Kredit olaman deb…
Taniqli yapon avtomobil kompaniyasi asoschisi Soichiro Honda katta ish boshlagan paytlaridagi kulgili-qaygʻuli bir voqeani shunday hikoya qiladi: u 1951-yili biznesdagi sherigi Takeo Fujisava bilan kredit soʻrab “Mitsubishi” bankiga murojaat qiladi. Ularning iqtisodiy ahvoli juda tang edi. Oxirgi pullarini toʻplab, ziyofat uyushtirishadi va bank mutasaddilarini taklif etishadi. Nima qilib boʻlsa ham moliyachilarning koʻnglini olish va kredit undirish zarur edi. Mehmonlar yeb-ichadi, Honda va Fujisava ham ular bilan birga yayrab oʻtiradi. Hatto qoʻnoqlarni xushnud etish uchun kichik sahna koʻrinishi tashkillashtirib, askiyabozlik ham qilishadi.
Ishbilarmonlar ertasi kuni bankka katta ishonch bilan kirib borishadi. Biroq talabnomalariga rad javobi berilganini bilib, tarvuzlari
qoʻltiqlaridan tushadi. Bank qarorida shunday soʻzlar bor edi:
“Bank ikkita masxaraboz rahbarlik qiladigan firmaga ishona olmaydi”.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 3-sonida chop etilgan.