Ijtimoiy tarmoqlarning foydalari
Axborot asrida zamonaviy texnologiyalar hayotimizga tobora koʻproq kirib boryapti. Bugun hatto bogʻcha tarbiyalanuvchisi ham mobil telefondan, undagi ilovalar va internetdan foydalanishni oʻrganib olyapti. Kattayu kichik orasida internetdan foydalanuvchilar, vaqtini koʻproq u bilan oʻtkazuvchilar ortyapti. Kelajak hayotni internet va hali kashf etilmagan yuqori texnologiyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Toʻgʻri, ular ijobiy va salbiy xususiyatlarga ega. Biroq yuksak texnolgiyalardan unumli foydalanmaslik yoki yoshlarga olaboʻji qilib koʻrsatish faqat va faqat zarar keltiradi, xolos.
Yuqoridagi fikrlar ijtimoiy tarmoqlarga ham tegishli. Internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham oltin qoidaga – meʼyorni unutmaslik shartiga amal qilish zarur. Keling, ularning ijobiy jihatlari haqida mushohada yuritamiz.
- Izlash va muloqotdagi qulaylik.
Ijtimoiy tarmoqlarda video, audio, surat, biror-bir shaxs yoki maslakdoshlarni topish juda oson. Bunday saytlarda foydalanuvchilar roʻyxatdan oʻtish chogʻi koʻpincha ismi sharifi, tugʻilgan vaqti, yashash manzili, oʻqigan, ishlagan joylari va ayni damdagi faoliyati haqida maʼlumotlar kiritadi. Bu maʼlumotlar aloqalari uzilgan sinfdoshlar, kursdoshlar va tanish-bilishlar bir-birlarini topishlariga yordam beradi.
Yaqinlar bilan bogʻlanish oson va qulay. Juda koʻp ijtimoiy tarmoqlar va ularning mobil ilovalari orqali yozma, tovushli va tasvirli shaklda muloqot qilish mumkin. Bundan tashqari, aloqa xizmatlari juda arzon. Dunyoning narigi chekkasi bilan yoki qoʻshni shahar-qishloqlar bilan bogʻlanish bir xil – choʻntakbop narxda. Bunday qulaylik oddiy aloqa vositalarida yoʻq.
- Axborot topish va almashishdagi yengillik.
Ijtimoiy tarmoqlarda biror mavzudagi axborotni yengillik bilan topish mumkin. Deylik, salomatlik sohasiga qiziqqan kishi ayni shu yoʻnalishdagi kanal va guruhlarga aʼzo boʻlishi mumkin. Turli sohalarda maslahatlar olish, kerakli bilim va tasavvurlar hosil qilish imkoniga ega.
Ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa messenjerlar axborot almashishda juda katta qulayliklar berdi. Turli shakldagi axborotlarni uzatishni keskin osonlashtirib yubordi. Yuborilgan maʼlumotlar messenjerlarning oʻzida saqlanishi sababli interneti bor istalgan joyda ulardan foydalanish mumkin, hatto oʻz qurilmangizdan oʻchirib yuborgan boʻlsangiz ham.
Bugun ilgʻor oʻqituvchilar ijtimoiy tarmoqlarning ana shu xususiyatidan ustalik bilan foydalanishyapti.
- Shaxsiy tarbiya, oʻz-oʻzini rivojlantirish vositasi.
Ijtimoiy tarmoqlarning eng maqtovli, ahamiyatli jihatlaridan biri – ilm olish, kasb-hunar oʻrganishdagi beqiyos yordamidir. Kundalik turmushda duch kelinadigan turli yumushlarni bajarishni ham internet, xususan ijtimoiy tarmoqlar yordamida oson oʻzlashtirish mumkin. Oddiy misol, ayollar bichish-tikish yoki pazandalik sirlarini Youtube tarmogʻidagi kanallardan bemalol oʻzlashtira oladi.
Zamonaviy matematika, dasturlash, iqtisodiyot asoslari, psixologiya, chet tillar kabi bugunning eng dolzarb, talab yuqori boʻlgan fan yoʻnalishlari boʻyicha ham istalgancha videodarslar, qoʻllanmalar topish mumkin. Virtual auditoriya uchun tashkil etiladigan onlayn darslarda qatnashsa boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqlar arzon va bepul taʼlim olish uchun imkoniyat eshiklarini juda keng ochgan.
Bu nafaqat ilm olish, balki ilm tarqatishda ham qoʻl keladi. Turli soha mutaxassislari oʻz pedagogik mahoratlarini namoyish etishi, virtual oʻquvchilar yigʻishi mumkin. Ular kun kelib bu mutaxassisning hayotdagi real talabalariga aylanishi ehtimoli ham yuqori. Bundan tashqari, obunachilari koʻp va videolari namoyishi yuqori kanal egalari reklama orqali qoʻshimcha daromadga ega boʻla oladi. Jahonda ayni shu yoʻnalishda millionerga aylangan bloger va vlogerlar juda koʻp.
- Biznes yuritishda beminnat yordamchi.
Bugun juda koʻp savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanyapti. Elektron tijorat rivojlangan dunyoda keng tarqalgan.
Bugun birgina telegram orqali ishbilarmonlik faoliyatini misli koʻrilmagan darajada yuksaltirib yuborayotganlar talaygina.
Baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda esa reklamani tanlangan yoki kerakli auditoriyaga yetkazish imkoni bor. Buni foydalanuvchining qiziqishlarini hisobga olib tarmoqning oʻzi algoritmlar asosida bajarishi mumkin.
- Turli ijtimoiy aksiyalar va yordamlar
Ijtimoiy tarmoqlarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolganlar, yetim-yesirlar, nogironlar, bir soʻz bilan aytganda moddiy-maʼnaviy himoyaga muhtoj qatlamga yordamlar uyushtirish mumkin. Bu ayniqsa soʻnggi yillarda tobora keng quloch yoyyapti. Mana shunday koʻmaklar koʻplab kishilarning dardiga malham boʻlayotgani haqida ommaviy axborot vositalari tez-tez xabar berib turibdi.
Yordam aksiyalaridan muhtojlarning oʻzigina foyda topmaydi. Balki xayr-ehson qilgan, birovga yordam qoʻlini choʻzgan kishi ham maʼnaviy-ruhiy poklanadi, hayotga muhabbati, gʻayrat-shijoati ortadi.
- Ijodkorlar va boshqa soha vakillari uchun keng maydon
Qalam ahlini ijodi tanitadi. Baʼzida boshlovchilar, hatto tajribali jurnalistlar uchun ham bosma yoki elektron nashrlardan “joy tegmay qolishi” mumkin. Chunki har bir nashr oʻz talabiga, qiziqishiga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar esa jurnalist va blogerlar uchun katta maydon ochib beradi. Har kim oʻz imkoni va iqtidoriga, harakati va hafsalasiga qarab obunachi yigʻishi mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi bilan ham ustun. Ayni damdagi voqea-hodisa haqida oʻsha zahoti yoki toʻgʻridan-toʻgʻri xabar berish mumkin. Ularni yuritish uchun juda katta texnik malaka ham talab etilmaydi.
Bu imkoniyat nafaqat ijodkorlar, balki boshqa soha vakillari uchun ham. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda bir necha oʻn minglab obunachilariga ega huquqshunoslar, shifokorlar, ilm ahli, oshpazlar va boshqalarning kanallari faoliyat yuritadi. Bu oʻz-oʻzini namoyon etish, tanilish va muvaffaqiyat qozonish uchun qulay yoʻldir.
Bundan tashqari, fikrlarini yozma ifoda etib borish kishining aqliy salohiyati oʻsishiga ham turtki beradi.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Irfon” taqvimining 2019-yil 3-sonida chop etilgan.