Ikki qadam

Sen kelding, koʻzlardan gʻubor aridi,
Oʻtli shavq uygʻondi qushlar sozida.
Osmon tiniq tortdi, qorlar eridi,
Gullar naqshlandi muzning yuzida.
Sen ketding, qolmadi hayotda ohang,
Toʻrt fasl olamdan koʻzlarim toldi.
Temir bardoshimni qoplab oldi zang,
Yurak yozgi qirday qovjirab qoldi.
Orif Tolib
2007

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.