Ichimlik suv
Biror xatoni toʻgʻri deb bilgan va muttasil qilib yurgan kishi uning yanglishligini juda qiyin qabul qiladi. Agar qabul qilsa. Hatto soʻz va iboralar bilan bogʻliq holatda ham shunday.
Ichimlik suvi degan birikmani koʻp eshitamiz, ishlatamiz. Shu ibora – xato. Tag-tugi bilan. Nega? Ichimlik soʻzi oʻzbek tilida ichiladigan narsalarni, masalan, sharbat, suv kabilarni bildiradi. Ichimlik suvi deyilsa, ichimlikning suvi – suvning suvi deganga oʻxshash maʼno hosil boʻladi.
Aslida nima boʻlishi kerak? Ichiladigan yoki ichgulik (bunisi endi ancha oliftaroq 😄) suv. Xoʻp, ichimlik soʻzi bu oʻrinda gʻalati mashhurga aylangan, ichiladigan maʼnosida qoʻllanyapti, deylik. Unda birikmaning toʻgʻri varianti ichimlik suv boʻladi. Chunki u sifatdosh oʻrnida kelyapti, u ifodalaydigan maʼnoni beryapti. Oʻrniga maʼnodoshini qoʻyib koʻrganda ham, suv soʻziga egalik qoʻshimchasi qoʻshilmaydi: ichiladigan suv.
Ekin-tikin uchun va boshqa xoʻjalik maqsadlarida ishlatidagan suv oqova suv boʻladi. Biror oʻzanda doim oqib turadigan suv oqar suv deyiladi. Yer ostidan sizib chiqadigan, zax suvi esa sizot suvdir. Ichimlik suv iborasi xuddi shunga oʻxshash.
Ichimlik ot soʻz turkumiga mansub-ku, ikki ot keladigan soʻz birikmalarida ikkinchi qismga egalik qoʻshimchasi qoʻshiladi, degan eʼtiroz boʻlishi mumkin. Bu oʻrinda ichimlik soʻzi otlik xususiyatini yoʻqotyapti. Xuddi kamon qosh, aʼlochi bola, oʻlchagich asbob, oʻtloq joy kabi birikmalardagi birinchi soʻz kabi. Ayni birikmaga oʻxshash toshkentlik muxlis, fargʻonalik kishi birikmalarini olib koʻraylik. Toshkentlik muxlisi, fargʻonalik kishisi demaymiz-ku!
Ichimlik suvi turaversa-chi, shunga tegib nima qilamiz 🙃 deganga oʻxshash mulohaza ham boʻlishi mumkin. Unda suvning suvi iborasini ham toʻgʻri deyishimiz kerak. Bunchalikka bormay turamiz.
Ichimlik suv birikmasini ruscha yoki inglizchaga oʻgirib koʻring, suvdan oldingi soʻz sifat yoki sifatdosh boʻladi: pityevaya voda, drinking water. Toʻgʻri, har bir til oʻziga xos. Chogʻishtirish har doim ham oʻrinli boʻlavermaydi. Ammo bu holatdagi qiyoslovimiz fikrni dalillay oladi, menimcha.
Milliy ensiklopediyada koʻp oʻrinlarda ichimlik suv varianti ishlatilgan, lekin ichimlik suvi tarzida qoʻllangan holatlar ham kam emas. Ensiklopedik lugʻat (1988)da esa ichimlik suv shakli ishlatilgan.
Internetni kuzatsangiz, baʼzi oʻrinlarda bu birikma toʻgʻri ishlatilganiga ham guvoh boʻlasiz.
📌 Demak:
Ichimlik suvi ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.