Pashshami yo chivin: turli hududlarda turlicha maʼno bildiradigan soʻzlar

Pashshami yo chivin: turli hududlarda turlicha maʼno bildiradigan soʻzlar

Shevalar – tilning boyligi. Adabiy tilda bir nechta soʻz orqali beriladigan tushuncha baʼzan shevalarda bittagina soʻz bilan ifodalanadi. Biroq shevalar tilda xilmaxillik, tushunarsizlik paydo boʻlishiga ham ozmi-koʻpmi hissa qoʻshadi. Bir joyda bir maʼnoni anglatgan soʻz oʻzga bir hudud shevasida tamoman boshqa maʼnoni bildirishi mumkin.

“Daryo” kolumnisti Orif Tolib shevalarda turlicha mazmun tashiydigan, shu bois gohida sheva egalari oʻrtasida bahs-munozara qoʻzgʻaydigan soʻzlarning ayrimlari haqida soʻz yuritadi.

 

Pashsha va chivin: farqi nimada?

Bu soʻzni adashtirib qoʻllash koʻp uchraydi. Bir soʻzning shevalarda boshqa maʼnoda ishlatilishi odamlarning adabiy tildan foydalanishga ham taʼsir etishi mumkin.

Izohli lugʻatga koʻra, pashsha yozda juda koʻpayib ketadigan, turli suyuq organik moddalar bilan oziqlanadigan qoʻsh parda qanotli hasharot.

Chivin esa ikki qanotli, uzun moʻylovli qon soʻruvchi mayda hasharot.

Xalq tilida “Chivin chaqqanday ham boʻlmadi” degan ibora bor, u sira ogʻritmadi, sezilmadi ham degan maʼnoni anglatadi.

Demak, chivin uzun moʻylovli, qon soʻruvchi, chaquvchi hasharot. Pashshada uzun moʻylov boʻlmaydi, u har yerdan yemish qidiradigan, qoʻsh parda qanotli hasharot.

Shevada chivin soʻzi pashsha maʼnosida ham ishlatiladi. Lekin adabiy tilda bunday qoʻllashxato.

Alisher Navoiy asarlarida chibin soʻzi ham pashsha, ham chivin maʼnosida qoʻllangan.

Pashsha soʻzini shevada ham adabiy tilga mos ishlatadiganlar uncha sevinmasa boʻlaveradi. Chunki pashsha soʻzi forschadan olingan boʻlib, asliyatda chivin degan maʼnoni anglatadi.

 

“Olmani olma derlar”. Olchani-chi?

Shevalarda biri oʻrnida boshqasi qoʻllanadigan va shu sababli bahslarga sabab boʻladigan soʻzlardan biri olcha va gilosdir. Bir joyda olcha oʻrnida gilos, boshqa joyda gilos oʻrnida olcha ishlatiladi. Yana bir hududda esa ikki soʻz oʻrnida umuman boʻlak soʻz qoʻllanishi mumkin.

Olcha va gilos bir oilaga mansub, yaqin qarindosh mevalar. Adabiy tilda ular quyidagicha farqlanadi:

Olcha mayda, dumaloq, danakli, suvli, nordon, rangi och qizildan toʻq qizilgacha boʻladigan meva. Uni inglizlar sour cherry, ruslar vishnya deb ataydi.

Gilos shakli dumaloq, yuraksimon, eti shirali, sirti tekis meva. U eng ertapishar danakli meva. May oyidayoq pishadigan gilos navlari bor. Uni inglizlar sweet cherry, ruslar chereshnya deb ataydi.

Olcha soʻzi olivoli shaklida ham ishlatiladi. “Boburnoma”da olu-bolu deyilgan.

Gilos soʻzi oʻrnida esa toshkent gilos, qoʻqon gilos soʻzlari ham ishlatiladi.

Togʻolcha degan meva turi ham bor. Uni baʼzi hududlarda olcha deb ham atashadi. Togʻolcha ruschada alыcha, inglizchada cherry plum deyiladi. Shakli dumaloq, choʻzinchoq, rangi esa sariq, qizil, binafsharang yoki qora boʻladi.

 

Kosada shoʻrva, piyolada choy ichiladi

Xorazm shevasida piyola kosa deyiladi. Bu boshqa sheva egalariga anchagina gʻalati eshitilishi mumkin. Chunki kosa piyoladan kattaroq, asosan suyuqlik va turli ovqatlar solib ichish uchun ishlatiladigan idishdir. Piyola esa tubidan yuqoriga tomon kengayib boradigan, kosadan kichik, taglikli idish. U asosan choy ichish uchun ishlatiladi.

Piyola qozoq tilida kese, shыnы-ayaq, qirgʻiz tilida chыnы deyilar ekan. Oʻzbek tilida chinni soʻzi kulolchilik buyumlarining turini anglatali. Piyola, kosa va tovoqlar chinnidan ishlangan boʻlishi mumkin.

Vodiy shevalarida ham kosa soʻzi oʻrnida chinni soʻzini ishlatish koʻp uchraydi. Lekin bunda faqat chinni kosalar nazarda tutiladi. “Chinnini uzatib yubor!” deganda faqat chinni kosani uzatish kerak, uning oʻrniga sopol kosa olib borgan kishi dakki eshitishi mumkin.

Izohli lugʻatga koʻra, piyola fors tilidan kirib kelgan. Ildizi yunoncha phiale soʻziga borib taqaladi. U suv ichiladigan yassi kosachani anglatgan. Chinni soʻzi esa Chinga – Xitoyga oidlikni bildiradi. Oldin chinni idishlar xitoydan keltirilgan, shu sabab ularga bunday nom berilgan.

 

Opoqi kim: buvimi yoki bobo?

Opoqi Toshkent shevasida yoshi katta ayollarga hurmat bilan murojaatda ishlatiladigan soʻz. Asosan buvilarga nisbatan qoʻllanadi. Opogʻoyi soʻzining qisqartma shakli. Bu soʻz Fargʻona vodiysining baʼzi hududlarida boboga nisbatan ishlatiladi. Uning opoqdada varianti ham bor.

Opoqi soʻzini bobo maʼnosida qoʻllash tobora kamayib boryapti.

Yaqin qarindoshlarni anglatuvchi soʻzlarni xilma-xil maʼnolarda qoʻllash, erkakka nisbatan ishlatiladigan soʻzni ayolga, ayolga xoslangan soʻzni erkakka nisbatan tatbiq etish tilda bor hodisa.

Masalan, bugungi tildagi aka soʻzining oka, ogʻacha
variantlari Bobur mirzo zamonida ayollarga nisbatan qoʻllangan. Lekin hozir bu soʻzlar faqat erkaklarga nisbatan ishlatiladi.

Toshkent shevasida onani opa deyish uchraydi, Xorazm shevasida esa aka otani anglatadi.

Qirgʻiz tilida ona apa, qozoq tilida esa ota ake deyiladi. Qozoqchada bolalar onalariga apa deb murojaat qiladi.

Shevalarga qardosh va qoʻshni millatlarning tillari ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

 

Shevalarda qaysi maʼnoni anglatishidan qatʼi nazar, soʻzning adabiy tildagi anglamini bilib olishimiz kerak. Yoʻqsa, uni yanglish maʼnoda qoʻllashimiz, natijada xatoga yoʻl qoʻyishimiz aniq.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.