Oʻrta dengiz
Tinch okeani deyish xatoligi, Tinch okean shakli toʻgʻri ekani haqida yozganimda koʻpchilik hayratga tushgandi. Baʼzilar hatto gʻazablanib ham ketdi 🙃. Toʻgʻri deb ishonganingni xato deyishsa, alam qiladi-da. Bugun shunga oʻxshash yana bir maʼlumot bilan boʻlishmoqchiman. Toshpoʻlat tajanglar tirsagini tishlashga tayyor turaversalar ham boʻladi.
Afrika va Yevropa qitʼalari orasida bir dengiz bor, nomi – Oʻrta dengiz. Uni oʻzbekchada koʻpchilik Oʻrtayer dengizi yoki Oʻrta Yer dengizi shaklida xato ishlatadi. Manaman degan nashrlar, kitoblar, hatto qoʻllanmalarda ham uchraydi bu holat. Lekin milliy ensiklopediya va ensiklopedik lugʻatni varaqlab koʻrsangiz, dengiz haqidagi mavzuga Oʻrta dengiz deb sarlavha qoʻyilganiga guvoh boʻlasiz. Ayni shu shaklda ishlatish toʻgʻri. Nega?
Solishtirish uchun koʻpchilik biladigan ikki tildan misol keltiraman. Bu dengiz ingliz tilida Mediterranean Sea, rus tilida Sredizemnoye more deb ataladi. Mediterranean lotinchadan olingan boʻlib, er oʻrtasidagi, yer ichidagi degan maʼnoni anglatadi: medius – oʻrta, terra – yer, zamin. Bu soʻz yunoncha mesógeios soʻzining kalka tarjimasidir. Ibora yunonchada er oʻrtasidagi dengiz maʼnosini anglatadi.
Sredizemnoye more ruschada er orasidagi dengiz deganidir. U alaloqibat Mediterranean atamasiga borib taqaladi. Ruschadagi ifoda mantiqan toʻgʻri. Chunki bu dengiz ikki ulkan quruqlik orasida joylashgan.
Dengizning turli tillarda turlicha nomlari bor. Tarixda ham bir necha xil atalgan. Ulugʻ dengiz, Suriya dengizi, Gʻarbiy dengiz, Bahri safid, Oʻrta dengiz, Bahri Rum, Oq dengiz kabilar shular jumlasidan.
Oʻrtayer, Oʻrta yer yoki Oʻrta Yer dengizi deyish nima uchun xato? Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yerdagi mazmunga koʻra, yer oʻrtada boʻlib qolyapti. Aslida oʻrtada yer emas, suv havzasi bor. Gap dengiz oʻrtasidagi yer haqida emas, ikki yer yoki ikki quruqlik oʻrtasidagi dengiz haqida ketyapti.
Unda nega bunday ifoda paydo boʻlgan va keng yoyilgan? Menimcha, ruscha Sredizemnoye more atamasi yanglish tarjima qilingan va keyinchalik eʼtiborsizlik tufayli bu xato ommalashgan.
Garchi ensiklopediyaning dengizga atalgan maqolasida Oʻrta dengiz deyilgan boʻlsa-da, kitob ichidagi baʼzi maqolalarda Oʻrtayer dengizi, Oʻrta Yer dengizi kabi ifodalar qoʻllangan. Bunga ensiklopediya maqolalarini yuzlab mualliflar yozgani sabab boʻlsa kerak. Juda katta hajmli kitobni tahrirlash, barcha jildlardagi atamalar va toponimlarni solishtirib, birxillashtirib chiqish anchagina qiyin ish, albatta. Keyingi nashrlarda tuzatib qoʻyilsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Xoʻsh, Oʻrta dengiz deyish nima uchun toʻgʻri? Dengiz ham ikki quruqlik oʻrtasida, ham Yer sharining oʻrta qismida, ekvatorial hududda joylashganini hisobga olsak, Oʻrta dengiz nomi unga quyib qoʻygandek mos tushadi.
📌 Demak:
Oʻrta dengiz ✅
Oʻrtayer dengizi, Oʻrta Yer dengizi, Oʻrta yer dengizi ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.