Kun soʻzi: xotira
Xotira arab tilidan kirgan, asliyatda fikr, tafakkur; gʻoya; xayol kabi maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tilida quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:
1 Esda
saqlash, eslab qolish, esga tushirish qobiliyati; es, yod; xayol.
Xotirasi kuchli odam.
Ziyoda tiyrak qora koʻzlari bilan kuldi va shu qiyofada Zargarovning xotirasiga oʻrnashib qoldi. A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat.
2 Biror kimsa yoki narsa haqidagi yodda, esda saqlangan taassurot.
Sayohat xotiralari.
U [Mansur] Bogʻishamol nafasini, oʻtmish soʻqmoqlarida qolgan bebaho bolalikning aziz xotiralarini olib kelgan bu yigitga havas bilan qarar edi.
Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.
3 Esdalik, yodgorlik.
Bu mendan sizga xotira.
[Chaqaloqning] Otini Shavkat qoʻyaman! Shavkat! Shavkatli kunlarimdan xotira boʻlsin! – derdi [Alimardon].
Oʻ. Hoshimov, Bahor qaytmaydi.
Xotira va qadrlash kuni haqida gap ketganda soʻzning yuqorida koʻrsatilgan ikkinchi maʼnosi anglashiladi.