Kuzgi bogʻ
Diydalari qotgan eski jarrohday
Yaproqlarni hissiz uzib tashlar kuz.
Shamol qaylardadir chaladi surnay,
Dunyo nelardandir chekadi afsus.
Borliq jim qaraydi bu ajib holga,
Daraxtlar qochgani topolmas imkon.
Meni esa tinmay tutar savolga
Yaproqlar yuzida qotib qolgan qon.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.