“Namordnik”ning oʻzbekchasi nima?
Itlarning tumshugʻiga taqiladigan himoya qalqonini ruslar “namordnik” deydi. “Morda” – “tumshuq” soʻzidan yasalgan. Xoʻsh, oʻzbekchada bu moslama qanday ataladi?
Baʼzi oʻrinlarda shu tushunchani ifodalash uchun “tumshuqbogʻ” soʻzi ishlatilganini koʻrgandim. “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” “tumshuqlik” deb izohlabdi. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” esa tumshuqbogʻ, burundiq deb oʻgiribdi. Burundiq soʻzini Izohli lugʻatdan qidirib, shuni topdim:
Burundiq I Asov, tishlongʻich tuyaning yoki qopagʻon itning tumshugʻiga kiydirib qoʻyiladigan maxsus toʻr.
Asov nortuyaday urib burundiq,
Yovvoyi buqaday solgaymiz boshvoq.
Mirtemir, Asarlar.
Yaydoq dala kelganda, burundiqni boʻshatar.
A. Muxtor, Asarlar.
Izohli lugʻatda tumshuqlik yoki tumshuqbogʻ soʻzlari yoʻq ekan. Bu soʻzlar ruschadan kalkalanib, shu tushunchani aynan tarjima qilish istagida yasalganday taassurot uygʻotadi.
Burundiq esa turkiycha soʻz. Yuqoridagi misollarda bu soʻzni oʻzbek tilining ikki bilimdoni – Mirtemir va Asqad Muxtor ishlatganini koʻrishimiz mumkin. Soʻzning izohidan burundiq juda qadimiy lugʻat ekani ham anglashiladi. Eski zamonlarda karvonlardan juda koʻp foydalanilgan. Karvonni karvon qilib turadigan jonivor esa tuyadir. Demak, bu moslama ham, uni ifodalovchi soʻz ham Yevropada itlar oliftagarchilikka boqilishidan ancha vaqtlar oldin koʻhna Sharqda paydo boʻlgan. Toʻgʻri, itlar juda olis zamonlarda qoʻlga oʻrgatilgan. Lekin ularning vazifasi qoʻriqchilik boʻlgan. Har holda, qoʻriqchi itlarning tumshugʻiga burundiq taqishmagan boʻlsa kerak. Qoʻriqchi itlar burundiqsiz saqlanishiga oʻzingizning ham koʻzingiz tushgandir. Gʻazabnok itning ogʻzini boylab qoʻyish undagi vajohatni kamaytiradi-da.
Burundiq soʻzi “burun” va “tiqmoq” soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Balki bunday moslamalar tishlongʻich tuyalarning burniga taqilgandir. Yoki burun soʻzining “tumshuq” degan maʼnosi boʻlgandir. Ammo bular shunchaki taxminlar, xolos.
“Devonu lugʻatit turk”da burunduq soʻzi jilov, noʻxta deb izohlangan. Boshqa bir oʻrinda shunday misol keltirilgan:
Er burunduq butluqa taqdi – tuya burnining yumshoq joyiga burunduq taqdi, bogʻladi (oʻgʻuzcha).
Burundi soʻzi esa burkanib oldi, yopindi deb izohlangan. Burunduq soʻzi ayni shu feʼldan yasalgani ehtimoli katta. Burundiq – hayvon tumshugʻini yopib turadigan moslama. Bu maʼlumotlar yuqoridagi taxminni deyarli yoʻqqa chiqaradi.
Xullas, kichik tadqiqotimizdan soʻng “namordnik”ning oʻzbekona tarjimasi “burundiq” ekanini bilib oldik.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.