Kashfiyotlarning siri nimada?

Kashfiyotlarning siri nimada?

Intuitsiya

Gohida biror muammo ustida rosa bosh qotirasiz-u, lekin hal qilish yoʻlini topa olmaysiz. Oʻylab-oʻylab oxiri zerikasiz. Bor-e deb etak silkiysiz. Umuman bu muammo haqida oʻylamagan paytingiz yechimi oʻz-oʻzidan miyangizga yarq etib kelib qoladi. Bu holat fanda “intuitsiya” deb yuritiladi. Falsafa, sanʼat, ilm yoki boshqa istalgan sohadagi kashfiyot intuitsiya boshqichidan oʻtadi. Shoir yoki yozuvchiga ilhom kelishi ham aynan intuitsiya bilan bogʻliq. Ijodkor ongida anchadan buyon toʻplanib turgan fikr “etiladi” va qalbga taʼsir qilib tuygʻu uygʻotadi. Xuddi shu jarayon ijodda ilhom deyiladi.

Yangi sanʼat asarini yaratish uchun, har qanday kashfiyot yoki yangilikka qoʻl urish uchun, istalgan gʻoyaning mazmuni va tabiat qonunlarini anglash uchun bilim yoki falsafiy, ilmiy, axloqiy qarashlarning oʻzi ozlik qiladi. Biz tushunmoqchi boʻlgan gʻoyaning tub mohiyatini his qilishimiz ham kerak. Bu holat qay tarzda kechishini soʻz bilan tushuntirib berishning iloji yoʻq.

Intuitsiya – bizning ruhiyatimiz va qalbimizni idrokimiz bilan bogʻlovchi vosita. U tafakkur va mantiq doirasidan ancha olislab ketadi. Intuitsiya jarayonida nafaqat tasavvur, balki timsol, majoziy belgilar hamda insoniyat taraqqiyoti davomida shakllangan barcha gʻayrioddiy imkoniyatlar ishtirok etadi. Shu bois intuitsiya imkoniyat borasida bizga ancha tanish va tushunarli boʻlgan boshqa idrok vositalaridan ancha ustun turadi.

Mantiq – idrokimizning chegaralangan anglash quroli. Mantiq vositasida fikrlash amalga oshiriladi, lekin u tafakkur emas. U mavjud axborotni qayta ishlaydi, xolos, yangi bilim hosil qilmaydi. Mantiq ongdagi muhokama jarayoni toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlaydi. Hosil boʻlgan xulosa yoki hukm haqiqat yoki yolgʻon ekanini esa aniqlab berolmaydi. Masalan:

1-maʼlumot: Kasal oʻquvchilar darsga kelmadi.

2-maʼlumot: Sohib maktabga bormadi.

3. Hukm: Sohibning ham tobi yoʻq.

Mantiqiy tahlilga koʻra, hukm-xulosa chiqarildi. Lekin Sohibning haqiqatan ham kasal yoki kasal emasligini mantiq aniqlab berolmaydi.

Lekin hayron qoladigan tomoni – fikrlash doimo mantiq vosita amalga oshiriladi, yolgʻiz aqlning oʻzi bilan tahlil qilish imkoni yoʻq. Demak, haqiqatni topish mantiqdan boshqa vosita yordamida amalga oshiriladi. Bu vositani qadimda “intuitsiya” deb ataganlar. (“Intuitsiya” lotincha intuition soʻzidan olingan boʻlib, “sinchiklab qarash” degan maʼnoni anglatadi.)

Intuitsiya haqidagi tushunchalar qadimgi Sharqda ham boʻlgan. Masalan, mashhur qomusiy olim Ibn Sino uni “ilohiy ilhom”, “ilohiy zehn” deb nomlagan.

Amerikalik ruhshunos-terapevt Erik Bern fikricha: “intuitsiya nimanidir bilganimizni koʻrsatadi, lekin buni qanday anglaganimizni ifodalab berolmaydi”.

Ruhshunoslar intuitsiya qay tarzda ishlashini yaxshi tushuntirib berolmagan boʻlsa-da, u maʼlum maʼnoda nazariy tahlil etilgan. “Insayt” atamasi inglizcha insight soʻzidan olingan. “Fikr ravshanlashishi”, “payqash”, “mohiyatga yaqinlashish” degan maʼnoni anglatadi. Bu atama inson miyasida toʻsatdan yangi gʻoya paydo boʻladigan, u koʻp oʻylagan muammoning yechimi topiladigan fursatni anglatadi. Insayt “aga-reaksiya” deb ham yuritiladi. Muammoning mohiyati va yechimini topib olsak, gʻayriixtiyoriy ravishda baqirib yuboramiz. Xuddi shu vaziyat aga-reaksiya deyiladi.

Vannada choʻmilayotgan Arximedning qoʻlidan sovun tushib ketadi va uning miyasiga birdan fizik qonunning javobi kelib qoladi. Shunda “Evrika! Evrika!” (“Topdim! Topdim!”) deb hayqirganicha vannadan sakrab chiqib ketadi. Mana shu holat insaytdir.

Shu bois ruhshunoslar intuitsiyaning manbai gʻayrishuuriylik, aniqrogʻi, uning idrok bilan tarbibli aloqasi deb hisoblaganlar. Tadqiqotlar bu fikrni tasdiqladi. Intuitsiya hissiyot va ramziy tushunchalar vositasida ishlaydi. Koʻpincha intuitiv ravishda oldindan sezish tushda, mudroq paytida, xayol surganda kuzatiladi.

1926-yili amerikalik tadqiqotchi Grexem Uolles ijodiy jarayon mundarijasini ishlab chiqdi. Bu mundarija keyinchalik shuhrat qozondi. Tadqiqotchi ushbu ishini mashhur olimlarning hayotiga oid shaxsiy kuzatuvlari asosida yaratdi. Ayniqsa, nemis fiziologi, fizigi va matematigi German Gelmgols va fransuz matematigi Anri Puankarening ijod yoʻlini sinchiklab oʻrgandi. Uolles ijodiy jarayonni toʻrt bosqichga boʻladi:

1-bosqich – tayyorgarlik. Bunda muammo haqida kerakli maʼlumotlar toʻplanadi, uning yechimi qidiriladi, faktlar tahlil etiladi.

Tajribadan maʼlum: bu davrda koʻp bosh qotiriladi, harakat qilinadi, lekin hech qanday foydasi boʻlmaydi.

2-bosqich – inkubatsiya (yashirin davr). Yangidan-yangi muammolar paydo boʻladi. Turgʻunlik kuzatiladi. Oʻylar chuvalashib ketadi, kalavaning uchini topib boʻlmay qoladi. Hatto muammo haqida umuman oʻylay olmaslik mumkin.

3-bosqich – oydinlashuv. Ilhom, kashf etish, insayt. Koʻpincha tasodifan, oniy tarzda sodir boʻladi. Bu koʻz ochib-yumguncha yuz beradigan hodisada yechim ramziy, tasavvurdagi fikr tarzida namoyon boʻladi. Uni soʻz bilan ifodalab berish qiyin boʻladi.

4-bosqich – tekshiruv. Tasavvurdagi obraz soʻzga koʻchadi, fikrlar mantiqiy ketma-ketlikda tiziladi, kashfiyot yoki yangilik ilmiy asoslanadi.

Fikriy oydinlashuv (insayt), yangi gʻoyalarning tugʻilishi intuitiv-hissiy ijod jarayonining kulminatsion nuqtasi hisoblanadi.

Xullas, biz bosh qotirayotgan muammomiz haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishimiz kerak. Bilim doiramiz qanchalik keng boʻlsa, yechimning topilishi shunchalik oson kechadi. Muvaffaqiyatsizliklarga qaramay yana va yana tahlil qilish, fikrlash talab etiladi. Maʼlum vaqt faqat shu muammo bilan, turli gʻoya va tahlillar bilan yashash zurur. Shunda birdan insayt – fikr tiniqlashuvi yuz beradi. Bu jarayonga inson jismonan va ruhan tayyor boʻlishi, oʻz ishiga butun borligʻini berishi kerak.

Quyida intuitsiya holatida roʻy bergan kashfiyotlarning ayrimlari bilan tanishamiz. Taniqli kishilarning fikrlash va intuitsiya haqidagi qarashlaridan misollar keltirilib, ular feʼl-atvoridagi oʻziga xosliklar haqida maʼlumotlar beriladi:

 

Tikuv mashinkasining ixtiro etilishi

Tadqiqotchi Elias Xove dastlabki tikuv mashinasi ustida uzoq muddat ter toʻkadi, biroq harakatlar biror-bir ijobiy natija bermaydi. Olim bir kun tunda yomon tush koʻradi: uning ortidan odamxoʻrlar toʻdasi quvib keladi, unga deyarli yetib oladi. U nayzaga oʻxshagan bir nima yarqirab ketganini ham aniq-taniq payqaydi. Dahshat ichida yotgan Xove nayzalarning xuddi ignaga oʻxshash teshiklari borligini ham koʻradi. Bechora uygʻongach zoʻrgʻa nafas oladi, qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titraydi.

Bir muncha vaqt oʻtgach Xove kechqurungi tushini eslaydi, tadqiqoti uchun muhim xulosa yasaydi. Tikuv mashinasi ishlashi uchun bor-yoʻgʻi ignadagi teshikni oʻrtadan emas, quyidan, oʻtkir joyidan ochish kerak ekan, xolos. Bu tadqiqotchi kechayu kunduz qidirayotgan oddiy yechim edi. Xullas, Xovening bosinqirashi tikuv mashinasining ixtiro etilishiga turtki beradi.

 

Disney va musiqa

Uolt Disney mumtoz musiqaning ashaddiy ishqibozi boʻlgan. Oʻzining taʼkidlashicha, birinchi notalarni eshitishi bilanoq uning ongida turli manzaralar paydo boʻlar ekan. U musiqa insonlar ongida ezgulikka intilish tuygʻularini uygʻotadi deb qattiq ishongan.

 

Savolni toʻgʻri qoʻyish – muammoning yarim yechimi

Eynshteyn bir oʻrinda shunday fikr yuritgan: agar uni oʻlimga mahkum etishsa va bir soatgina vaqt qolgan boʻlsa, u mana shu soatning ellik besh daqiqasini muammo yoki savolni toʻgʻri qoʻyishga sarflagan boʻlar ekan. “Chunki javobni topish uchun, – deydi Eynshteyn, – besh daqiqa ham yetadi”.

 

Daholarning oʻziga xos feʼl-atvori

Oʻtgan asrnig 20-yillarida tadqiqotchi Katerina Koks Isaak Nyuton, Tomas Jefferson, Iogan Sebastyan Bax singari uch yuzdan ortiq taniqli kishilarning faoliyatini oʻrganib chiqdi. Uning keng koʻlamli tadqiqoti hayratlanarli xulosaga olib keldi: mashhurlarning axloqi va feʼl-atvori bir-biriga juda oʻxshar ekan.

Koksning fikricha, daholarning ajralib turadigan sifatlaridan biri – ular oʻz tuygʻu va fikrlarini kundaliklarda, sheʼrlarda, doʻstlarga yozgan xatlarida ifodalashni yoqtirarkan. Bu anʼana boʻlajak geniyning yoshlik davrlaridayoq koʻzga tashlanadi. Koks bu holatni nafaqat adiblarda, balki harbiylar, siyosatchilar va olimlarda ham kuzatgan.

Insoniyatning bir foizdan koʻp boʻlmagan qismigina oʻz fikr yoki tuygʻularini kundaliklarda, xotira daftarlari yoki kitoblarda ifoda eta oladi. Misli koʻrilmagan yutuqlarga erishish uchun esa mana shu bir foizning oʻzi ham yetadi!

Savol tugʻiladi: almoyi-aljoyi narsalar qoralaydiganlar ham geniymi? Geniylarning ijodi ham bemaʼni boʻladimi? Nima uchun rivojlanib ketadigan ong egalari dastlab kundalik tutadilar? Yoki kelajakdagi shon-shuhratlarini sezib
tarixchilarga manba qoldirib ketadilarmi? Yoki yozuvchilikka qiziqish gʻayrat bilan ishlaydigan idrokning ikkinchi darajali mashgʻulotimi? Balki hali toʻliq kamolga yetmagan dahoning ongosti tafakkuri shu tarzda oʻsib borar?

 

Oʻtkir fikrlar juda kam tugʻiladi

Bir kuni bir muxbir Albert Eynshteyndan “Nodir fikrlaringizni biror joyga yozib qoʻyasizmi? Agar shunday boʻlsa, nimaga yozasiz: bloknotgami, qayd daftarigami yoki maxsus kartochkalargami?” deb soʻraydi. Shunda Eynshteyn muxbirning bolishday bloknotiga qarab turib javob beradi: “Azizim, yaxshi fikrlar kallaga juda kam keladi, ularni eslab qolishning esa hech bir qiyin joyi yoʻq!”

 

Kichkina demang bizni…

Bir kuni yuk mashinasi koʻprik ostidagi yoʻl tuneliga qisilib qoladi. Chunki uning kuzovi juda katta edi. Politsiya va yoʻl harakati xizmati xodimlari uni chiqarib olish uchun rosa urinadi, lekin hech qanday natijaga erisha olmaydi. Mashinani qanday qilib chiqarish mumkinligi haqida hamma oʻz fikrini bildiradi. Dastlab yukning maʼlum qismini tushirmoqchi boʻladilar. Biroq yuki ozaygan mashinaning ressorlari koʻtarilib koʻprik ostiga yanada jipsroq tiqilib qoladi. Lom bilan ponani ham ishga soladilar. Dvigatelni tezlashtirib koʻradilar. Xullas, bunday vaziyatlarda odatda nima qilinsa, hammasi bir-bir sinovdan oʻtkaziladi. Biroq ish faqat orqaga ketadi.

Shu payt olti yoshli bolakay kelib qoladi va ballonlarning damini biroz chiqarish kerakligini aytadi. Muammo yechiladi! Chunki havo chiqib ketgach shina kichrayadi, oʻz-oʻzidan mashinaning boʻyi ham pasayadi. Yoʻldan bemalol oʻtib olish mumkin.

Politsiya va yoʻl xizmatchilari tiqilib qolgan mashinalarni chiqarishning juda koʻp usullarini bilgani uchun muammoning yechimini topa olmadi. Sababi ular mavjud tajribadangina foydalandi, xolos. Vaziyat chuqurroq tahlil etilganda kalavaning uchini qoʻlga kiritish mumkin edi.

Xullas, anglash uchun bilimning oʻzigina kifoya qilmaydi. Toʻgʻri tahlil va keyingi jarayonni seza olish zarur. Lekin biz his qilgan, anglagan narsalar toʻgʻri chiqishi uchun bilishimiz, juda koʻp bilishimiz shart!

 

Orifjon Madvaliyev

 

2008

 


“Ovoza” gazetasining 2011-yil 22-yanvar (№3) sonida chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube