Milodiymi yo melodiy?
Milodiy soʻzini melodiy shaklida xato yozish koʻp uchraydi.
Milodiy soʻzining oʻzagi milod arabchadan olingan, asliyatda tugʻilish degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Iso paygʻambarning tugʻilgan kuni.
Miloddan burun. Miloddan keyin.
Asalari oilasini birinchi boʻlib miloddan ilgari yashagan yunon faylasufi Arastu tekshirgan.
«Fan va turmush».
2️⃣ Milodiy yil hisobi.
Milodning beshinchi asri.
Tanga Oʻzganda hijriy 397 yilda, milodning 1006-1007-yillarida zarb etilgan.
«Fan va turmush».
Milodiy soʻzi milod soʻzidan yasalgan sifatdir. U miloddan boshlangan yil hisobini anglatish uchun ishlatiladi:
Milodiy yil hisobi. Hijriyni milodiyga aylantirish. Milodiy 1494-yilning yozi.
📌 Demak:
Milod, miloddan oldingi, miloddan keyingi, milodiy ✅
Melod, meloddan oldingi, meloddan keyingi, melodiy ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.