Namoyon va namoyanda
Bu ikki soʻz tilimizga forschadan oʻtgan.
Namoyon oʻzbek tilida yaqqol koʻrinib turadigan, gavdalanadigan; ochiq-oshkor, ravshan koʻrinish, koʻrsatish mazmunida
qoʻllanadi.
Namoyon boʻlmoq. Namoyon qilmoq.
Tong yorishdi. Burqigan tutun va chang orqali shaharning xarob gavdasi asta-sekin namoyon boʻldi.
Oybek, Quyosh qoraymas.
Namoyanda biror ijtimoiy guruhga yoki sohaga mansub boʻlgan shaxs; vakil maʼnolarini bildiradi:
Oʻzbek adabiyoti namoyandalari. Fan namoyandalari.
Men ilk burjuaziya realizmining namoyandasi boʻlgan Chexov haqida soʻzlayotibman.
A. Qahhor, Asarlar.
Oʻrta asr oʻzbek diplomatiyasining yirik namoyandalaridan biri Abdurazzoq Samarqandiy… atoqli tarixchi olim hamdir.
Gazetadan.
Namoyon va namoyanda soʻzlari tarkibidagi namo(y) forscha namudan – “koʻrinmoq” feʼlining hozirgi zamon asosidir. Shu asosga -on qoʻshimchasini qoʻshish orqali namoyon soʻzi hosil qilingan. Asliyatda yaqqol koʻrinib turadigan maʼnosini anglatadi.
Namoyanda soʻzida esa asosga -anda koʻshimchasini qoʻshib, forschada hozirgi zamon sifatdoshi yasalgan. Bu soʻz asliyatda “biror soha yoki ijtimoiy guruhning vakili” maʼnosini anglatadi.
Ikki soʻz ham oʻzbek tiliga tub soʻz sifatida oʻzlashgan. Tilimizda ular asos va qoʻshimchalarga ajralmaydi.
📌 Demak:
Namoyan, namoyonda ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.