Ongli odamlarning ong toʻla tushuntirishi
“XDPni toshboʻron qilishga bel bogʻlagan ongsiz olomonga tushunarli boʻlishi uchun soddaroq tushuntirdik” deb yozibdi XDP fraksiyasi aʼzosi Ulugʻbek Vafoyev feysbuk sahifasida. “Soddaroq tushuntirish” uchun koʻrgazmali surat berilgan (Surat ushbu maqolaga ilova qilinyapti).
Kun.uz muxbirining “Har qanday davlatda ham fuqarolar davlat organlariga davlat tilida murojaat qiladi, nega Oʻzbekistonda bunday boʻlmasligi kerak?” mazmunidagi savoliga XDP vakili: “Hamma joyda ham emas”, deya javob beribdi. Ammo u davlat organlariga istalgan tilda murojaat qilinadigan mamlakat yodida emasligini aytgan va bu boʻyicha qoʻmitalarda maʼlumot borligini bildirgan.
📌 “Davlat tili haqida”gi qonun loyihasining 12-moddasi boʻyicha “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi taklif etgan tahrir:
- jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanishi;
- boshqa tillarda murojaat qilingan taqdirda murojaat matnining davlat tiliga tarjimasi ilova qilinishi shartligi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar davlat tilida bayon qilinishi nazarda tutilgan.
Moddaning Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi taklif qilgan tahririda esa, Kun.uz nashri toʻgʻri eʼtirof etganidek, davlat tilini rivojlantiradigan emas, uning shu paytgacha boʻlib kelgan beqadrligini yanada mustahkamlaydigan qoidalar aks etgan:
- Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanishi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinishi nazarda tutilgan.
Toʻgʻrisi, “Milliy tiklanish” partiyasi muxlisi emasman. Lekin ayni shu masalada partiya pozitsiyasini toʻla qoʻllab-quvvatlayman.
Bloger Shahnoza Soatovaning
yozishicha, 51 foiz aholisi boshqa tilda gaplashadigan Fransiyada yagona fransuz tilida ish yuritiladi. Haqiqatan ham oʻrinli savol: nega Rossiyada mumkin, bizda esa yoʻq? Nega Gruziya, Armaniston, Ozarbayjonda mumkin, bizda esa yoʻq?
Endi partiya media xizmati “ongsiz olomon” uchun tayyorlagan koʻrgazmali suratga eʼtibor qarating. Rasmlarning birortasida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga murojaat aks etmagan. Futboldagi, koʻchadagi, kasalxonadagi vaziyat. “Ong toʻla” tushuntirishni tushunish uchun ham oʻzgacha ong egasi boʻlish kerak, shekilli.
Partiya fikricha, suratdagi kabi vaziyatlarda ham yordam soʻragan kishiga mumkin qadar murojaat etilgan tilda javob qaytarish kerakmi? Davlat tilini oʻrganmasa boʻlaveradi, lekin kimdir murojaat qilib qolishi mumkin boʻlgan tilni imkon qadar oʻrganish va oʻsha tilda javob berish zarur. Shundaymi? Mantiq qayerda? Hojatga ketuvdimi?
Siz qanday fikrdasiz?
Qaysi partiya qarashini maʼqullaysiz?
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.