Ommalashgan va ommalashayotgan xatolar
Tilimizda baʼzi soʻz va iboralarni, atamalarni, hatto jumlalarni yanglish qoʻllash juda ommalashib ketgan. Bu jarayon hozir ham davom etyapti. Yangi-yangi xatoliklar paydo boʻlyapti va keng isteʼmolga kiryapti. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shu mavzuga aloqador baʼzi misollarni sharhlaydi.
Oʻrta dengiz
Tinch okeani deyish xatoligi, Tinch okean shakli toʻgʻri ekani haqida yozganimda koʻpchilik hayratga tushgandi. Baʼzilar hatto jahllanib ham ketdi. Toʻgʻri deb ishonganingni xato deyishsa, alam qiladi-da. Bugun shunga oʻxshash yana bir maʼlumot bilan boʻlishmoqchiman. Toshpoʻlat tajanglar tirsagini tishlashga tayyor turaversalar ham boʻladi.
Afrika va Yevropa qitʼalari orasida bir dengiz bor, nomi – Oʻrta dengiz. Uni oʻzbekchada koʻpchilik Oʻrtayer dengizi yoki Oʻrta Yer dengizi shaklida xato ishlatadi. Manaman degan nashrlar, kitoblar, hatto darslik va qoʻllanmalarda ham uchraydi bu holat. Lekin milliy ensiklopediya va ensiklopedik lugʻatni varaqlab koʻrsangiz, shu mavzudagi maqola Oʻrta dengiz deb nomlanganiga guvoh boʻlasiz. Ayni shu shaklda ishlatish toʻgʻri. Nega?
Solishtirish uchun koʻpchilik biladigan ikki tildan misol keltiraman. Bu dengiz ingliz tilida Mediterranean Sea, rus tilida Sredizemnoye more deb ataladi. Mediterranean lotinchadan olingan boʻlib, er oʻrtasidagi, yer ichidagi degan maʼnoni anglatadi: medius – oʻrta, terra – yer, zamin. Bu soʻz yunoncha mesógeios soʻzining kalka tarjimasidir. Ibora yunonchada er oʻrtasidagi dengiz maʼnosini anglatadi.
Sredizemnoye more ruschada er orasidagi dengiz deganidir. U alaloqibat Mediterranean atamasiga borib taqaladi. Ruschadagi ifoda mantiqan toʻgʻri. Chunki bu dengiz ikki ulkan quruqlik orasida joylashgan.
Dengizning turli tillarda turlicha nomlari bor. Tarixda ham bir necha xil atalgan. Ulugʻ dengiz, Suriya dengizi, Gʻarbiy dengiz, Bahri safid, Oʻrta dengiz, Bahri Rum, Oq dengiz kabilar shular jumlasidan.
Oʻrtayer, Oʻrta yer yoki Oʻrta Yer dengizi deyish nima uchun xato? Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yerdagi mazmunga koʻra, yer oʻrtada boʻlib qolyapti. Aslida oʻrtada yer emas, suv havzasi bor. Gap dengiz oʻrtasidagi yer haqida emas, ikki yer yoki ikki quruqlik oʻrtasidagi dengiz haqida ketyapti.
Unda nega bunday ifoda paydo boʻlgan va keng yoyilgan? Menimcha, ruscha Sredizemnoye more atamasi yanglish tarjima qilingan va keyinchalik eʼtiborsizlik tufayli bu xato ommalashgan.
Garchi ensiklopediyaning dengizga atalgan maqolasida Oʻrta dengiz deyilgan boʻlsa-da, kitob ichidagi baʼzi maqolalarda Oʻrtayer dengizi, Oʻrta Yer dengizi kabi ifodalar qoʻllangan. Bunga ensiklopediya maqolalarini yuzlab mualliflar yozgani sabab boʻlsa kerak. Juda katta hajmli kitobni tahrirlash, barcha jildlardagi atamalar va toponimlarni solishtirib, birxillashtirib chiqish anchagina qiyin ish, albatta. Keyingi nashrlarda tuzatib qoʻyilsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Xoʻsh, Oʻrta dengiz deyish nima uchun toʻgʻri? Dengiz ham ikki quruqlik oʻrtasida, ham Yer sharining oʻrta qismida, ekvatorial hududda joylashganini hisobga olsak, Oʻrta dengiz nomi unga quyib qoʻygandek mos tushadi.
Quvaytmi yoki Kuvayt?
Arabiston yarimorolida joylashgan bu davlat nomida koʻp xato qilinadi. Hatto qaror va farmonlarda, rasmiy idoralar saytlari, internet nashrlari sahifalarida va boshqa oʻrinlarda Quvayt shaklida yanglish ishlatilganini koʻrish mumkin. Albatta, hech kim xatodan xoli emas, hammamiz ham adashamiz. Buning davosi – bilib olishdir.
Davlatning nomi – Kuvayt. Arabchasi – davlatul Kuvayt. Kichkina hududga ega bu mamlakatning poytaxti nomi ham al-Kuvaytdir. Kuvayt arabchada shaharcha, qoʻrgʻoncha maʼnosini anglatadi.
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida davlat va shahar nomi Kuvayt shaklida berilgan.
Men Quvayt variantini ham lugʻatlarga, jumladan, ensiklopediyaga kiritish tarafdoriman. Chunki talaffuzda asosan Quvayt deymiz, tilimizga shu qulay. Masalan, ozarlar oʻz mamlakatlarini Azerbayjan deb ataydi, biz oʻzimizga moslab Ozarbayjon deymiz. Bu lugʻatlarimizda ham aks etgan. Til chet soʻzni oʻziga moslashi tabiiy jarayon.
Lekin hozircha faqat Kuvayt variantini toʻgʻri deb qabul qilamiz.
“Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!”
Soʻnggi paytlarda shu ibora juda mashhur boʻldi. Magazinchi Gʻaybullayam, mahalladagi xotinlar ham, ikkichi Yoshvoy ham, aʼlochi Toshvoy ham – hamma qoʻllayapti.
Biror soʻz yoki iborani qoʻllashda uning asl mazmuni nima, boshqa maʼnoda ishlatsa, toʻgʻri boʻladimi-yoʻqmi – oʻylab koʻrish kerak, albatta.
Sarlavhadagi jumla asosan tugʻilgan kun tabrigi sifatida ishlatilyapti. Lekin shukrona kuni iborasini tugʻilgan kun maʼnosida qoʻllash xato.
Shimoliy Amerikada, jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada keng nishonlanadigan bayram bor – Shukrona kuni. Marosim nomi oʻzbekchada Shukronalik kuni shaklida ham ishlatiladi. U Yangi yilgacha davom etadigan bayram mavsumini ochib beradi.
Yangi yerlardan baxt izlab yoʻlga chiqqan angliyaliklar ummon oshib, 1620-yil noyabrida hozirgi Massachusets shtati hududlariga kelib tushadi. Yuz kishiga yaqin muhojirning yarmi qahraton qish sharoitida halok boʻladi. Tirik qolganlarga mahalliy hindu qabilalari yordam beradi. Ularning koʻmagi bilan angliyaliklar toshloq yerlarda dehqonchilik qilish sirlarini oʻrganadi va katta hosil oladi. Hududning birinchi gubernatori U. Bredford ana shu toʻqchilik va omonlik sabab Xudoga shukr qilish marosimini oʻtkazishni taklif etadi. 1621-yilning noyabrida bayram ilk bor tashkil etiladi.
Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bayramning diniy motivlari ham bor.
Bu bayram hozir AQSHda noyabr oyining toʻrtinchi chorshanbasida, Kanadada esa oktyabrning ikkinchi dushanbasida nishonlanadi.
Shuningdek, Qozogʻistonda ham Shukronalik kuni nishonlanadi. U Shimoliy Amerikadagidan farqli bayram.
Soʻzni yanglish ishlatmaslik kerak. Ayniqsa, mohiyat butkul oʻzgarib ketadigan, odamni chalkashtiradigan oʻrinlarda.
Har narsani oʻzining nomi bilan atash zarur. Shu nuqtai nazardan, “Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!” jumlasini tugʻilgan kunga nisbatan ishlatish xato. Chunki Shukrona kuni iborasining umum qabul qilingan maʼnosi boshqa.
U nimaga tez shuhrat qozondi? Aniq bir sababini bilmayman. Taxminlarim bor. Menimcha, buning birinchi sababi tugʻilgan kun soʻzini ishlatishdan qochish boʻlsa kerak. Dinimizda tugʻilgan kunni nishonlash targʻib etilmagani uchun shu ibora qoʻllanyapti, deylik. Lekin soʻzi boshqacha boʻlgani bilan tugʻilgan kun tugʻilgan kunligicha qoladi-ku. Demak, bu unchalik asosli sabab emas.
Boshqa bir taxminga koʻra, bu ibora orqali shu yoshga yetgani uchun Yaratganga shukr qilish maʼnosini ifodalash maqsadi bor. Unday deydigan boʻlsak, inson hayotida shukr qilishi kerak boʻlgan voqealar, sanalar koʻp. Ammo shukronalik kuni taʼrifi ularga nisbatan ishlatilmaydi.
Yana bir taxmin – jumlaning chiroyli, jarangdor eshitilishi. Kishi jumla ishlatishda ham boshqalardan ajralib turishni, madaniyroq koʻrinishni, kamyob topildiqlarni qoʻllashni istaydi. Lekin bu istak bilimdan xoli boʻlsa, mazmunsiz yoki kulgili mazmunga ega soʻz va iboralar paydo boʻlib qolishi hech gap emas.
Qarisi bor uyning parisi yoʻq
Qofiya soʻzni taʼsirchan, esda qolarli qiladigan vosita. Lekin qofiya qilaman deb maʼnoni koʻchada qoldirish yaramaydi.
“Qarisi bor uyning parisi bor” degan maqolni eshitgan boʻlsangiz kerak. Toʻliq shakli:
Qarisi bor uyning parisi bor,
Parisi bor uyning barisi bor.
Mana shu maqolda maʼno koʻchaga quvilgan. Nega deysizmi?
Pari asli forscha soʻz, oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Sharq xalqlari ogʻzaki ijodida keng tarqalgan, juda goʻzal qiz qiyofasidagi, nurdan yaratilgan, kishilarni ins-jinslardan saqlaydigan afsonaviy obraz; goʻzallik ramzi:
Qari bilganini pari bilmas.
Maqol.
2️⃣ Koʻchma maʼnoda: juda goʻzal, xushroʻy ayol, nozanin:
– Sizni shu pariga uylantirib qoʻyaymi? – dedi Tojiboy…
P. Tursun, Oʻqituvchi.
Endi shu maqoldagi pari soʻzini bu ikki maʼnoda tushunib koʻring. Mantiqli maʼno topolmadingizmi? Topolmaysiz ham. Qorongʻi uyda qora mushukni topish qiyin, ayniqsa, u yoʻq boʻlsa, deyishadi-ku 🙃.
Xonadonda keksalarning borligi bu yerda juda goʻzal qiz qiyofasidagi afsonaviy obrazning yoki juda goʻzal, xushroʻy ayolning ham boʻlishiga olib keladimi? Yoʻq.
Maqolning toʻgʻri varianti: “Qarisi bor uyning farishtasi bor”. Nuroniy otaxon va onaxonlarning yuzida iliqlik, soʻzida hikmat boʻladi. Ular bor joyga fayz kiradi, baraka yogʻiladi.
Yuqorida “Qari bilganni pari bilmas” degan maqolni ham keltirdik. Uning mantiqiy asosi bor. Yoshi ulugʻ kishilar katta bilim va tajribaga ega boʻladi. Xalq ogʻzaki ijodida baʼzan firib va aldov ramzi sifatida talqin etiladigan, chiroyi va afsunlari bilan qahramonlarni sehrlab qoʻyadigan parilar ham qarilar bilgan narsani bilmaydi, keksalarning bilim-tajribasi koʻp degan mazmun kelib chiqadi maqoldan. Demak, bu maqol mazmunan toʻgʻri.
Albatta, pari soʻzi bu yerda boshqa maʼnoda ishlatilyapti, maʼno koʻchgan deyish ham mumkin. Biroq pari soʻzi maqol talab etayotgan mazmunda boshqa oʻrinlarda ham qoʻllanmaydi. Jumladan, koʻchma maʼnoda ham.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.