Irlandiya Respublikasi
Maydoni: 70273 kv.km.
Aholisi: 4 470 000 dan ortiq.
Poytaxti: Dublin shahri.
Tuzumi: parlamentar respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 4 ta tarixiy viloyat, 26 ta graflikka boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Dublin, Kork, Limerik.
Pul birligi: evro (1999-yilgacha irlandiya funti).
Jugʻrofiy oʻrni. Atlantika okeani janubi, Gʻarbiy Ovrupa mintaqasida joylashgan. Irlandiya orolining asosiy qismini egallaydi. Mamlakat nomi irlandcha “éire” – davlat soʻzidan olingan. Yer yuzasining yarmidan koʻpini Markaziy tekislik egallagan, bu tekislikda tepalar va past togʻlar bor. Tepalar, asosan, qumtoshlardan, past togʻlar ohaktoshlardan iborat. Ohaktoshli yerlarda turli ungur va gʻorlar, yer osti daryo va koʻllari uchraydi. Chekka qismlarida past va oʻrtacha balandlikdagi togʻlar bor. Mamlakat janubi-gʻarbidagi Kerri togʻi Irlandiyadagi eng baland togʻ boʻlib, yuqori choʻqqisi 1041 metrni tashkil etadi.
Iqlimi – moʻʼtadil okean iqlimi, ob-havosi beqaror, seryomgʻir, tuman koʻp tushadi, tez-tez shamol esadi. Yanvardagi oʻrtacha harorat 5–8 daraja, iyulniki – 14–16 daraja. Irlandiyada daryo, koʻl va botqoqlik koʻp. Daryolari sersuv, muzlamaydi. Yirik daryosi – Shannon.
Irlandiyaning koʻp qismi torfli yalangliklar, oʻtloqlar. Oʻtloqlari hamisha koʻm-koʻk boʻladi.
Tarixi. Irlandiya hududida odamlar miloddan oldingi VI mingyillikdan buyon yashaydi. Miloddan oldingi IV asrda kelt qabilalari koʻchib kelib mahalliy aholi bilan qoʻshilib ketgan. Irlandiyaga normandlar, ingliz-normand qoʻshinlari bir necha bor hujum qildi. XIV–XVII asrlarda irland xalqi ingliz mustamlakachilariga qarshi keskin kurash olib bordi. Ammo milliy irland davlati paydo boʻlishiga inglizlar qarshilik koʻrsatdi. XVIII asr oxirida irland vatanparvarlarining bosqinchilarga qarshi koʻtargan qoʻzgʻoloni bostirilib, 1801-yil 1-yanvarda «Uniya haqida akt» eʼlon qilindi. Shundan keyin Angliya oʻz parlamentidan Irlandiya vakillariga bir necha oʻrin berib, Irlandiya parlamentini bekor qildi. XIX asr mobaynida irland xalqi mustamlakachilarga qarshi kurashni toʻxtatmadi.
1919–21 yillardagi partizanlar urushi natijasida 1921-yil dekabrda tuzilgan Angliya –; Irlandiya bitimiga muvofiq Irlandiyaning janubiy qismi mustaqil deb eʼlon qilindi va Angliya nazoratidagi davlat huquqini oldi. 1937-yilgi yangi konstitutsiyada Irlandiya «Eyre mustaqil davlati» deb eʼlon qilindi. Garchi 1949-yili Irlandiya mustaqil respublika deb eʼlon qilingan boʻlsa ham mamlakatning shimoliy qismi (Olster)da mustamlakachilar hukmronligi saqlanib qoldi.
1985-yilgi bitimga koʻra, Shimoliy Irlandiyaga taalluqli ichki muammolarni muhokama qilish uchun xukumatlararo maslahat organi tuzish koʻzda tutilgan. 1993-yilgi Deklaratsiya ixtiloflarni faqat tinch yoʻllar bilan bartaraf etish uchun asos yaratdi.
Irlandiya –; 1955-yildan BMTaʼzosi.
Iqtisodi. Irlandiya iqtisodi barqaror oʻsayotgan mamlakatlardan biridir. Oʻtgan asrning yarmigacha mamlakat iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi va chorvachilik ustun boʻlgan. Keyinchalik xorijiy sarmoya yordamida mashinasozlik, elektronika, kimyo sanoati kabi ogʻir sanoat tarmoqlari hamda ichki imkoniyatlar hisobiga oziq-ovqat, oʻrmon xoʻjaligi, toʻqimachilik, yengil sanoat kabi anʼanaviy tarmoqlar rivojlanib ketdi. Oxirgi yillardagi iqtisodiy taraqqiyot tufayli Irlandiya oʻsish surʼatlari jihatidan Yevropada oldingi oʻrinlarga chiqib oldi. Eksport hajmi oshdi. 1995–2000-yillarda mamlakatda iqtisodiy oʻsish oʻrtacha oʻn foizni tashkil etdi. Biroq butun dunyoda kechgan iqtisodiy inqiroz sababli soʻnggi yillarda oʻsish uch foizdan oshmayapti.
Sanoat yalpi ichki mahsulotning 46 foizini ishlab chiqaradi, eksportning 80 foiziga egalik qiladi. Ish kuchining 29 foizi sanoat tarmoqlarida mehnat qiladi. Mamlakatdagi iqtisodiy oʻsishning asosiy omili eksportdir.
Irlandiya energiyaga boʻlgan ehtiyojining qirq foizini ichki imkoniyatlari hisobidan qoplaydi. Yiliga oʻrtacha oʻn besh milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Xorijiy investitsiyalar faol jalb etilgan. Bu sohada Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiyaning mavqei kuchli.
Aholisi. Aholisining toʻqson sakkiz foizi irlandlar, qolganlari inglizlar, shotlandlar va boshqalar. Rasmiy tillari –; irland va ingliz tili, asosiy soʻzlashuv tili –; ingliz tili. Aholining ellik sakkiz foizga yaqini shaharlarda yashaydi.
Dini. Son jihatidan katolik va protestant nasroniylar yetakchi oʻrinni egallaydi. Musulmonlar oʻttiz ikki yarim mingdan ortiq. Bundan tashqari, buddaviylik, hinduviylik, bahoiylik kabi dinlarga eʼtiqod qiladiganlar ham topiladi.
Irlandiyadagi ilk masjid 1976-yili ish boshlagan. Mamlakat musulmonlari 1974-yili bir uyni sotib olib, qayta taʼmirlaydi. Ikki yil oʻtib bu yerda masjid va Irlandiya Islom markazi ochiladi. Musulmonlar soni ortgach, Dublindagi ushbu jome masjid kichkinalik qilib qoldi. Shu sababli 1983-yili bir cherkov binosi sotib olinib, masjidga aylantirildi.
Hozir Irlandiyada musulmonlar soni tezlik bilan oshib boryapti. 2002–2006-yillari musulmonlar soni yetmish foizga oʻsgan. Hisob-kitoblarga koʻra, Islom diniga eʼtiqod qiluvchilarning 55 foizdan ortigʻi asli osiyolik va afrikaliklardir. Mahalliy irland musulmonlar soni 31 foiz atrofida.
Orifjon Madvaliyev
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.