Mohandas Karamchand Gandi. “Mening hayotim”
Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2018-yil. 256 bet. Rus tilidan Amir Fayzullo tarjimasi. Kitobni 2019-yil 26-iyul kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil oktyabrda oʻqishni boshlab, shu yil 24-noyabr kuni tugatdim.
Kitob annotatsiyasida yozilishicha, sotsiologlar Mahatma Gandini Albert Eynshteyndan keyin dunyoning yigirmanchi asrdagi ikkinchi shaxsi deya eʼtirof etishgan ekan. U Hindiston ozodligi yoʻlida kurash yoʻlboshchisi sifatida ham dong qozongan.
“Mening hayotim” asari muallifning bolalik davrlaridan boshlab 1921-yilgacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan. Gandi ushbu asarga 1925-yil 26-noyabrda soʻzboshi yozgan.
Mutolaa jarayonida meni hayratga solgan ilk voqea tafsiloti Gandining 13 yoshida uylangani boʻldi. Ikki goʻdakning oila qurishi oʻsha davrlardagi biqiq anʼanalar natijasi edi. Toʻgʻri, ular birdaniga er-xotinlik hayotini boshlamagan, kelin besh-olti oylab ota-onasinikida turgan. Biroq yosh Mohandas va ayoli Kasturbay shu paytdan boshlab mustaqil hayotga baribir qadam qoʻygan.
Toʻy masalasi soʻnggi yuz yillikda xalqimizning ogʻriqli muammolaridan biri boʻlib kelyapti. Hindlarning toʻy tashvishlariga nazar tashlagan kishi bizning toʻylarimiz bilan juda koʻp uyqash jihatlari borligini payqaydi. Gandi yozadi:
“Hindularda nikoh – qiyin ish. Nikoh rasm-rusumlari xarajatlari koʻpincha kelin va kuyovning ota-onalarini xonavayron qilib tashlaydi. Ular juda koʻp mol-mulki va vaqtlarini isrof qiladilar. Kiyim-kechak tikish va taqinchoqlar yasashga, ziyofat uchun pul topishga necha oylar kerak boʻladi. Har biri tortiladigan taomlarning xillari bilan bir-birlarini
mot qilishga intiladi. Ovozi yaxshi va yomon xotinlar boʻgʻilib qolishguncha qoʻni-qoʻshnilarga tinchlik bermay qoʻshiq-lapar aytganlari-aytgan, hatto baʼzilari shundan ogʻrib ham qolishadi. Bu shovqin-suronga, ziyofatlardagi bu isrofgarchiliklarga qoʻshnilar parvo qilishmaydi, chunki ular biladilar – vaqti kelib oʻzalari ham xuddi shunday qiladilar…”
Gandi Angliyadan oʻqishni tugatib kelgach, faoliyatini endi boshlagan paytlari bir oʻngʻaysiz vaziyatga tushadi. Uning akasi Poʻrbandar hokimiga kotib va maslahatchi boʻlib ishlagan, soʻng notoʻgʻri maslahat berdi degan ayblov bilan ishdan olingandi. Akaning ishi unga qarshi kayfiyatda boʻlgan siyosiy agentga kelib tushadi. Gandi Angliyada bu amaldor bilan tanishgan, doʻstona munosabatda edi. Akasi ana shu tanish-bilishlikdan foydalanib, agentga bir ogʻiz aytib qoʻyishini iltimos qiladi. U zamonlarda koʻp ishlar tanish-bilish yordamida bitar ekan-da, qarang. Mohandas bu taklifga koʻnmaydi, tartib-qoidaga koʻra ariza bering, shikoyat qiling, deydi. Lekin akasi bu gapdan xafa boʻlib, toʻnini teskari kiyadi. Xullas, oxiri rozi boʻladi. Biroq tanish amaldor Gandining gaplarini juda sovuq qarshi oladi. Mohandas esa gapirishda davom etadi, dalillar keltirmoqchi boʻladi. Oxir-oqibat amaldor xizmatkoriga aytib, eski tanishini quvib soladi. Aslida davlat xizmatchisi oʻzini nomunosib tutgandi, Gandi uni sudga berishi ham mumkin edi. Lekin u haqoratlarga chidaydi.
“Bu narsalarning barchasidan oʻzimga naf oldim. Endi bundan keyin oʻzimni bunaqa jirkanch ahvolga solib qoʻymayman, oʻz tanish-bilishligimdan hech qachon bu tariqa foydalanishga harakat qilmayman, deb ahd qildim oʻzimcha va shundan buyon biror MARTA ham bu qoidadan chetga chiqqanim yoʻq”, deb yozadi Gandi.
Koʻpchiligimiz shu singari holatga tushgan boʻlsak kerak. Yaqinlar, doʻstlar va ayniqsa begonalar uchun oʻrinli-oʻrinsiz iltimoslar qilib, hurmat-izzatni toʻkish yaramaydi. Mutlaqo. Gandining bu hikoyasi bizga bu borada jiddiy hayotiy saboq beradi.
Mutolaa jarayonida meni hayratga solgan, biroz erishroq tuyulgan holatlarga ham duch keldim. Mahatma Gandi har qanday sharoitda oʻz hayotiy prinsiplariga qatʼiy amal qilishga intiladi. Eng ogʻir, kishi gʻururini yerga toptab tashlaydigan vaziyatlarda ham quyushqondan chiqmaydi, ogʻir-vazmin va mushohadali yoʻl tutadi. Balki uning beqiyos muvaffaqiyati siri ana shundadir.
Gandi boshqa din va eʼtiqod vakillariga chuqur hurmatda boʻlgan. U dunyo dinlarini qiyoslab oʻrganadi, turli eʼtiqod va qarashlarga oʻta bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻladi. Muallif bir oʻrinda yozadi:
“Men Vashington Irvinning “Muhammad va sahobalari hayoti”ni va Karleylning Paygʻambarga atab yozgan panegirikini oʻqib chiqdim. Bu kitoblar Muhammadni koʻz oʻngimda yuksakliklarga koʻtarib yubordi”.
Agar u Islom dini va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqidagi birlamchi manbalarni oʻqiganda qanday taʼsirlanardi ekan, deb oʻyladim. Soʻng sof qalbli va adolatparvar kishining munosabati ham adolatli va samimiy boʻlardi, degan toʻxtamga keldim.
Eʼtiborimni tortgan jihatlardan yana biri Gandining oʻta tejamkorlik, kamxarjlik bilan hayot kechirganidir. U oʻz dini anʼanalari va onasiga bergan vaʼdasiga muvofiq goʻsht yeyishdan voz kechadi. Oʻtxoʻrlik bilan cheklanmay, sut ham ichmay qoʻyadi. Ogʻir kasal boʻlib, oʻlim bilan yuzma-yuz turgandagina xotini va shifokorining qiyin-qistovi bilan majburan echki suti ichadi. Garchi u sigir suti ichmaslikka qaror qilgan boʻlsa-da, echki suti ichgani uchun oʻzini kechirmaydi. Qasamimga shaklan amal qildim, mohiyatan buzdim, deb hisoblaydi. Bu hol boshqacha dunyoqarashli odamga gʻayrioddiy tuyulishi aniq. Lekin Gandining hayot tarzi va tutumi haqida yaqqol tasavvur beradi. U kundalik turmushda ham, ijtimoiy hayotda ham oʻz qarashlarida sobit edi.
Xullas, bu kitobni oʻqib, tafakkur hududingiz ancha kengayadi, deb oʻylayman.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.