Navoiy – modern shoir
Har yili hazrat Navoiyning tugʻilgan kuni munosabati bilan tadbirlar oʻtkaziladi. Shunday tadbirlarda gʻazal oʻqiydigan yoshlar koʻpincha oʻsha davr kiyimlarida koʻrinish beradi. Toʻgʻri, zamon ruhiyatini aks ettirish kerak. Lekin urgʻu beriladigan asosiy jihat bu emas.
Muhim nuqta – Navoiyni oʻqish va uqish. Albatta, buning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Navoiy eski oʻzbek tilida, chigʻatoychada yozgan. Lekin istagan kishi uchun bu muammoga yechim topiladi. Navoiy asarlari uchun lugʻatlardan foydalanish mumkin. 20–30 tacha gʻazalni tushunib oʻqigandan keyin, lugʻatga ehtiyoj kamayadi.
Ha, muddaoga oʻtsak. Navoiy asarlarini oʻqish va targʻib etish uchun har safar oʻgʻil bolalar chopon kiyib, qizlar tillaqosh taqib chiqishi shart emas. Bugungi kun kiyimida oʻqilganda ham oʻsha gʻazal oʻsha gʻazalligicha qoladi. Albatta, bu yerda gap shorti yo maykada gʻazalxonlik qilish haqida ketmayapti.
Navoiyning gʻoyalari bugun ham ahamiyatli. Shu jihatdan, u modern shoir. Modern – zamonaviy degani. Zamonaviy shoirni doim oldingi davr kishisi sifatida talqin etaverish uni bugungi kun oʻquvchisidan uzoqlashtiradi.
Bayram va tadbirlarda ham iloji boricha hozirgi tilga yaqin, tushunilishi oson gʻazal va ruboiylar tanlanishi kerak. Hikmatli soʻzlar yoki nasriy asarlardan parchalarning tabdil variantlaridan foydalanish mumkin. Istaganlar murakkabroq gʻazallarni keyinchalik oʻzi topib oʻqiyveradi. Muhimi – Navoiy ijodi haqida yorqinroq, tushunarliroq tasavvur berish.
Aytgancha, Navoiy faqat bayramlarda oʻqib-oʻrganiladigan shoir emas. Kamida ziyolilar uchun.
Orif Tolib