Kapuchino va kapyushon

Kapuchino va kapyushon

Bu ikki soʻzning maʼnosi bir-biridan bir necha chaqirim yiroq, lekin ularning oʻzagi bitta. Kapuchino – sutli-koʻpikli qahva. Kapyushon esa ustki kiyim yoqasiga biriktirib tikiladigan qaytarma qalpoq.

Har ikki soʻzning ildizi lotincha cappa soʻziga, u esa caput – bosh, asosiy oʻzagiga borib taqaladi. Kapital, kepka, shapka, kapot, kapitan, kaput soʻzlari ham shu ildizdan oʻsib chiqqan.

Yevropada rohiblarning bir guruhi kapuchinlar deb atalgan, ular qaytarma qalpoqli kiyim kiygan. Sezgan boʻlsangiz, bu soʻz ham yuqorida tilga olgan soʻzlarimiz bilan qarindosh. Rohiblarning kiyimi qizil-jigarrang tusda boʻlgan va kapuchin soʻzi shu rangni ifodalash uchun ham ishlatilgan. XVIII asrda Avstriyada tuxum sarigʻi va qaymoq qoʻshib yangicha qahva damlay boshlashadi. Unga kapuziner nomi beriladi. Italyancha cappuccino atamasi XX asrdan urfga kiradi.

Qahvaga uning rangi sababli bunday nom berilgan. Boshqa bir fikrga koʻra, ichimlik yuzasida kapyushonga oʻxshash koʻpik hosil boʻlishi tufayli unga shunday ot qoʻyilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.