Ilm bilan dunyo topgan milliarder

Ilm bilan dunyo topgan milliarder

Amerikalik tadbirkor va jamoat arbobi Bill Geyts nomi butun dunyoga mashhur. Uning asl ismi Uilyam Genri Geyts III. 1955-yilning 28-oktyabrida yirik advokat Uilyam Genri Geyts II oilasida dunyoga keldi. Sietldagi eng yaxshi maktablardan birida oʻqidi. U yerda dasturlash tilini puxta oʻrgandi, tajribasini oshirib bordi. Maktabda oʻzi keraksiz deb hisoblaydigan grammatika, jamiyat boshqaruvi va boshqa ayrim fanlarni yaxshi oʻzlashtira olmadi, lekin matematikadan “aʼlo” baholarga oʻqidi. Billdagi gʻalati feʼl-atvor ota-onasi va oʻqituvchilarini tashvishga solardi. Shu sabab boshlangʻich maktabni tugatayotganida uni ruhshunosga koʻrsatishdi. “Men kompyuter jinnisiga aylangandim. Jismoniy tarbiya bilan umuman shugʻullanmasdim. Yarim kechagacha kompyuter sinfida oʻtirar, dam olish kunlari ham dasturlash bilan ovora boʻlardim. Haftaning yigirma-oʻttiz soatini oʻsha yerda oʻtkazardim. Doʻstim Poll Allen bilan birga parolni oʻgʻirlab, tizimni buzganimiz uchun kompyuterni ishlatishdan mosuvo etilganmiz. Butun yoz kompyutersiz qolganman. Oʻshanda oʻn besh-oʻn olti yoshlarda edim”, deb eslaydi Geyts oʻsha paytlar haqida.

1973-yili Bill Harvard universitetiga oʻqishga kirdi, biroq ikki yildan keyin oʻqishdan haydaldi. Shu vaqtdan eʼtiboran u kompyuter dasturlari yaratish bilan shugʻullana boshladi.

1975-yili maktabdosh doʻsti Poll Allen bilan birga “Micro-Soft” kompaniyasiga asos soldi, bu kompaniya keyinchalik “Microsoft Corporation” nomi bilan butun dunyoga dong taratdi.

1994-yilning 1-yanvarida Melinda Frenchga uylandi. Hozir ularning uch nafar farzandi bor – Jennifer Katarin, Rori Jon va Fibi Adel.

1994-yili Leonardo da Vinchi asarlari toʻplami – “Codex Leicester”ni sotib oldi. Bu nodir asarlar hozir Sietldagi Sanʼat muzeyida koʻrgazmaga qoʻyilgan.

2004-yili avtomobil, boʻyoq ishlab chiqarish va toʻqimachilik sanoati korxonalarini oʻzida birlashtirgan yirik kompaniya – “Berkshire Hathaway” kengashiga aʼzo boʻldi.

2005-yili Britaniya iqtisodiyoti va dunyoda qashshoqlik darajasini pasaytirish ishiga qoʻshgan hissasi uchun Britaniya Imperiyasi ritsar-komandori ordeni bilan taqdirlandi. Shu yili Amerikaning “Taym” jurnali Bill va uning xotini Melinda Geytsni “Yil qahramonlari” deb eʼlon qildi.

Beshikdagi bolaning bek boʻlishin kim bilar degan maqol bor xalqimizda. Bir paytlar talabalikka munosib topmay Billni oʻqishdan chetlatgan Harvard universiteti maʼmuriyati 2007-yil 7-iyunda uni ushbu oʻquv dargohining bitiruvchisi deb hisoblash haqida qaror qabul qildi.

2008-yil 7-yanvarda “Microsoft” korporatsiyasi boshqaruvchisi lavozimidan ketib, faoliyatini xayriya ishlariga yoʻnaltirishini maʼlum qildi. Iyulda esa korporatsiyadagi doimiy ishidan mutloq ketib, oʻzi va xotini birgalikda tuzgan “Bill va Melinda Geyts jamgʻarmasi” xayriya tadbirlariga rahbarlik qila boshladi. Shunga qaramay u firmasidan butkul ketgani yoʻq, amaliy ishlarga aralashmasa-da, Direktorlar kengashi raisi lavozimida, maxsus loyihalarga rahbarlik qiladi. Korxona aksiyalarning katta qismi – 8,7 foizi unga tegishli.

Geyts juda oddiy va kamtar hayot kechiradi. Uyining asosiy qismini zamonaviy elektronika asbob-uskunalari egallagan. Shaxsiy kutubxonasining shiftiga Frensis Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi” romanidan olingan iqtibos yozib qoʻyilgan.

Mashhur ishbilarmonning 1995-yili “Kelajakka qadam” va 1999-yili “Tasavvur tezligidagi biznes” nomli kitoblari bosilib chiqqan. Har ikki kitob ham axborot texnologiyalari, biznesni boshqarish va taʼlim tizimini yangilashda axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalarga bagʻishlangan. “Tasavvur tezligidagi biznes” kitobi yigirma beshta tilga tarjima qilingan va dunyoning oltmishdan ortiq mamlakatida sotuvga chiqarilgan. Juda koʻp tanqidchilarning ijobiy bahosini olgan, yuqori adadlarda sotilgan. Uning oʻzi haqida ham bir necha kitoblar yozilgan, filmlar suratga olingan. Ularda dunyoning yetakchi milliarderlaridan birining hayot yoʻli, oʻy-fikrlari haqida hikoya qilinadi.

Bill Geyts 1996 – 2007-yillar mobaynida va 2009-yili “Forbes” jurnali hisob-kitoblariga koʻra sayyoramizning eng boy odami deb topilgan. 2009-yil sentyabrda uning mablagʻlari va mulki ellik milliard dollar deb baholangan. Bu mashhur tadbirkor xayriya ishlariga pul ajratish boʻyicha ham yetakchi. 1994 – 2010-yillar mobaynida “Bill va Melinda Geyts jamgʻarmasi”ga yigirma sakkiz milliard dollardan koʻproq mablagʻ  bergan. 2010-yil fevralida esa barcha milliarderlarga murojaat bilan chiqib, boyliklarining yarmini xayriya ishlariga sarflash fikrini ilgari surdi. Bir qiziqarli maʼlumot: ezgulik ishlariga qoʻrqmay, ayamay pul ishlatadigan bu tadbirkor har daqiqada  6659 dollar pul topadi.

 

Bill Geytsning fikrlaridan

  • Biz hamisha yaqin ikki yil ichida yuzaga chiqadigan yangiliklarga ortiqcha baho beramiz, oʻn yillar ichida boʻladiganiga esa unchalik eʼtibor qaratmaymiz.
  • Yaxshi boshqaruvchi-menejerning eng muhim belgisi – har qanday noxush xabarni tik turib qarshi ola bilishidir. U mashaqqatlarni oʻzi izlab topib yengadi, qiyinchiliklardan qochmaydi. Yaxshi boshqaruvchi oldin nima yomon ekanini aniqlashtiradi, bundan keyingina yaxshisi haqida oʻylaydi.
  • Elektron ensiklopediyalar mashhurlik borasida oʻz ajdodlari – bosma nusxalaridan ancha oldinlab ketdi.
  • Butun dunyoda – eski garajlarda ham, ilmiy-tadqiqot institutlarida ham hamisha raqobat ketadi.
  • Menga ajoyib davrlar kelganday tuyuladi. Oldin moʻʼjiza sanalgan ishlarni amalga oshirish uchun hech qachon bunchalik qulay vaqt boʻlmaganday.
  • Isteʼdodli odamlar salohiyati oʻziga oʻxshash kishilar bilan ishlashni istaydi.
  • Aqlli odamlarni ishga jalb etish va ularni ushlab turish uchun boshqa aqlli odamlar bilan muloqot qilishlariga imkoniyat yaratib berish kerak.
  • Gʻoyasining ustidan kimdir kulmasa, odam oʻz ishiga yetarlicha ijodiy yondashmaydi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2012

 


“Gulxan” jurnalining 2012-yil 10-sonida “1 daqiqada 6659 dollar” sarlavhasi bilan chop etilgan.


Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.