Muvaffaqiyatli kishilardan 15 maslahat

Muvaffaqiyatli kishilardan 15 maslahat

Gʻarbda psixologiyaning shaxsiy tarbiya, vaqtni rejalashtirish, oʻzini oʻzi ruhlantirish kabi yoʻnalishlari alohida fan darajasiga koʻtarilgan deyish mumkin. Bu mavzularda yozilgan asarlar tezda qoʻlma-qoʻl boʻladi, bestsellerga aylanadi. Bu bejiz emas. Bunday kitoblar kishilarga hayotda oʻz oʻrnini topish, muvaffaqiyatga erishishda haqiqatan ham yordam va turtki bergan. Quyida ushbu sohaning taniqli muallifi Jon Maksvellning “Muvaffaqiyatli kishilar qanday fikrlaydi?” kitobidan eng yaxshi maslahatlarni eʼtiboringizga havola etmoqchimiz. J. Maksvell asarlari ellikka yaqin tilga tarjima qilinib, 25 milliondan ortiq nusxada nashr etilgan.  2014-yili Amerika menejment assotsiatsiyasi uni ishbilarmonlik sohasidagi eng yaxshi mutaxassis deb eʼlon qildi.

 

  1. Fikrlash sportga oʻxshaydi. Yanada yaxshiroq boʻlish uchun mashq qilish kerak.

“Fikrlash grafigi”ni tuzing. Haftada, oyda va kunda maʼlum vaqtni oʻylashga ajrating.

  1. Nimaga eʼtibor qaratish zarurligini
    aniqlang va 80/20 qoidasi boʻyicha harakat qiling.

80 foiz gʻayratingizni 20 foiz harakatingizgagina sarflang. Shunda asosiy ishni kam vaqt oraligʻida bajara olasiz. Yodingizda tursin, siz har joyda hoziru nozir boʻlolmaysiz, har narsani bilib, har narsaga ulgura olmaysiz. Bir paytda koʻp vazifa bilan shugʻullanmang. Fikr tarqoqligi, harakatlardagi tartibsizlik sizdagi 40 foiz energiyani olib qoʻyadi.

  1. Fikrchan odamlar boshqa xildagi gʻoyalar va odamlar bilan oʻz holatini solishtirib,  kerakli xulosalar chiqaradi.

Sizda raqobat va ishga kirishish kaftiyatini uygʻotadigan odamlar bilan muomala qiling.

  1. Nimadir oʻylab topish bilan ish bitmaydi, uni hayotga tatbiq etish ham zarur.

Gʻoyalarning yaroqlilik muddati juda qisqa. Ana shu muddat tugaguncha otni qamchilagan kishi yutadi.

  1. Gʻoyalar kamol topishi uchun vaqt kerak. Xayolingizga birinchi kelgan fikrga bogʻlanib qolmang.

Ertalab xayolingizga yarq etib kelgan fikr baʼzan kechga borib kulgili tuyuladi. Bu tabiiy hol. Fikr maʼlum bir shaklga kirishi, aniqlik, asoslilik kabi talablarga javob bera olishi kerak.

  1. Aqlli odamlar boshqa aqlli odamlar bilan hamkorlik qiladi.

Oʻzaro kengashib qilingan ishning natijasi yaxshiroq boʻlishi amalda koʻp isbotlangan. Bu zich oʻrmonda eng yaqin yoʻlni topishga oʻxshaydi.

  1. Umumga xos xulosalardan qoching.

Koʻpchilik amalda sinalgan usullarni xush koʻradi. Chunki oʻzidan oldin kimdir toʻgʻri yoʻl topganiga umid qiladi. Qolip fikrlashdan kechish qiyin va oʻngʻaysiz. Shunday paytlari dunyoda juda koʻp odamlar oʻziga xos fikrlash yoʻlini tanlagani va shu sababli muvaffaqiyatga erishganini oʻylang.

  1. Aqlli kishilar hamma narsaga oldindan tayyorgarlik koʻradi.

Rejalashtirish va shu reja boʻyicha ishlash xato qilish xavfini kamaytiradi.

  1. Boshqacha fikrlash uchun boshqacha yashash kerak.

Hatto ishga ham bir xil yoʻldan kelavermang, boshqa-boshqa yoʻnalishlar toping. Yangi odamlar bilan tanishing, yangi kitoblar oʻqing. Chunki yangi gʻoyalar yashash tarzi bilan chambarchas bogʻliq.

  1. Boshqa gʻoyalarni munosib baholash uchun ularni qadrlay bilishingiz kerak.

Siz hamisha ham haq boʻlavermaysiz. Boshqa qarashlarga ham eʼtibor bering, boshqalardan oʻrganing.

  1. Sizda harakatlar rejasi boʻlishi kerak.

Koʻpchilik ish kuni uchun reja tuzadi. Aqlli kishilar hafta, oy va uzoq muddatga moʻljallangan rejalarga ega boʻladi va ularga ogʻishmay amal qiladi.

  1. Oʻz hayotini tahlil etish aniq va asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Agar oʻy-fikr, hissiyot va harakatlaringiz haqida kerakli xulosalar chiqara olmasangiz, koʻp borada ortda qolasiz.

  1. Inkor maʼnosida soʻzlamang.

“Men bajara olaman”, “qoʻlimdan keladi” singari qatʼiy xulosalar muvaffaqiyatga yetaklaydi.

  1. Ijodkor kishilar oʻzlarini gʻoyalariga bagʻishlaydilar.

Ular muvaffaqiyatsizlikdan choʻchimaydi, yangi marralar sari olgʻa intiladi.

  1. Ijobiy fikrlashda gap koʻp.

Ijobiy fikrlaydigan kishilar qiyinchilikda ham imkoniyat koʻradi. Shu sababli ularga koʻproq ishonishadi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi. 

 

“Sogʻlom avlod” gazetasining  2016-yil 4-avgust sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube