqat xaridorlarga bogʻliq xususiy nashrni yigirma ming adadda chop etish bugun ham oson ish emas. Otabek aka davrning nafasini ichdan his qilar, gazetxonlarning qiziqishlarini yaxshi payqay olar edi. Shu bilan birga gazeta sahifalarini oldi-qochdi materiallar bilan toʻldirmas, saviyaga eʼtibor berardi. Oʻzimcha, u kishi internet tobora keng quloch yozayotgan bugungi kunda ham gazetasini rivojlantirish yoʻlini topgan boʻlardi, deb oʻylab qolaman.

Otabek Rahmonov bilan oʻninchi sinfni tugatgan paytlarim tanishganman. Ungacha mashqlarimni xat orqali joʻnatar, maydaroq maqolayu sheʼrlarim, tuzgan skanvordu krossvordlarim gazetada bosilib turardi. Otabek aka meni ochiq chehra va ochiq koʻngil bilan kutib oldi. Samimiy, dildan suhbatlashdik. Shundan soʻng gazeta tahririyatiga borib turadigan, koʻproq yozib-chizadigan boʻldim. “Ovoza”da men singari havaskorlarning mashqlariga doim oʻrin ajratilar, ora-sira kutganimizdan koʻproq qalamhaqi ham berilardi. Mayda-chuyda choychaqalarni hisobga olmaganda, umrida pul topmagan oʻquvchi bolaning quvonchini tasavvur qilavering!

Maktabni tugatib, imtihonga tayyorlanayotgan paytimiz Otabek aka jurnalistikaga havasmand yoshlarni yigʻib, tavsiya-maslahatlar berdi. Suhbat soʻngida: “Hammalaring grantga kiringlar, mabodo kontraktga tushsalaring, koʻngilni choʻktirmanglar. Men yordamlashaman!” dedi. U kishi hammamizga yordam bera olmasligini sezsak-da, bunday qoʻllov ruhimizni koʻtardi, xuddi oʻqishga kirgandek xursand boʻlib tarqaldik. Ammo mening xursandchiligim uzoqqa choʻzilmadi. Oʻsha yili xalqaro jurnalistika fakultetining qabul kvotalari keskin kamaytirildi, ustiga-ustak ikki nafar imtiyozli abituriyent grantdagi oʻrinni band etdi va kamina toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinganlar safining peshqadamlaridan boʻldim. Qishloqqa ancha tushkun kayfiyatda qaytdim. Shartnoma asosida oʻqishga imkon deyarli yoʻq edi. Koʻrgan-bilganlar talaba boʻlganim bilan tabriklar, bu esa ichimdagi ogʻriqni yanada kuchaytirardi.

Bu yilcha gazetada ishlab yurib, yana tayyorlansam-chi, degan fikr ham yoʻq emasdi. Lekin Otabek aka bu fikrimni maʼqullamadi. Oʻqing, rizqni Alloh beradi, pul topiladigan narsa, dedi u kishi. Soʻng topgan-tutganini yigʻishtirib, qoʻlimga yuz ming soʻm pul berdi. Bu oʻsha davrda bir yillik shartnoma pulining choragi edi. Ana shu moddiy koʻmak meni Toshkentga yetaklab keldi. Keyin turli grantlar yutdim, ishlab pul topdim, gazetaga tayyorlagan materiallarimni Otabek aka yana ragʻbatlantirdi, xullas, oʻqishni byudjetda oʻqiganday tamomladim, oilamga ogʻirligim deyarli tushmadi. Yaxshilikka munosib javob qaytaray deb “Ovoza”ga maqolalar, suhbatlar, boshqotirmalar tayyorlar, qarzimni uzay degan harakatda edim. Bu davr men uchun “Jurnalistni oyogʻi boqadi” degan qoidani oʻzim amalda koʻrgan, material yigʻish va odamlar bilan muloqot qilish koʻnikmasini shakllantirgan davr boʻldi.

Otabek akaning xayrixohligi, moddiy koʻmagi ortida biror-bir tama yoki gʻaraz yoʻq edi. U kishi bir gal yordamlardan xijolat boʻlayotganimni sezib: “Siz mehnat qilyapsiz, biz esa mehnatingizga yarasha, balki undan ozroq haq beryapmiz. Bizga ham ustozlar vaqtida shunday dalda boʻlishgan, siz ham payti kelib boshqalarga qaytarasiz”, degandi. Oʻzidan koʻra birovlarning tashvishini koʻproq chekadigan, yuzi ajin toʻla bu kishi bilan yarim soat suhbatlashgan odamning gʻami tarqar, chehrasiga halovat yoyilardi. Himmati yuksak bu insonning  nekbin kayfiyati sizga ham birpasda yuqardi. Ammo mana shu bagʻrikenglik, qalbikenglikni suiisteʼmol qilganlar ham koʻp boʻldi. Kerakli-keraksiz dardu tashvishlar oxir-oqibat Otabek akaning sogʻligʻiga taʼsir koʻrsatdi. Lekin u ana shu xasta holida ham tinmadi, gʻussayu tashvishlarni pisand qilmay ishlayverdi. Bugun shularni eslab, oʻzimcha xulosa qilaman: odam begona-ku nari tursin, hatto oilasi, yaqinlari uchun ham bor-budini bagʻishlab yubormasligi kerak ekan. Ozroq oʻzini ham oʻylashi kerak ekan.

Kasallik oʻz soʻzini baribir aytdi. Otabek aka toʻshakka mixlanib qoldi. U kishini soʻnggi bor uylariga yoʻqlab borganimda ozib-toʻzib ketgan, lekin ruhi hali ham bardam edi. Xonasida kitoblar, gazeta-jurnallar turar, shu holida oʻqish qanday
koʻngliga sigʻyapti ekan-a, degan gap oʻtgandi xayolimdan. Otabek aka matbuotdagi chiqishlarimni kuzatib borayotganini aytib, alqadi, “Koʻproq yozing, samimiy yozing, odamlar yaxshi narsaning qadriga yetadi”, dedi.

Shu payt u kishini birdan ogʻriq tutib qoldi, yuzlari shu qadar burishib ketdiki, dard qanchalik kuchliligini ichdan his etdim. Men va hamrohim nima qilishni bilmay dovdirab qoldik, Otabek aka qoʻllari bilan xijolat boʻlmanglar, oʻtib ketadi, deganday ishora berdi. Haqiqatan, birozdan soʻng, ogʻriq chekindi. “Shunaqa xuruj qilib turadi, oʻzi. Eʼtibor bermanglar. Bahodirjon, dorilarim tugab qolgandi. Dorixonaga borib kelmaysizmi?”, dedi u kishi. Sherigim tezda mashinasiga oʻtirib, markazga yoʻl oldi. Biroq hadeganda kelavermadi. Shu orada yana bir necha bor dard zoʻraydi. Otabek akadek irodali odam ham toqatsizlanib ketdi, ikki-uch bor: “Nega qolib ketdi ekan? Haliyam kelmadimi?!” dedi ingroq aralash. Bedavo xastalik devdek odamni ham yengib tashlashini oʻshanda oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

Oradan bir muddat oʻtgach, “Otabek aka vafot etibdi”, degan xabar keldi. Ichim muzlagandek boʻldi. Otadek mehribon, gʻamxoʻr bu inson adoqsiz tashvishlaru mislsiz azoblarni tashlab, mangu safarga yoʻl oldi. Bugun u kishini eslasam, yuragimda armon qalqiydi, peshonasida ajinga joy qolmagan kengfeʼl bu insonning suhbatlarini sogʻinaman.

Otabek akaga oʻxshash insonlarning oʻrni hamisha bilinadi. U kishi singari fidoyi, mard, yorugʻ dilli odamlar bilan siz ham hamsuhbat boʻlganingizga, ularning mehri-koʻmagini his qilganingizga ishonaman. Chunki hayot ularsiz kemtik boʻlib qoladi. Bizni mustaqil hayotga yoʻllagan, yaxshiligini ayamagan marhum ustozlarimizning oxirati obod boʻlsin.

 

Orif Tolib

2019-yil 15-sentyabr

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube