O’Henrimi yoki O. Henri?

O’Henrimi yoki O. Henri?

Bu mashhur yozuvchining asl ismi Uilyam Sidni Porterdir. U 1862-yil 11-sentyabrda AQSHning Shimoliy Karolina shtatidagi Grinsboro shahrida tugʻildi.
Maktabni bitirib, farmatsevtika sohasida oʻqidi. Soʻng togʻasining dorixonasiga ishga oʻtdi. Uch yildan soʻng Texasga ketdi. U yerda turli kasb-hunarlar bilan shugʻullandi – ranchoda ishladi, suv va issiq non tarqatdi, yer oʻlchash idorasida xizmat qildi. Ostin shahridagi bankda kassir va hisobchi boʻlib ham faoliyat yuritdi.

Uning ilk ijodiy mashqlari 1880-yillarning boshida dunyo yuzini koʻrdi. Uilyam Porter 1894-yili mahalliy “The Rolling Stone” hajviy haftanomasida qatnasha boshladi. Nashr deyarli uning ocherklari, hazillari va suratlari bilan toʻlib chiqardi. Bir yildan soʻng jurnal yopildi, Porter bankdagi ishidan boʻshatildi. Garchi kamomadga yosh adibning qarindoshlari sabab boʻlsa-da, bu uni jazodan qutqarib qolmadi. Uilyam Hondurasga, soʻng Janubiy Amerikaga ketdi. Biroq qaytib kelgach, sud qilinib, qamoqqa hukm etildi.

Yozuvchi turmadagi kasalxonada ishladi va shu yerda hikoyalar yozdi. U turli taxalluslarni sinab koʻrdi, nihoyat O. Henri variantini tanladi. Bu taxallusni koʻpincha “O’Henri” deb yanglish yozishadi. Chunki irland tilida xuddi shu shaklda yoziladigan familiya bor. Biroq taxallus familiyani anglatmaydi. Uni “O. Henri” deb yozish toʻgʻridir.

Taxallusning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Biroq yozuvchining oʻzi intervyularidan birida Henri nomi gazetadagi maishiy yangiliklardan olinganini, O esa eng sodda harf boʻlgani uchun tanlanganini taʼkidlagan. Boshqa bir manbada aytilishicha, adib bir nashrga taxallusidagi “O” Oliver (Olivier) ismining qisqartmasi ekanini bildirgan. Bu gapda ham jon bor. Chunki u bir necha hikoyalarini Oliver Henri (Olivier Henry) taxallusi bilan eʼlon qilgan. Yana bir maʼlumotga koʻra, ushbu taxallus taniqli fransuz farmatsevti Etyen Osean Anri (Etienne Ocean Henry) nomidan olingan. Chunki oʻsha paytlarda bu dorishunosning kitoblari juda mashhur boʻlgan. Boshqa bir farazni yozuvchi va olim Gay Devenport ilgari surdi. Uning fikricha, yozuvchi oʻzi oʻtirgan turma nomi – Ohio Penitentiarydan taxallus yasagan. Bundan tashqari yana turli fikrlar, taxminlar ham bor.

O. Henrining yagona romani – “Qirollar va karamlar” 1904-yili chop etilgan. Shundan soʻng adibning “Toʻrt million” (1906), “Yonayotgan chiroq” (1907), “Gʻarbning yuragi” (1907), “Shahar ovozi” (1908), “Insofli oʻgʻri” (1908), “Taqdir yoʻllari” (1909), “Ishbilarmon kishilar” (1910), “Girdob” (1910) singari hikoyalar toʻplamlari nashr qilingan.

Porter umrining soʻngida jigar sirrozi va qand kasalligidan aziyat chekdi. 1910-yil 5-iyunda 47 yoshida Nyu Yorkda olamdan oʻtdi va Shimoliy Karolinaning Eshvill shahridagi “Riversayd” qabristoniga dafn etildi.

O. Henri vafotidan soʻng chop etilgan “Postskriptumlar” toʻplamiga uning feletonlari, xomaki ishlari, hajviy qaydlari kiritildi. Adib jami 273 ta hikoya yozgan, toʻla asarlar toʻplami 18 jildni tashkil etadi.

 

Orif Tolib

 

“Maʼrifat” gazetasining 2016-yil 20-aprel sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.