Mutolaa – uzoq umr sababchisi
Kitob oʻqish aqliy salohiyatimizni kuchaytirib, tasavvurimizni boyitishini hammamiz bilamiz. Bu maroqli mashgʻulot salomatlikka ham ijobiy taʼsir etadi.
AQSHning Yel universiteti olimlari mutolaa va inson umri davomiyligi bogʻliqligi boʻyicha
tadqiqot oʻtkazdi. 12 yil davom etgan ushbu ilmiy-tekshirish ishida uch ming olti yuzga yaqin keksa yoshdagi erkak va ayollar qatnashdi. Ular orasida ashaddiy kitobsevarlar ham, kitobni qoʻliga faqat uy yigʻishtirganda oladiganlar ham bor edi.
Aniqlanishicha, mutolaani sevadigan va bu ish bilan muntazam shugʻullanadiganlar boshqalarga nisbatan 2 yil koʻproq umr koʻrar ekan. Haftasiga 3,5 soatini va undan koʻproq vaqtini oʻqishga sarflaydigan keksalarda oʻlim xavfi yaqin 12 yilda boshqa qariyalarga nisbatan 20 foizga kam boʻladi.
“Kuniga atigi yarim soat mutola qilish umringiz uzoq boʻlishiga katta taʼsir koʻrsatadi”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri Bekka Levi.
Qiziq tomoni, “kitob terapiyasi” daromadi, kasb-kori, oilaviy ahvoli, irqi va hayoti farovonligidan qatʼi nazar barchaga birdek foydalidir. Biroq tadqiqotchilar aynan kitob mutolaasiga urgʻu berishyapti. Gazeta va jurnal oʻqish u qadar samarali emas.
Mutolaa asabiylashishni kamaytiruvchi eng oʻngʻay usullardan biri. U kundalik tashvishlardan uzilish imkonini ham beradi. Oʻqish miya uzoq vaqt yosh boʻlib qolishiga sabab boʻladi, miyadagi asab tizimi aloqalarini kuchaytirib, aqliy salohiyatni orttiradi. Qarilik va Altsgeymer xastaligi (xotirani yoʻqotish)ni ortga suradi. Bundan tashqari, mutolaa siqilishni yengishda qoʻl keladi, muomala-munosabat qobiliyati rivojlanishiga, ijodiy imkoniyatlar kengayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Kitob oʻqishning yuqorida sanalgan foydalari olimlarga koʻpdan ayon edi. Yel universiteti mutaxassislari uning boshqa bir muhim qirrasi – uzoq umr koʻrishga sabab boʻlishini aniqladi. Toʻgʻri, uzoq yashash juda koʻp omillarga bogʻliq. Lekin inson oʻziga berilgan umrni mazmunli, arzirli tarzda oʻtkazishi ham kerak. Bu borada mutolaa eng yaxshi koʻmakchidir.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016-yil 36-sonida chop etilgan.