Sogʻinch manzarasi
Qishloq tepasida oy suzadi jim,
Qadim ohangida kuylar chirildoq.
Alla tinglayotgan goʻdakday maʼsum
Sokin tun qoʻynida tinch uxlar qishloq.
Soʻrida yotibman – seryulduz osmon,
Yorugʻ kengliklarga termilib gʻamgin.
Shu dam yuragimda uygʻotib armon
Olislardan sado berar ilk sevgim.
Yiroq-yiroqlarga ketdim adashib,
Bugun men oʻzimga qaytmoq istayman.
Qoʻllarim keng yoyib, vujudim joʻshib
Oʻtli-oʻtli qoʻshiq aytmoq istayman.
Keling, yuragimni bir chayib olay,
Oyga oyna boʻlgan pokiza suvlar.
Yugurik qonimga quvvat bering, hey,
Tong nafasi yangligʻ toza tuygʻular.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.