Ishonchsiz qushcha
Bir koʻlda oqqushlar galasi yashardi. Kuz yaqinlab, janubga uchadigan boʻlishdi. Safarga tayyorlanayotgan paytlarida kichkina bir bechora qushcha uchib keldi va dedi:
– Ming afsus! Sizlar janubga ketasizlar, men boʻlsam mana shu yerlarda muzlab oʻlishga majburman.
– Qaygʻuga botma, – deyishdi oqqushlar, – seni oʻzimiz bilan birga olib ketamiz.
– Ming afsus, – dedi gʻarib qushcha, – sizlarda ulkan tumshuqlar bor, oziqni oson topasizlar. Men och qolib ketaman.
– Yoʻlda senga ovqat beramiz, – deb uni tinchlantirishdi katta qushlar.
– Ming afsus! Sizlarning qanotlaringiz katta, men yoʻlda charchab qolaman, – deb tashvishga tushdi mayda qush.
– Charchaydigan boʻlsang, seni mingashtirib olamiz, – deb taskin berishdi oqqushlar.
– Ming afsus… – deb qushcha yana soʻz boshlagan edi, oqqushlar uning soʻzini boʻlib qoʻyishdi.
– Bor-e, – deyishdi ular. Keyin uning mingʻirlashlariga quloq solmay janubga qarab uchib ketishdi.
Orif Tolib
tayyorladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.