“Uchrashuv oʻtkazdi” va “uchrashdi”: farqi nimada?

“Uchrashuv oʻtkazdi” va “uchrashdi”: farqi nimada?

Bugun OAV uchrashuv oʻtkazdi degan jumlani juda koʻp ishlatyapti. Shuni qisqa qilib uchrashdi desa boʻlmaydimi? Boʻladi. Lekin bunda tashkillaganlik, tashabbusga egalik maʼnosi boʻrtib aks etmaydi. Baʼzan uchrashuv oʻtkazdi uncha mos kelmasligi mumkin. Umumiy mazmunga qarash kerak.

 

Masalan:

 

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari bosh vazirlari uchrashdi.

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari bosh vazirlari uchrashuv oʻtkazdi. 🤔

 

Ikkinchi jumla tahrir nuqtai nazaridan u qadar toʻgʻri emas. Chunki uchrashuvni bosh vazirlar tashkillashtirmagan. Uni Oʻzbekiston hukumati tashkillashtirgan. Bosh vazirlar esa tayyor tashkillashtirilgan marosimda qatnashgan. Lekin bu uchrashuv barcha bosh vazirlarning umumiy tashabbusi bilan oʻtkazilgan boʻlsa, aynan uchrashuv oʻtkazdi iborasidan foydalangan yaxshi.

 

Prezident matbuot kotibi jurnalistlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvni matbuot kotibi tashkillagani maʼnosi boʻrtib aks etmayapti.

 

Prezident matbuot kotibi jurnalistlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvni matbuot kotibi tashkillagani, u tashabbuskor boʻlgani yaqqolroq ifodalanyapti.

 

Gap majhul nisbatda boʻlsa-chi? Majhul nisbat oʻz nomiga xos, u
mazmunni ham majhullashtiradi. Bunda tashkillashtirish maʼnosi yoʻqoladi:

 

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari bosh vazirlari uchrashuvi oʻtkazildi.

Prezident matbuot kotibi va jurnalistlar uchrashuvi oʻtkazildi.

 

Yuqoridagi har ikki jumla xato emas. Lekin men feʼlni iloji boricha aniq nisbatda qoʻllash tarafdoriman. Aniqlikka nima yetsin!

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.