Meksika Qoʻshma Shtatlari
Maydoni: 1 972 550 kv.km.
Aholisi: 116 220 000 dan ortiq.
Poytaxti: Mexiko shahri.
Boshqaruv shakli: prezidentli respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 31 shtat (estados) va bitta federal okrugga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Mexiko, Gvadalaxara, Monterrey, Puebla.
Pul birligi: meksika pesosi.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Shimoliy Amerikada joylashgan. Oʻrta Amerikaning asosiy qismini egallagan. Shimolda AQSH, janubi-sharqda Beliz va Gvatemala bilan chegaradosh. Gʻarbini Kaliforniya koʻrfazi va Tinch okeani, sharqini Meksika koʻrfazi va Karib dengizi suvlari yuvib turadi.
Iqlimi tropik va moʻʼtadil. Yillik yogʻin miqdori 300-600 mm va undan kamroq. Janubiy togʻli hududlarda, jumladan, Mexiko va Gvadalaxarada 600-1000 mm atrofida. Qishki harorat shimolda +2 – +15 °S oraligʻida boʻladi, janubiy hududlarda esa, +20 darajadan pastga tushmaydi. Qirgʻoqboʻyi yerlari va Yukatan orolida +24 – +28 daraja atrofidagi yillik oʻrtacha harorat kuzatiladi.
Oʻlkani shimoldan janubga tomon ikkita togʻ tizmasi – Sharqiy Syerra Madre va Gʻarbiy Syerra Madre kesib oʻtgan. Meksika markaziy va shimoliy hududlarining asosiy qismi yuksakliklarda joylashgan. Mamlakat markazidan sharqdan gʻarbga qarab “Syerra Nevada” nomi bilan mashhur vulqon belbogʻi oʻtadi. Eng baland choʻqqilar ana shu vulqon belbogʻida: Orisaba (5700 m), Popokatepetly (5462 m), Istaksiuatly (5286 m) va Nevado de Toluka (4577 m).
Tarixiy sanalari. 1517-yili yevropaliklar Meksikani oʻrganish va zabt etishga kirishdi. Bu yerga 1517-yili Fransisko Ernandes de Kordoba, 1518-yili Xuan de Grixalva, 1519-yili Ernan Kortes boshchiligidagi maxsus guruh keldi.
1535-yili oʻlka yangi tashkil etilgan Yangi Ispaniya vitse-qirolligi tarkibiga kirdi va 1821-yilga qadar Ispaniya mustamlakasi boʻlib qoldi.
1810-yil 16-sentyabrda Meksika mustaqilligi eʼlon qilindi. Biroq ozodlik urushlari oʻn yil davom etdi.
1821-yili Meksikaning Texas shtati mustaqillik uchun kurash boshladi va 1836-yili ozod Texas respublikasiga aylandi. Ammo koʻp oʻtmay, 1845-yili uni AQSH bosib oldi.
1841-yili Yukatan, 1845-yili esa Kaliforniya Meksikadan ajralib chiqqanini eʼlon qildi.
1846-yili mamlakatga AQSH qoʻshinlari bostirib kirib, juda katta hududni va poytaxt Mexikoni egalladi. 1848-yil 2-fevraldagi Guadalupe-Idalgo sulh-shartnomasiga binoan, Meksikaning yarmidan koʻproq hududi AQSHga oʻtdi.
1861-yili oʻlkaga Buyuk Britaniya, Fransiya va Ispaniya qoʻshinlari kirib keldi.
1876-yili hukumat rahbarligi Porfirio Dias qoʻliga oʻtdi. Uning boshqaruvi davrida iqtisodiy oʻsishga erishildi.
1910-yili fuqarolar urushi boshlanib, 1917-yili Konstitutsiya qabul qilinishi bilan yakun topdi.
1934-yili Lasaro Kardenas mamlakat prezidenti boʻldi. U koʻplab xorijiy korxonalarni mahalliylashtirdi. 1940-yili iqtisodiy oʻsish boshlandi va u 1980-yillargacha davom etdi.
Meksika 1991-yil 26-dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan va 1992-yil 16-martda elchilik munosabatlarini oʻrnatgan.
1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 16-sentyabry – Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1810).
Iqtisodi. Meksika sanoatlashgan agrar mamlakat. Iqtisodiy rivojlanish boʻyicha Lotin Amerikasi davlatlari orasida yetakchi. Neft, gaz, temir rudasi, oltingugurt, simob va grafit qazib olinadi.
Shpat minerali ishlab chiqarish va sotish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Rangli va rangsiz metalni qayta ishlash, mashinasozlik, kimyo, nefty kimyosi, paxtani qayta ishlash va oziq-ovqat tayyorlash sanoatning asosiy tarmoqlaridir.
Neftni qayta ishlash yaxshi rivojlanmagan. Meksika dunyoning eng yirik neft sotuvchilaridan biri, lekin oʻzi tayyor nefty mahsulotlarini sotib oladi.
Qishloq xoʻjaligida makkajoʻxori, bugʻdoy, soya, guruch, loviya, paxta, qahva, mevalar, pomidor yetishtiriladi. Qoramol va tovuq boqiladi. Yogʻoch tayyorlash, baliq va qisqichbaqa ovlash rivojlangan.
Meksika Shimoliy Amerika erkin savdo hududi (NAFTA) aʼzosi.
Aholisi. Meksikaliklar oʻzlarini “meksikanos” deb ataydi. Irqiy tarkibi: metis-duragaylar – 60 foiz, hindular – 30 foiz, oqtanlilar – 9 foiz, boshqa etnik guruhlar – 1 foiz. Aholining yillik oʻsishi 1,1 foiz. Shahar nufusi – 77 foiz.
Rasmiy tili – ispan tili. 92,7 foiz aholi ispan tilida, 5,7 foizi ispan va biror-bir hindu tilida, 0,8 foiz aholi esa faqat mahalliy hindu tillarida soʻzlashadi.
Dini. Aholining 76,5 foizdan ortigʻi katoliklardan iborat. 4,9 foiz aholi oʻzini protestant deb hisoblaydi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Meksikaga Yaqin Sharq mamlakatlari, jumladan, Suriya va Livandan koʻplab muhojirlar koʻchib keldi. Ular orasida musulmonlar ham anchagina edi. Biroq sharoit va muhit taqozosi bilan musulmonlar soni kamayib bordi.
Oʻtgan asrning 90-yillarida poytaxtda birorta ham masjid yoʻq edi. 1995-yili Mark (Umar) Veston Meksika Islom madaniy markaziga asos soldi. Bu markaz turli mayda islomiy tashkilotlarni birlashtirdi.
Soʻnggi yillarda Islom dinini qabul qiluvchilar soni ortib bordi. Hozir Mexikodan tashqari Monterrey, Torreon, Gvadalaxara, San Kristobal de las Kasas kabi bir nechta shaharlarda musulmon jamoalari bor.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugun mamlakatda qirq mingdan ortiq musulmon yashaydi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 8-sonida chop etilgan.