Nodar Dumbadze. Yuragimning bir parchasi
Atoqli gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadze oʻzbek oʻquvchilariga yaxshi tanish. Uning “Nishonga tegmagan oʻqlar” (“Kukaracha”), “Abadiyat qonuni”, “Qoʻrqmang, onaginam”, “Oq bayroqlar”, “Ellada” (“Hellados”) kabi asarlari allaqachon kitobxonlarning koʻngil mulkiga aylangan. Dumbadze ijodiga kuchli insonparvarlik, oqibat, mehr-muhabbat tuygʻulari singib ketgan.
Adibning bir qancha asarlarini taniqli tarjimon Nizom Komil oʻzbekchaga mahorat bilan oʻgirgan.
Nodar Dumbadze ijodiga boʻlgan mehr va havas meni ham tarjimaga undadi. Eʼtiboringizga havola etilayotgan – “Yuragimning bir parchasi” (“Krov”) hikoyasida yozuvchi mehr-oqibat haqida kuylaydi, nozik chizgilar yaratadi.
Tarjimon
2008
Nodar Dumbadze
YURAGIMNING BIR PARCHASI
(Qon)
Joʻka daraxtining ostida boshini quyi solgancha buzoqchalarining arqonini ushlab yaltirbosh bolakay oʻtiribdi. Yoshovsiragan koʻzlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikib oʻy suryapti: “Bu chol dadamning xuddi oʻzi! Oppoq sochlari… Qop-qora qoshlari… Keng burni… Chiroyli koʻzlari… Ovoziyam mayin, shirali… Koʻzimni yumib tursam tovushidan dadam deb oʻylayman!..”
Bola koʻzlarini yumdi.
– Men shuning uchun sizni bezovta qildim, azizim Kishvardi… Ortiq darmonim qolmadi. Umuman qoʻldan chiqib ketdi bu yaramas. Boshqa bolalarni qarang, kitobdan bosh koʻtarmaydi. Bu boʻlsa, kechasiyu kunduzi mana shu buzovlari bilan birga. Uchinchi chisloda nima qilganini bilasizmi? Gospodze bilan birga foydalanadigan umumiy qudugʻimizga xumday tarvuzni uloqtiribdi! Mana, bir haftadan beri ikkita xonadon suv oʻrniga sharbat ichib oʻtiribmiz!..
– E Xudoyim-yey! Shunaqami, oʻgʻlim?! Mayli, siqilmang, azizam Yuliya. Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan osib qoʻyaman. Qoʻyday yuvosh boʻlib qoladi!
– Uni qayeridan osasiz bilmadim-u, lekin bir gap xayolimga keldi: onasining juda baxti kulgan ekan – bu yaramasni koʻrmay oʻtib ketdi. Aytganday, otasiniyam baxti kulgan…
– Nima deb oʻylaysiz, qadrdonim Yuliya, uni eplay olarmikanman?
– Bilmayman, hech baloni bilmayman… Oʻzingiz oʻylab koʻring: yaqinda uni tegirmonga yuborgandim. Bir pud[1] saralangan makkajoʻxori opketib, besh qadoq[2] un bilan qaytib keldi, maraz. Qolgan unni Valiko Kuxalashivlining sayoq arzandalariga olib borib bergan, menimcha. “Ular koʻpchilik, och-nahor oʻtirishibdi ekan”, deydi. Eh, tavba-yey!
– E Xudoyim-yey! Shunaqami, oʻgʻlim?!
– Bu hali holvasi! Burungi kuni Kukuri Ugulava degan betayin oʻrtogʻi bilan oʻzining geografiya oʻqituvchisi Datiko Sveravaning bogʻiga oʻgʻirlikka tushibdi. Xayolinggayam sigʻdirolmaysan odam!.. Shaftoli terishib, tovuqqa almashtirib kelishibdi! Eh, tavba-yey!
– E Xudoyim-yey! Shunaqami, oʻgʻlim?!
– Ha, namuncha “shunaqami”, “shunaqami” deb takrorlab qoldingiz! Nima, meni aldayapti deb oʻylayapsizmi?
– Nega endi, nega endi, azizam Yuliya! Men boshqa maʼnoda… Nahot uni bu yoʻldan qaytarib boʻlmasa?! Nahot diydasi qotib boʻlgan boʻlsa?!
– Yoʻq, nima deyapsiz… Uni qutqarish mumkin, albatta. Ammo bunga mening qurbim yetmaydi. Buning uchun erkak kishining qattiq qoʻli kerak. Peshanamda bundan tashqari yana ikkitasi bor – Zurab bilan Vaxtang, Koliginamning bolalari, ular sal tuzuk. Ana, mollarini oʻtlatib qaytib kepti. Qarang, turishidan maʼlum, oʻzi, qanaqaligi.
– Ha-a-a… Nima desam ekan sizga, azizam Yuliya. Ota-onasi hayotlik paytida meni bolaga zigʻirchayam yaqinlashtirmasdi. Men unga begonaman, tushunyapsizmi, begona!..
– Bunday demang, azizim Kishvardi. U nima qilsayam oʻgʻil bola, erkak bilan erkakning til topishishi osonroq… Buning ustiga u naslingiz davomchisi…
– Ha, albatta… Oʻqishlari qanaqa uning, azizam Yuliya?
– Him!.. Oʻz oʻqituvchisining bogʻiga oʻgʻirlikka tushgan, “Dekameron” degan uyat kitob uchun oʻz buvisining kumush qoshiqlarini sotib yuborgan bolaning oʻqishi haqida nima deyish mumkin?! Bir oʻylab koʻring-chi, azizim Kishvardi!
– Shunaqami, oʻgʻlim?! Boʻldi! Uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan osib qoʻyaman!
– Buni qarang, biz uning tashvishini chekayotibmiz, pinaginiyam buzmaydi-ya! Kimga gapiryapsan demaydi!
Bola joʻka daraxtining ostida koʻzlarini yumib oʻtirar va oʻylardi: “Bechora Yuliya buvim charchadi. Oldin ovozi qanaqangi yoqimliydi, hozir shangʻillaydi. Yo menga shunaqa tuyulyaptimikan? Anavi kishi – bobom shekilli – shoshmasdan, yoqimli ovozda gapiryapti… Ha, koʻrinib turibdi, buvim charchagan. Agar meni hozir anavi kishi bilan – bobom shekilli – joʻnatib yubormaganida edi, uni hech qachon qiynamagan boʻlardim. Qaniydi… Qaniydi…”
– U yetim, azizam Yuliya… Faqat jazolash yaramaydi, mehr ham kerak.
– Yetimdan yetimning farqi bor! Keragicha mehr koʻrsatdim, qani bilsa! Mehrmish-a…
– Shunaqami, oʻgʻlim?! Men uni Guriyaga opketaman, oyogʻini osmonga qilib osib qoʻyaman… Qachon olib ketishim kerak, azizam Yuliya?
– Hoziroq! Tayyorlanishiga hech qancha vaqt ketmaydi.
– Shunaqa deng… Hech balosi yoʻq-da, a?
– Oʻtgan yili Avchaladan qanday olib kelgan boʻlsam shunday yuribdi, azizim Kishvardi… Nima, shohona sarpo qilib berishim kerakmi?
– Bechora bolam…
– Yoʻl oldidan ovqatlanib olsalaring boʻlardi, azizim Kishvardi…
– Ha yoʻq, ovora boʻlmang, azizam Yuliya… Samtrediada tamaddi qilib olamiz, u yogʻiga Xudo – poshsho.
– Ixtiyoringiz… Oq yoʻl sizga. Xizr yoʻldoshingiz boʻlsin!..
– Xudo quvvat bersin, azizam Yuliya!..
– Aytmoqchi, mana bularni ham olvoling.
– Nima bu?
– Uning hujjatlari. Sentyabrda uni maktabga olib borsangiz kerak. Shunga kerak boʻladi. Toʻrtinchi sinfga oʻtdi… Maʼlumotnomasida xato ketib qolgan:
Lomjariya Nodari oʻrniga Lomjariya Nadiri[3] deb yozishibdi. Menimcha, bu xatoyammas, aslida, toʻgʻri yozishgan.
– Shunaqami, oʻgʻlim?! Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan ilib qoʻyaman…
– Qayeridan ilsangiz iling, bu yerda ortiq koʻzimga koʻrinmasa boʻlgani.
– Oyogʻidan ilaman, oyogʻidan…
– Xudo quvvat bersin.
– Uni shunday koʻyga solayki, holiga maymunlar yigʻlasin.
– Xoʻp, xayr boʻlmasa, azizim Kishvardi.
– Yaxshi qoling, azizam Yuliya.
Ushbu oldi-berdi marosimi 1938-yil avgust kunlarining birida, tush payti Xoni qishlogʻida Nodar Lomjariyaning imeretiyalik buvisi, aniqrogʻi, onasining onasi qadrli Yuliya Mikeladze va guriyalik bobosi, aniqrogʻi, otasining otasi janob Kishvardi Lomjariya oʻrtasida boʻlib oʻtdi.
Bir soatdan soʻng bola, aniqrogʻi, 1928-yilning 14-iyulida Tbilisi shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan Nodar Lomjariya tandirday qizigan tuproq yoʻl boʻylab bobosining ortidan xuddi arqonlangan buzoqqa oʻxshab gʻamgin sudralib borardi…
***
Bobo bilan nevara Xonidan Kulashigacha foytunda, Kulashidan Samtrediaga uzunaravada yetib olishdi. Keyin tamaddi ham qilmasdan Choxatauridan oʻtadigan choy fabrikasining yuk mashinasiga chiqishdi. U yerdan Intabuyeti qishlogʻigacha piyoda ketdilar.
Bobo oldinda, nevara orqada. Bobo keksalarga xos xasta tovushda yoʻtaldi, ihradi. Qarshidan kelayotgan yoʻlovchini koʻrib jim qoldi, taʼzim qilib salomlashdi. Soʻng biroz turdi, keyin yana yoʻtaldi, ihradi. Gohida u bolaga sassiz tikilib qolardi. Bu qarash xuddi soʻnggi zurriyodini yoʻqotishdan qoʻrqqan qari otning qarashiga oʻxshaydi.
Bola qadam tashlar va oʻylardi: “Bechora chol nimjon, kasalmand, zoʻrgʻa, qiynalib nafas oladi, doʻppisining ham rangi oʻchib ketgan… U meni daraxtga oyogʻimdan osib qoʻymoqchi… Bu chol – mening bobom. Dadamning dadasi. Bobom! Uning ortidan ergashib borishga meni nima majbur qilyapti? Xuddi qulga oʻxshab indamay, hoʻshshayib ketyapman. Ikki MARTA sakrasam – tamom! Nima meni ushlab turibdi? Charchab, ochqab, issigʻu chanqovdan oʻlgiday boʻlsam ham qochib ketmayman. Nega? Bu kuchning nomi nima?”
– Nimalar haqida oʻylayapsan, oʻgʻlim? – dedi chol toʻsatdan oʻgirilib.
– Hech narsa haqida oʻlayotganim yoʻq! – dedi dovdirab qolgan bola.
U hamma narsani kutgandi, lekin bunaqa savolni emas.
Chol yoʻlning chekkasiga borib oʻtirdi. Yoʻtalib, nafasini rostlab olgach bolaga tikildi, keyin barmoqlarini bukib sanashga tushdi: 28, 29, 30, 31, 32, 33, 34, 35, 36, 37, 38.
– Yigirma sakkizinchi yili tugʻilganding. Hozir oʻttiz sakkizinchi yil. Demak, oʻn birga kiribsan… Kap-katta yigit boʻp qolding… Qanday qilib hech narsa haqida oʻylamasliging mumkin? Yo oʻz bobongdan yashirasanmi?
– Yoʻq, bobo, hech narsa haqida oʻylaganim yoʻq, – deb yolgʻonladi bola.
– Oʻylashni boshlaydigan vaqting kelgan, oʻgʻlim, vaqting kelgan.
Chol yoʻtalib, inqillab turdi-da yoʻlida davom etdi. Bola bobosining ortidan xuddi yuki ogʻir aravaday boshini egib, qulogʻini ding qilib qadam tashlardi…
***
Bola – oftobda qoraygan, sochlari hurpaygan – chinor tagida belkurakka suyanib turibdi, koʻzlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikkancha oʻy suryapti: “Bir yilning ichida butkul qarib, munkayib qolibdi. Yuzida ajin toʻla. Ovozi qanaqadir boʻgʻiq. Lekin baribir u mening ayamga – yosh, chiroyli, muloyim, koʻzlari qop-qora, mehribon ayamga oʻxshaydi. Qadam tashlashiyam, ovoziyam… Koʻzimni yumib tursam tovushidan ayam deb oʻylayman!..”
Lekin bola koʻzlarini yummadi. Qoʻrqib ketdi.
– Tinchimni yoʻqotdim, azizim Kishvardi! Onasining bezovta nigohi oʻngimdayam, tushimdayam namoyon boʻlyapti… Vijdonim esa har qadamda tergaydi… Uni olib ketgan kuningizdan beri yuragim sugʻurib olinganday tentirab yuraman… Bolani menga qaytaring, azizim Kishvardi!..
– Him… U sizdan olgan vaqtimda bola edi. Hozir – kap-katta yigit, hamma narsani oʻzi hal qiladi. Agar siz bilan ketishni istasa men hech qanday qarshilik bildirmayman.
– U mendan xafa… Meni u bilan yarashtira oladigan yagona odam sizsiz, azizim Kishvardi…
– Axir unga oʻxshaganlardan sizda yana ikkita bor-ku, qadrdonim Yuliya… Hech boʻlmasa bittasini menga qoldiring!
– Nahot gap sonda boʻlsa?! Oʻnta boʻlsa oʻrni, qirqta boʻlsa qiligʻi boshqa. U mening jondan aziz nabiram, axir, qadrdonim Kishvardi!
– Shundaylikka shunday-ku-ya… Lekin men nima qilishim kerak? Axir oʻlimimdan keyin avlodimizni davom ettiradigan yagona merosxoʻrim u…
– Men axir uning familiyasini oʻzgartirmoqchi emasman-ku! Mayli, qolgan ikkita nevaramniyam Lomjariya familiyasiga oʻtkazaman. Lekin uni menga qaytaring, iltimos.
– Demak, bolani olib ketgani kelibsiz-da, azizam Yuliya?!
– Narigi dunyoga gunoh bilan ketishimga yoʻl qoʻymang! U yerda onasining koʻziga qanday qarayman?!
– E, azizam Yuliya, Xudo bilar kim oldin ketar. Agar men sizdan oldinroq oʻlsam, onasi bilan dadasining koʻziga qanday qarayman?
– Xudo umringizni uzoq qilsin, azizim Kishvardi.
– Bola men uchun hamma narsa, mening jonu jahonim u. Dalam ham, uzumzorim ham, tegirmonim ham, qabrtoshim ham mana shu bola… Yoʻq, istasangiz meni oʻldiring, lekin uni sizga bermayman!
– Boʻlmasa, men oʻzimni oʻldiraman. Hoziroq, koʻzingizning oldida!
– Xudo xayringizni bersin, azizam Yuliya, nimalar deyapsiz!.. Buving bilan ketasanmi, oʻgʻlim?
– Koʻnglidagini ayta olarmidi… U sizdan iymanyapti!
– Shunaqami, oʻgʻlim?!
– Unga onaning mehri kerak, azizim Kishvardi! Oq yuvib, oq tarash zarur. Siz onasining oʻrini bosa olarmidingiz?..
– Nimalar deyapsiz… Men unga shu paytgacha, Xudoga shukr, yomon qaramadim… axir sizni biror MARTA boʻlsin yordamga chaqirmadim-ku…
– Siz haqsiz, mutlaqo haqsiz, azizim Kishvardi. Lekin baribir… Bolaning oyoqlarini uyqudan oldin yuvish kerak, maktabiga yugurish kerak… Bular erkaklarning ishi emas!..
– Bizning maktabda uni birov xafa qilgani yoʻq… Unaqa narsalar sizlarning maktablaringda edi, bolani yovvoyiga chiqarishgandi, esingizda boʻlsa, siz ham ularning fikriga qoʻshilgan edingiz… U umuman yovvoyi emas.
– Nega oʻshanda tilim uzilib tushmadi ekan-a!
– U mening qoʻlimda farishtaga aylanib qolmagan, shaftoli oʻgʻirlashniyam tashlagani yoʻq…
– Mayli, oz-moz oʻgʻirlasa hechqisi yoʻq, quyilib qolar!
– Yo endi un ulashmay qoʻydi deb oʻylayapsizmi?
– E, un undan aylansin! Hamma narsam uniki, menga desa xonumonimga oʻt qoʻyib yubormaydimi – gʻiring demayman!
– Chekyaptiyam, yaramas!
– Shunaqami, oʻgʻlim?!
– Siz, mana, mendan soʻrang! Tamaki xaltamniyam, hamyonimniyam ship-shiydam qildi!
– Mayli, sogʻlik uchun oz-moz chekib tursa hechqisi yoʻq. Axir oʻzingiz aytdingiz-ku – u endi kap-katta yigit!
– Yana bir oy sabr qiling. Pilla tutganim uchun mukofot puli olaman, bolani kiyintiraman… Axir bunaqa juldurvoqi ahvolda siznikiga ketmaydi-ku!
– Siz faqat ruxsat bering. Kiyim, poyabzal olib berish – mening ishim! Oʻzimnikini yechib boʻlsa ham unga kiydiraman!
– Him, sizning kiyimlaringiz unga rosa loyiq tushadi!
– Sizga hazil-mazax boʻlsa! Mening esa yuragim qon boʻlib ketyapti!
– Axir, aytdim-ku: u allaqachon kap-katta yigit boʻlgan. Oʻzi hal qilsin!
– Siz – uning uchun avliyo darajasidasiz, nima desangiz ishonadi, nima qil desangiz qiladi… Ayting unga, azizim Kishvardi!..
– Xudodan qoʻrqsangiz-chi, azizam Yuliya. Axir qanday qilib oʻz jigarbandimga, tomirida qonim oqib turgan bolaga uyimdan ket deb ayta olaman?!
– Nima, men unga begonamanmi? Axir u mening ham jigarbandim, yuragimning bir parchasi. Xudo biladi, bir yil umrim qoldimi-yoʻqmi. Oʻtinaman sizdan, ajalimdan besh kun burun oʻldirmang, bolani menga baxshida qiling!
– Azizam Yuliya!
– Oldingizda tiz choʻkaman, tiz choʻkaman!..
– Nimalar qilyapsiz! Turing oʻrningizdan! Mayli, mayli siz aytganday boʻlsin!..
– E qodir Xudoyim, bu odamga oʻzing ajr-barakot ber! Baxtu quvonch ber!
– Endi mening shodligim ham, baxtim ham qolmadi…
– E bor Xudoyim…
– Buving bilan ket, oʻgʻlim…
Ushbu suhbat biz boshda hikoya qilgan guriyalik bobo va imeretiyalik buvi ishtirokidagi voqeadan roppa-rosa bir yil keyin sodir boʻldi. Bu galgi jarayon oldi-berdi marosimi emasdi. Bu ikki qaynoq qonning toʻqnashuvi, ikki olovli yurakning volasi edi. Bu ikki teng kuchli mehr tugʻyonining kurashi sabab bolaning yuragi shiddat bilan tepa boshladi, tomogʻiga shoʻr bir narsa tiqilganday boʻldi, tanasini sovuq ter bosdi, titroq butun vujudini lovullatib yubordi. Qandaydir nomaʼlum kuch uni zarb bilan buvisi tomon tortardi, biroq xuddi shunday shiddatkor ohanrabo uni bobosi tomon yetaklardi. Bola bir necha bor shunday ogʻriqni his qildi – goʻyo uning vujudi qaynoq suv ichida qoldi. Chol bilan kampir oʻrtasida kechgan qizgʻin, shiddatli bahs tugamaguncha bolani anglamsiz qoʻrquv, yuz berajak koʻngilsizlikni kutish azobi tark etmadi.
Buvi oʻrnidan turib bolaga yaqin keldi, uni quchogʻiga oldi.
– Bolaginamdan yodgorim, koʻzlarimning nuri, yur men bilan, kemtik bagʻrimni toʻldir, bolajonim!..
Kampir yigʻladi, uning issiq koʻzyoshlari bolaning boshiga tomchiladi. Oʻpkasini boʻshatib olgach, bolani sekingina bagʻriga tortdi, biroq u xuddi temir qoziqday, tomirlari yerning qaʼr-qaʼriga singib ketgan daraxt singari joyidan jilmay, harakatsiz turardi.
– Buving bilan ket, oʻgʻlim, bechora buvingni xafa qilma… Diydoringga toʻyib olsin, keyin mening oldimga yana qaytib kelasan… Men ungacha seni kutib oʻtiraman, gʻamga toʻlib oʻtiraman… Sen nima deb oʻylaganding? Mana shunaqa, nevara boʻlish osonmas! Ogʻir, juda ogʻir, ayniqsa men bilan buvingga oʻxshagan dardibedavolarning nevarasi boʻlish qiyin… Boltang, belkuraging, ketmoning, toʻqmogʻing, savating, sigiring, aravang hech qayoqqa ketmaydi, qaytishingni kutadi…
Bola boboning soʻzlarini eshitarkan tevarakka
razm solib hayron qoldi: bolta, ketmon, belkurak, savat hovlining boshqa burchagida qalashib yotar, sigir, buzov, echki boʻlsa, umuman boshqa bir burchakda edi, bobo ularni koʻrmasa-da, turgan joylarini qoʻli bilan aniq koʻrsatib berardi.
Bobo soʻzida davom etdi:
– Mana sumkang, mana bular darsliklaring – guruzin tili, tarix… Yana nimang qoldi? Hech nima… Shiming, koʻylaging, shippaging – egningda. Samtrediagacha yalangoyoq ketgin, boʻlmasa shippaklaring uygacha yetib bormaydi. Boʻpti… Boʻl endi tezroq!
***
Kishvardi Lomjariya nevarasi hozir temir qoziqqa, tomirlari yerning qaʼr-qaʼrigacha singib ketgan daraxtga aylanganini tushundi, juda-juda chuqur ketgan bu tomirlarni oddiy nasihat bilan sugʻurib boʻlmasdi. Boshqacha yoʻl tutish kerak edi. Lekin qanaqa?
Kishvardi Lomjariya nevarasi girdobning oʻrtasida chirpirak boʻlayotganini, ikki avlodning shiddatkor, jangovor qoni uni ikki tomonga zarb bilan tortayotganini ham angladi. Ularning qaysi biri ustun keladi? Qay bir qon gʻalaba qozonadi? Bu kurash nima bilan tugashini kutmaslik kerak! Aslo!.. Ularning qaysidir biri bu kurashni toʻxtatishi, qaynab-koʻpirib yotgan mehr rishtalarini chirt uzib tashlashi kerak.
Bu ogʻir, alamli masʼuliyatni Kishvardi Lomjariya oʻz boʻyniga oldi:
– Xoʻsh, yana nimani kutyapsan? Qulogʻingga tanbur chertdimmi?!
Bola bobosiga qoʻrqa-pisa qaradi.
– Joʻna, orqangga qayrilib qarama! Tushundingmi?!
Bolaning qalbini bobosiga boʻlgan qattiq achinish va buvisiga boʻlgan shafqat hislari birvarakayiga zabt etdi. Ich-ichidan qalqib chiqayotgan yoshlar koʻzlarini xira parda bilan qopladi, boshi oʻz-oʻzidan koʻksiga egilib qoldi. Bola bir ogʻiz soʻz aytmasdan xuddi arqonlangan yuvosh buzoqday Choxataurning tuproq yoʻliga burildi. Qarib-munkillab qolgan, boshdan-oyoq qora kiyingan buvisining ortidan ergashdi…
Kishvardi Lomjariya kamin yoniga borib oʻtirdi-da, mis qozonchadagi suvning qaynashini kuta boshladi.
Kishvardi Lomjariya olovga tikilgancha xayol surardi. Ayni damda noxush oʻylardan qutilishga, ulardan yashirinishga urinardi. Lekin oʻzingdan qayga qochib berkinasan? Axir odam ojiz banda-ku… “Bolani berib yubormaslik kerak edi… Lekin kampirning anduhiga dosh bera olmadim… Endi boʻlsa oʻzim xuddi oʻshanday holatga tushib oʻtiribman. Keyingi hafta kampirnikiga boraman, bolani qaytarib berishini soʻrayman. Bermasa, kuch bilan olaman… Aytaman: “Jigarbandimni, yuragimning bir parchasini, tomirimdagi qonimni tortib olishga qanday haqqing bor?! Axir sen Xudo emassan!” deyman! Ammo… u ham menga xuddi shu soʻzlar bilan javob qaytarishi mumkin! Axir men ham ojiz bandaman… Axir bola menga qanday rishtalar bilan bogʻlangan boʻlsa, unga ham shunday yaqin-ku. Eh, odam boʻlish qiyin, odamzodning chekiga tushgan iztiroblarga chidash berish judayam qiyin. Ahvolim Yaratganga ayon, bandangga Oʻzing rahm qil, Xudoyim… Keyingi hafta boraman-da, kampirning oyoqlariga yiqilaman. Yoʻq, bir haftagacha sabr qilolmayman… Ertadan keyin boraman… Yoʻq, ertagayoq! Ertaga azon payti yoʻlga tushaman. E Xudo, tezroq tong ota qolsaydi…”
Kishvardi Lomjariya kamin yoqinida mis togʻorachadagi suv qaynashini kutib oʻtirib shunday oʻylar surardi. Shu payt darvoza toʻsatdan ochildi, boʻsagʻada bolaning egilgan boshi va yelkasiga ilingan shippaklari koʻrindi.
– E Xudo! Oʻzingga shukur!
– Men qaytdim, – pichirladi nevara.
– Qaytishingni bilardim, – dedi bobo.
Soʻng mis togʻoraga mis qozonchadan issiq suv quydi-da, nevarasining horgʻin oyoqlarini uzoq yuvdi. Keyin unga deb soʻriga joy soldi, oʻzi boʻlsa kichkinagina uychasiga uxlagani kirib ketdi.
Cholni yarim kechasi bolaning ovozi bezovta qildi:
– Bobo, siz bilan yotsam maylimi?
– Kel, oʻgʻlim.
Bola bobosini quchoqlab oldi.
“Bechora, hamma yogʻi muzlab qolibdi!” – oʻyladi nevara.
“Qanaqa tafti bor-a!” – oʻyladi bobo.
Biroz vaqt oʻtgandan keyin bobo soʻradi:
– Bilasanmi, seni nima qaytardi?
– Yoʻq!
– Bilib ol, oʻgʻlim, tomiringda oqib turgan qon seni men tomon yetakladi. Qon, yurak qoni shunaqangi katta kuch, oʻgʻlim!..
Oʻsha tun ular boshqa bir ogʻiz ham gapirishmadi. Hech nima haqida oʻylamadilar, hech nima haqida gapirmadilar.
Bobo va nevara shirin uyquga ketdi…
Ikki tanada oqqan bir xil qon – mehr qoni oʻyladi, gapirdi. Lekin u nimalar haqida oʻyladi, nimalar haqida gapirdi – yolgʻiz Xudogagina ayon!..
Ruschadan Orif TOLIB tarjimasi
[1] Pud – 16,3 kg ga teng ogʻirlik oʻlchovi.
[2] Qadoq – 409 g ga teng ogʻirlik oʻlchovi.
[3] Soʻz oʻyini: Nodari – erkaklar ismi, “nadiri” – yovvoyi degani.
[4] Igra slov: Nodari – mujskoye imya, nadiri – zver.