“Nafsi hakalak otdi”: hakalak nima?

“Nafsi hakalak otdi”: hakalak nima?

Bu ibora tilda koʻp qoʻllanadi. Ibora tarkibidagi hakalak soʻzining tub maʼnosiga koʻp ham eʼtibor bermaymiz. Bu soʻz oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:

 

1️⃣ Bir oyogʻi yoʻq.

 

Chap oyogʻingizni kesisharmish. Ikki oyoq bilan sizdan koʻrganim shu boʻlsa, endi hakalak boʻlganda nima qilardingiz…

S. Karomatov, Bir tomchi qon.

 

2️⃣ Bolalar oʻyini. Yerga chizilgan kataklar boʻylab bir oyoqlab sakrab oʻynaladigan bolalar oʻyini.

 

Hakalak oʻynamoq.

 

❗️ Mana shu oʻyin nomini esda saqlab qoling. Koʻpchilik uni ruschalab klassiki deb qoʻya qoladi. Aslida oʻzbekchada bu oʻyinning bir nechta nomlari bor.

 

Oʻzbekcha-ruscha lugʻat hakalak soʻzini ruscha jyolud, yaʼni choʻchqayongʻoq maʼnosida ham izohlagan.

 

Hakalak otmoq iborasi bir oyoqlab irgʻib-irgʻib yurishni bildiradi:

 

Sevar bir oyoqda hakalak otdi, laylak boʻlib uchdi.

S. Abduqahhor, Koʻzlar.

 

Nafsi hakalak otmoq iborasi esa ikki xil maʼnoga ega:

 

1️⃣ Ishtahasi juda ochilib, yeyish, ichishdan oʻzini toʻxtatolmaslik.

 

Nafsi hakalak otib ketganda podadagi ikki-uchta sigirni ushlab, navbati bilan sogʻib ichardi.

N. Qobil, Unutilgan sohillar

 

2️⃣ Oʻziniki qilish, oʻzlashtirishda ishtahasi karnay boʻlmoq.

 

Nafsi hakalak otgan Hamro Safoyev birdan davlat hisobidan jaraq-jaraq pul undirish payiga tushib ketdi.

“Mushtum”.

 

Ushbu iboraning nafsi haykalak otmoq, nafsi hakkalak otmoq variantlari ham bor:

 

Shundan keyin nafsi battar haykalak otib, qoʻl ostidagi ishchilarning maoshiga ham arra sola boshladi.

“Mushtum”.

 

Ammo bu bilan uning koʻngli toʻlmadi, nafsi yana hakkalak otaverdi.

“Mushtum”.

 

Lekin bir narsani eʼtiborga olish kerak. Matn tuzayotganda variantdosh soʻzlarning jonli tilda eng koʻp ishlatiladigani, hamma biladiganini qoʻllayverish kerak. Yozishdan maqsad – bilimdonlikni koʻrsatish emas, fikrni oʻquvchiga yetkazib berish. Kitobxonga yotroq soʻzni qoʻllash matnni ham, mazmunni ham oʻquvchi ongi va qalbidan bir qadar uzoqlashtiradi. Albatta, maxsus ilmiy-tadqiqiy, xos matnlar bundan mustasno.

 

📌 Demak:

Nafsi hakalak otmoq, nafsi haykalak otmoq, nafsi hakkalak otmoq ✅

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube