Ogʻir atletikachining doʻsti ham, raqibi ham – shtanga

Ogʻir atletikachining doʻsti ham, raqibi ham – shtanga

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan XXXI yozgi Olimpiada oʻyinlari chempioni Ruslan Nurudinov bilan suhbat

 

Andijonda koʻplab sport turlari boʻyicha maktablar shakllangan. Nega aynan ogʻir atletika yoʻnalishini tanlagansiz?

Toʻgʻrisini aytsam, boshqa ilojim boʻlmagan.

 

Ie, kimdir majburlab tosh koʻtartirganmi sizga?

Yoʻq, unday emas. Ikkita akam bor. Ular ogʻir atletika bilan shugʻullanishardi. Hayotda oʻzing havas qiladigan, ergashadigan kishilar boʻladi-ku. Albatta, otam men uchun doimo namuna boʻlgan. Lekin sport borasida akalarimning ortidan ketganman. Akalarim shugʻullanayotgan zalga birinchi MARTA besh-olti yoshlarimda borganman. Ularning ogʻir-ogʻir tosh koʻtarishlarini koʻrib, meni hayrat chulgʻab olgan. Oʻn ikki-oʻn uch yoshlardagi akam 70-90 kg toshni bemalol koʻtarardi. Bu tosh koʻzimga juda katta koʻrinardi, nahotki odam shuncha ogʻirlikni koʻtara olsa, deb hayron qolardim. Ana shu paytda men ham ogʻir atletikachi boʻlaman degan maqsadni dilimga tugib qoʻyganman.

 

Sport bilan shugʻullanayotgan dastlabki paytlarda boshqa sport turiga oʻtib ketish fikri boʻlganmi? Balki sizni ogʻir atletikadan qaytarishgan hamdir?

Birinchi boʻlib murabbiyim qaytarganlar. Hayron boʻlmang, sababi bor. Ikki yildan keyin kelasan, deganlar. Sakkiz yoshimdan mashgʻulotlarga qatnay boshlaganman. Ilk paytlarda “kaltak” deb ataladigan, toshsiz shtangani koʻtarib mashq qilganman. Chunki haqiqiy shtanga bilan ishlash bu yoshda mumkin emas. Asta-sekin texnikani oʻrgandim, ikki kilo-ikki kilo tosh qoʻshib koʻtara boshladim. Oradan ikki yil oʻtgach, chinakam shtanga bilan shugʻullanishga oʻtdim.

Otam va akalarim qarshi boʻlishmagan. Ona baribir ona-da, ming xil yoʻl bilan fikrimni oʻzgartirishga urinardi. “Boʻying oʻsmay qoladi”, “Oʻqishing qolib ketyapti”, “Oʻrtoqlaring bilan borib futbol oʻynasang-chi”, “Koʻchaga chiqib, aylanib kel”, “Bolaliging ham oʻtib ketyapti”… Xullas, shunaqa. Lekin Toshkentga oʻqishga kelganimdan keyin mening eng katta suyanchim, eng katta qoʻllovchim onam boʻldilar. “Shu yoʻlni tanlading, endi chekinma, dadil boʻl”, deb qayta-qayta taʼkidladilar. Hozir ham shu gapni qulogʻimga bot-bot quyib turadilar.

Boshqa sport turiga oʻtish fikri esa mutlaqo boʻlmagan. Agar ogʻir atletikada omadim chopmaganida, men uchun sport yoʻli tugardi.

 

Shtangachi qanday xususiyatga ega boʻlishi kerak deb hisoblaysiz?

Kuch va tezlik uygʻunligi, mushaklarning yaxshi rivojlanishi jismoniy ustunlik beradi. Shtangachi oʻz mushaklarini yaxshi bilishi kerak. Mushaklar oq va qizil boʻladi. Qizili – choʻziluvchan, oqi – qotuvchan.

 

Qaysi biri yaxshi? Oqimi, qizilimi?

Ikkalasiga ham mos shugʻullanish usulini topsa boʻladi.

 

Sizning mushaklaringiz qaysi turga mansub?

Qiziliga. Bunday mushak tez oʻsmaydi, rivojlanishdan erta toʻxtaydi. Lekin tez choʻzilib, tez oʻz holatiga qayta oladi.

 

 

– Sportchilarning xarakteri tez namoyon boʻladi. Masalan, bokschining qiziqqon, xotirjam yoki ayyorligini ringda yaqqol koʻrish mumkin. Ogʻir atletikachining xarakteri esa koʻpda sezilavermaydi.

Toʻgʻri. Chunki tosh odamni xotirjam qilib qoʻyadi. Shugʻullanganingiz sari fikringiz jamlanib boradi. Jahlga qancha erk bersangiz, tosh shuncha boʻysunmaydi.

 

Koʻplab sport turlarida sportchilar raqiblarining imkoniyatlarini oldindan yaxshilab oʻrganadi. Ularning kuchli va zaif jihatlariga qarab tayyorgarlik koʻradi. Siz ham shunday yoʻl tutasizmi?

Albatta, raqibga eʼtibor beriladi. Lekin ogʻir atletikachi uchun asosiy raqib – shtanga. Tosh bir paytning oʻzida doʻst ham. Musobaqa paytida raqibga qarab toshga buyurtma beriladi. Lekin shtangani koʻtara olmasang, eng zaif raqibni ham yenga olmaysan. Shu bois mashgʻulotlar paytida asosiy diqqatni shtangaga qaratamiz.

 

Necha kilogramli toshga buyurtma berish, raqibning harakatiga munosib javob qaytarish uchun ham puxta strategiya kerak. Bunday holatlarda qanday qaror qabul qilasiz yoki murabbiy nimani buyursa, shuni bajarasizmi?

Kelishgan holda harakat qilamiz. Masalan, sahnaga chiqqunimcha shugʻullanib turaman. Oʻz navbatim kelguncha asta-sekin ogʻirlik qoʻshib, tosh koʻtarib turaman. Ikki-uch daqiqa qolganda dam olaman. Badan qizib turadi, belni sovitib qoʻymaslik uchun sochiqqa oʻralib turaman. Murabbiyim kelib, “Ruslan, raqibing 180 kilo koʻtardi, 182 kilo koʻtara olasanmi?” deydi. Men ahvolim yaxshi boʻlsa, “183 kilo buyurtma bera qolaylik, oʻzimni yaxshi his qilyapman”, deyman. Shunday ishlaymiz. Shtangachilar sahnaga chiqquncha xato tayyorgarlik koʻrib yoki yanglish kilogramga buyurtma berib yutqazib qoʻygan holatlar juda koʻp.

 

2012-yilgi London Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin tez orada oʻzingizni koʻrsata oldingiz. Olimpiadadan keyin ogʻir tushkunlikni boshdan kechirganingiz aniq. Jismoniy-ruhiy tiklanishga nimalar koʻmak berdi?

Toʻgʻrisi, besh-olti oycha tushkun yurdim. Lekin bu ruhiy tushkunlik emasdi. Oʻz ichimga qamalib oldim-da, qayerda adashdim, nima kamchiligim bor, qanday ishlashim kerak, degan savollarga javob izladim. Murabbiy sizni shugʻullantiradi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, kerak boʻlsa, qachon hojatga borishingniyam nazorat qiladi. Lekin koʻp vaqt oʻzing bilan oʻzing qolasan. Oʻzingga oʻzing ishlov bermasang, shtangadan qoʻrqib tursang, hech narsaga erishmaysan. Murabbiying qancha urinmasin, biror natijaga erishish qiyin.

“Nimaga yutqazdim?” deb oʻzimga qayta-qayta savol berdim. Chunki men musobaqaga tayyor edim. Mashgʻulotlarda natijalarim dast koʻtarish – 199 kilo, siltab koʻtarish – 235 kilo edi. Olimpiadada 184 kilo ga 221 kilo boʻldi. Farqni qarang! Bu keraksiz hayajon, ortiqcha ishonchning oqibati edi.

 

Musobaqalarga alohida ruhiy tayyorgarlik koʻrasizmi? Bu borada ham kimdir murabbiylik qiladimi? Maqolalar, suhbatlardan oʻqib bilganmiz, qaysidir sportchi musobaqadan oldin meditatsiyaga kiradi, kimdir qandaydir irimlar qiladi. Sizda bu jarayon qanday kechadi?

Har qanday musobaqaga faqat pok niyat va ixlos bilan boraman. Xudodan soʻrayman, iltijo qilaman. Oʻzimni jamlashga harakat qilaman. Deylik, maydonga chiqyapman, tezda boʻshashim kerak, bosh har qanday oʻy-fikrdan xoli turishi zarur. Faqat bitta savol koʻndalang boʻlishi lozim: qanday koʻtaraman? Toshni koʻtarib, pastga tashlamaguncha na murabbiyni, na yaqinlarimni, na tomoshabinni – hech kimni koʻrmayman.

 

Rio-2016 Olimpiadasida barchamizni xursand qilib, eng yuqori pogʻonaga koʻtarila oldingiz. Bunga nimalar asos boʻldi?

Bu safar ruhiy tayyorgarligim yuqori edi. Oldingi xatolardan kerakli saboq chiqargandim. Londonga “Men chempionman! Chempion boʻlishim aniq!” degan kayfiyatda ketgan boʻlsam, bu gal imkoniyatlarimga ishonsam-da, “Ruslan, katta ketma! Ishon, lekin ishonchingni oshkor qilma. Oldin natijaga erish, keyin oʻzingni bemalol qoʻysang boʻlaveradi”, deb oʻzimga oʻzim tez-tez eslatib turdim. Boshqalar: “Ruslan, bu koʻrsatkich bilan sen albatta gʻolib boʻlasan!” desa ham, “Toʻxtanglar. Oldin boray, oʻzimni koʻrsatay, keyin, mayli, gapiringlar”, deya javob qildim. Hatto murabbiyning qanoati ham menga xotirjamlik bermadi. Musobaqadan oldingi mashgʻulotlarda 200 kiloga 240 kilo koʻrsatkichga erishdim. Olimpiadada esa 190 kiloga 237 kilo koʻtardim. Natijalar baribir farq qildi. Mashgʻulotda 240 kiloni juda oson koʻtara olgandim.

 

Gʻolib boʻlgandan keyingi his-hayajonlar haqida ham gapirsangiz…

Toshni tashlagach, ichimdan ulkan bir quvonch koʻtarilib keldi. “Xayriyat, eng katta imtihondan oʻtdim”, degan fikrdan yayradim. Chunki sportchi uchun eng yuksak musobaqa Olimpiada sanaladi. Jahon chempionatlari ham Olimpiya choʻqqisi sari bir bosqich. Sahnada turarkanman, qarshimdagi, yon-atrofimdagi birorta odamni koʻrmadim. Sahnadan tushgach, sal hayajonim bosildi. Lekin toʻp boʻlib turgan, gʻalabamni nishonlayotgan delegatsiyamiz aʼzolarini koʻrgach, meni cheksiz quvonch yana chulgʻab oldi.

 

Sportchilarning muntazam amal qiladigan kun tartibi, hayot tarzi boʻladi. Sizda qanday? Kuningiz qanday oʻtadi? Qanday dam olasiz? Qanaqa ovqatlanasiz?

Biz yil boʻyi mashgʻulotda boʻlamiz, qatʼiy kun tartibiga amal qilamiz. Ertalab 7:30 da turib, kech soat 11 da uxlaymiz. Kunga qarab bir, ikki yoki uch mahal mashgʻulot oʻtkazamiz. Kunduz soat bir yarim-ikkidan soat toʻrtgacha dam olish soati. Chunki ikkinchi mashgʻulotga kuch yigʻib olish kerak. Ovqatlanish vaqtlari ham qatʼiy. Oshxonada hamma bir paytda ovqatlanadi.

Milliy taomlarimizni xush koʻraman. Bir kun – osh, bir kun – norin, bir kun – somsa. Shoʻrvani ham yoqtiraman.
Uzoq davlatlarga musobaqalarga borganda, iloji yoʻq, sabr qilaman. Ogʻir atletikachi kaloriyali ovqatlar yeyishi kerak. Mushaklarni qotiradigan yoki unga salbiy taʼsir koʻrsatadigan yeguliklar mumkin emas. Yaxshiyamki, oʻzbek taomlari orasida bundaylari yoʻq (kuladi).

 

Badiiy asarlar ham oʻqib turasizmi? Kimning yozganlari sizga koʻproq maʼqul boʻlgan? Soʻnggi oʻqigan kitobingiz qaysi?

Tarixiy kitoblarni koʻp oʻqiyman. Ular menga ilhom beradi, dunyoqarashimni kengaytiradi. Qayerga borsam, oʻsha yerning tarixini yaxshiroq oʻrganishga harakat qilaman. Tarix kitoblarida urushlar haqida ham yoziladi. Urushni yomon koʻraman. Tinch yurtda tugʻilib, tinchliksevar odamlar orasida ulgʻayganim uchun eng qadrli neʼmat tinchlik-osoyishtalik ekani kitob oʻqiyotganimda ham xayolimdan ketmaydi.

Soʻnggi MARTA oʻqigan badiiy kitobim – Pushkinning “Pugachyov tarixi” asari. Oʻzi, bu shoir ijodini juda sevib mutolaa qilaman. Deyarli hamma asarini oʻqiganman, desam ham boʻladi.

 

Bugun siz katta muvaffaqiyatlarga erishgan, mashhur sportchisiz. Oldingizda turgan bundan-da kattaroq rejalar haqida gapirsangiz.

Ikki karra yoki uch karra Olimpiya chempioni boʻlish hech kimga ortiqchalik qilmaydi. Kelgusi Olimpiadada ham gʻalaba qozonishni niyat qilganman. Garchi oʻzbek ogʻir atletikasi tarixida birinchi jahon chempioni, birinchi Olimpiya chempioni degan sharafga erishgan boʻlsam-da, bu natijalar meni qanoatlantirmaydi. Osiyo oʻyinlari chempionligini ham qoʻlga kiritsam, toʻla medallar shodasiga ega boʻlaman. Kuni kelib, jahon darajasidagi afsonaviy ogʻir atletikachiga aylanarman. Maqsadim shu: imkoniyatlardan samarali foydalanib, yangi-yangi yutuqlarga erishish.

 

Istaysizmi-yoʻqmi, vaqti kelib professional sportni tark etasiz. Undan keyin nima bilan shugʻullanishni hech oʻylab koʻrganmisiz?

Yoʻq, oʻylab koʻrmaganman. Oʻylaganingiz – oʻsha tomonga qadam tashlaganingiz. Bir paytlar zal ochishni rejalashtirgandim. Bu fikrdan hozircha voz kechganman. Sportchi asosiy maqsaddan uzoqlashmasligi kerak. Hech nimaga chalgʻimasligi zarur. Baʼzilar: “Davring keldi, bor, biznes qil, pul top!” deb oʻzicha maslahat beradi. Men bunday gap-soʻzlarga mutlaqo quloq tutmayman. Toʻgʻri, oilamga yordam beryapman, akalarimning biznesini qoʻllab-quvvatlab turibman. Lekin oʻzim faqat sport bilan mashgʻulman. Menga sportdan topganim yetadi. Ortigʻi kerak emas.

 

Bugun ogʻir atletika bilan shugʻullanuvchilar sezilarli koʻpaydi. Bunga siz va siz kabi sportchilarning erishayotgan muvaffaqiyatlari ham katta taʼsir koʻrsatadi. Ogʻir atletikaga kirib kelayotgan yoshlar, oʻsmirlarga qanday tavsiyalar berasiz?

Ogʻir atletika bilan shugʻullanuvchilar soni koʻpayganiga, avvalo, davlatimizning yuksak eʼtibori sabab. Men sportga qadam qoʻygan davrdagi shart-sharoit bilan hozirgisi oʻrtasida juda katta farq bor. Bugungi yoshlar hamma imkoniyatga ega. Sport zallariga eng zamonaviy jihozlar oʻrnatilgan. Shtangalarimiz deyarli har yili yangilanadi. Eskirishga ham ulgurmaydi. Toshkentda xalqaro chempionatlar oʻtkazilyapti. Musobaqadan keyin yangi toshlar tarqatiladi. Chekka-chekka qishloqlardagi zallarda ham ogʻir atletika jihozlari yoshlar uchun muhayyo. Endi ana shu sharoitdan, imkoniyatdan unumli foydalanish kerak. Turli bahonalar, erinchoqlik, oʻz isteʼdodiga masʼuliyatsizlik yaramaydi. Ishtiyoq, qiziqish boʻlmasa, sportga qadam qoʻymagan maʼqul.

 

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir guruh sportchilarga davlatimizning yuksak mukofotlarini shaxsan topshirdilar. Ular safida siz ham bor edingiz…

Ogʻir atletikachilar tabiatan hayajonsiz boʻladi, tez taʼsirlanib ketavermaydi. Prezidentimiz gapirayotgan paytda ich-ichimdan ruhlanib, ilhomlanib oʻtirdim. Bu uchrashuvdan juda katta taassurot oldim, kuchimga kuch, ishonchimga ishonch qoʻshildi.

Sportga Birinchi Prezidentimiz katta eʼtibor qaratgan edilar. Bugun bu gʻamxoʻrlik yanada ortdi. Koʻrsatilayotgan eʼtibor, bildirilayotgan ishonch uchun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ishonchlarini albatta oqlayman. Yangi-yangi gʻalabalar bilan sportimiz rivojiga hissa qoʻshaman.

 

Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

 

 

Orif Tolib

suhbatlashdi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 4-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube