Jumladan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Jumladan soʻzi bilan vergul ishlatishda koʻp xato qilinadi. Bu holat hatto nufuzli nashrlar, kitoblar, qonun hujjatlarida ham tez-tez koʻzga tashlanadi.
Xoʻsh, qachon vergul kerak?
Jumladan soʻzi kirish soʻz boʻlib kelsa. Bunda u aytilganlar yoki koʻzda tutilganlar ichidan degan maʼnoni anglatadi, uning oʻrnida xususan soʻzini bemalol qoʻllash mumkin boʻladi. Kirish soʻzlar gap boshida kelganda oʻzidan keyin, gap oʻrtasida ikki tomondan, gap soʻngida esa oʻzidan oldin vergul talab qiladi. Jumladan soʻzi odatda gap oxirida kelmaydi:
Jumladan, antik davr olimlari Gerodot, Aristotel… va boshqalarning asarlarini keltirdi.
Gazetadan.
Hamma, jumladan, oʻzim ham qotib-qotib kuldim.
M. Xayrullayev, Tilla marjon.
Shu jumladan birikmasi ham kirish birikma boʻlib kelganda vergul qoʻyilishi kerak:
Hamma, shu jumladan, oʻzim ham qotib-qotib kuldim.
Lekin yuqoridagi soʻz va birikmalar kiritma boʻlib kelmagan oʻrinlarda vergul kerak emas:
Jumladan oriqcha soʻzlarni olib tashlang.
Bu oʻrinda jumla soʻzi gap maʼnosida kelyapti. Qiyoslang:
Matndan ortiqcha soʻzlarni, jumladan, sifatlarni olib tashlang.
Bu yerda jumladan soʻzi gapdan degan maʼnoda emas. Koʻzda tutilganlar ichidan, xususan degan maʼnoda.
Shular jumlasidan birikmasi shular qatoriga kiradi degan maʼnoda kelsa va gapda kesim vazifasini bajarsa, vergul kerak emas:
Kitobni nashrga tayyorlash bir necha bosqichlardan iborat. Tahrir, dizayn, sahifalash, korrektura shular jumlasidan.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.