Nimani yoritish yoki oʻqish kerak?
Internet olamida muhim ijtimoiy-siyosiy mavzularni yoritadigan koʻplab jurnalist va blogerlarni oʻqib boraman. Jasoratlari va fidoyiliklari tahsinga loyiq. Ular bugun katta kuchga va auditoriyaga ega boʻlib boryapti. Oʻz soʻzi bor ommaviy axborot vositalari va alohida mualliflarning kanallari ijtimoiy hayotimizda juda katta oʻrinni zabt etgan va shunday boʻlishi ham kerak. Biroq boshqalarga bilim va maʼrifat tarqatishni maqsad qilgan saytlar va kanallarning ahamiyatini ulardan kam sanamayman. Bilimdan boshqa najot yoʻq, deb hisoblayman va ilm-maʼrifat yoʻlida xizmat qiladigan barchaga chuqur ehtiromim va tashakkurimni izhor etaman.
“Haypga aralashishni yomon koʻraman, hamma yozayotgan narsani qayta yozishdan oʻzimni tiyishga urinaman. Aslida, fikr bildirmadi, tanqid qilmadi degani – jamiyatda boʻlayotgan yangiliklardan xabari yoʻq degani emas. Kimdir har bir boʻlayotgan ishga munosabat bildirib turishi kerak boʻlsa, yana kimdir insoniyat nima qilsa yaxshi boʻlishini tushuntirishga harakat qilishi kerak. Men ikkinchi toifada boʻlishga harakat qilaman. Odamlarga qaysidir tomondan foydam tegsa, bilim va koʻnikma olishiga sababchi boʻlsam, hayotiga mazmun ulasha olsam, mendan baxtli inson yoʻq. Ushbu kanalimda ham “nimaga aynan meni oʻqishlari, tinglashlari, vaqt ajratishlari kerak?” degan savollarga munosib javob bera oladigan kontent yaratishni istayman. Oʻzimga yoqmagan, koʻnglim toʻlmagan narsani boshqalarga ilinmayman.
Shuni bilishingizni istayman: blogerga “janoza” oʻqishlarini istagan hokim, menga oʻxshab Rossiyaga avtobusda ketganlarni qoralagan “Milliy tiklanish” raisi, propiskani gapirgan “ekologiyachi” va eng aktual boʻlgan yana minglab “qovunlar”dan xabardorman. Menimcha, pozitsiyamni bilasiz, men bularning barchasiga negativ qarayman. Katta ehtimol bilan barchangiz boshqa kanallarni, blogerlarni oʻqiysiz, ular munosabat bildiryapti, tanqidlari va fikrlari oʻrinli boʻlsa, men ham albatta qoʻshilaman. Agar hech kim yozmasa va men aytishim kerak boʻlsa yoinki juda ham junbushga kelib ketsam, albatta “qovunlar” haqida ham yozaman. Ungacha faqat pozitiv, foydali kontent qilishga harakat qilaman. Audiokitoblar; ilmiy va badiiy asarlar; kino va seriallar; oʻyin, media va zamonaviy texnologiyalarga tanqid, tavsif va taqriz, chet tillardagi kitoblar tarjimasi; motivatsiyalar kanalning asosiy kontenti boʻladi.
Xullas, sizga hech qanday foydasi yoʻq kanallar va guruhlarga aʼzo boʻlsangiz, ulardan chiqib keting. Agar foydali kontent qilmoqchi boʻlsangiz kanal yarating. Vaqtingizni toʻgʻri taqsimlang, ilm oling, oʻrganing” deb yozyapti @kometauz muallifi. Qoʻshilaman, yuqoridagi gaplarning koʻpi mening ham koʻnglimdan oʻtgandi.
Albatta, hayotdan xabardor boʻlib turish kerak. Lekin vaqt va asabni ham asrash kerak. Menimcha.
Orif
Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.