Oʻzbek sheʼriyatining Elburusi

Oʻzbek sheʼriyatining Elburusi

Dunyoda shoirdan koʻpi yoʻq. Oʻrtamiyonasi – yomon qovunning urugʻi. Yaxshi shoir koʻp emas, zoʻr shoirlar esa kam topiladi. Chunki ularda nodir talant, ulkan qalb, jasorat va ezgulikka xizmat qilish fazilatlari mujassam boʻladi. Oʻzbekning jonajon donishmand shoiri Gʻafur Gʻulomni xuddi shunday nodir ijodkorlarning yorqin namunasi deb atash mumkin.

Turmush tegirmoniga juda erta tushib qolgan Gʻafur Gʻulom mehnati, irodasi bilan mashaqqatlarni yengib oʻtdi. Shu asnoda xalq hayotini, psixologiyasini, dunyoqarashini, fojiasini ich-ichidan oʻrgandi, oʻzini tarbiyalab bordi. Tirikchiligi juda ogʻir boʻlgan paytlarda ham ilojini topib kitob sotib oldi, oʻqidi, adabiyotga mehr qoʻydi. Boshqacha qilib aytganda, tegirmonga tushgach butun chiqdi, butun chiqqandayam un orqalab chiqdi.

Avval-boshdan xalqning ichida yurdi, keyinchalik mashhur shoir, akademik olim boʻlib ketganida ham oʻzgarmadi – xalq bilan, oddiy odamlar birga boʻldi. Elita deb hisoblanadigan soʻnikqalb amaldorlar bilan emas, soddadil kishilar bilan oshna tutindi. Ular orasida bozorchi, qassob, aptekachi, dehqonlarni uchratish mumkin edi. Gʻafur Gʻulom kamtarligi, samimiyligi, ochiqkoʻngilligi bilan koʻpchilikning qalbidan mustahkam oʻrin egalladi. Bu fazilat har qanday shoirlikdan, har qanday daholikdan ustun turadi. Chunki inson sifatida, shaxs sifatida butun boʻlmagan odamning ijodi qanchalik yuksak boʻlmasin puch va asossizdir.

Gʻafur Gʻulom – oʻzbek tilining haqiqiy bilimdoni. Chunki u turmushni, tabiatni, xalq ibora va maqollarini yaxshi biladi. Qoʻshiqchilikda ovoz diapazoni degan gap bor, ovoz imkoniyati deyish mumkin. Har bir hofizning oʻz ovoz diapazoni bor, undan ortiq darajada, undan baland pardada kuylay olmaydi. Adabiyot nuqtai nazaridan aytadigan boʻlsak, Gʻafur Gʻulomning ifoda diapazoni juda baland edi. Shu sabab fikr yoki tuygʻuni ifodalash uchun bisotidagi istagan lugʻatdan foydalanardi. Aytishadi-ku, qozonchining ixtiyori – qaydan quloq chiqarsa deb.

Gʻafur Gʻulom bagʻrikeng ijodiy faoliyati davomida zamon bilan hamnafas boʻldi, ijtimoiy hayotning ichida yashadi. Turli qurilishlar, sanoat yoki dehqonchilikdagi ijobiy oʻzgarishlarga labbay deb javob berdi. Zamondoshlarining eslashicha, adib juda koʻp sheʼrlarini, maqolalarini va hatto ayrim mumtoz hikoyalarini aytib turib yozdirgan. Asarlar koʻp vaziyatda qayta ishlanmasdan, dastlabki variant holatida chop etilavergan. Zahmatkash yozuvchimiz Abdulla Qahhor: “Gʻafur Gʻulom – juda katta, noyob talant. Agar oʻz ustida menga oʻxshab ishlaganda edi, bundan zoʻri boʻlmasdi”, degan ekan.

Gʻafur Gʻulom mohir publitsist sifatida juda koʻp muammolarni
koʻtarib chiqdi, ularni yechish haqida bosh qotirdi yoki boshqalarning ham bosh qotirishiga sababchi boʻldi. Atoiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat kabi shoirlarning ijodini sinchiklab oʻrgandi, tadqiq qildi. Ularning nomaʼlum asarlarini, yangi faktlarni topdi. Umidli yosh qalamkashlarning ijodiy ulgʻayishidan begʻaraz quvondi, ulardan oʻz maslahatlarini ayamadi. Nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki xorij va qardosh xalqlar adabiyotini ham ehtirom bilan oʻrgandi. Ulardagi falsafiy teranlikni oʻziga singdira oldi.

Publitsistning vazifasi kishilarda fikr uygʻotish, ijtimoiy tafakkurning toʻgʻri shakllanishiga taʼsir koʻrsatishdir. Gʻafur Gʻulomning maqolalari juda koʻp yoshlarning, fikri uygʻoq kishilarning qarashlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Yozuvchining nasriy asarlari haqida tabiiy hayajon bilan anchagacha toʻxtamay gapirish mumkin. “Shum bola”, “Yodgor”, “Netay”, “Mening oʻgʻrigina bolam”, “Hasan Kayfiy” kabi asarlarining nomini aytgandayoq oʻquvchining tasavvurida oʻziga xos obrazlar, boʻyogʻi tiniq manzaralar, oʻzbekona xarakterlar jonlanadi. Toʻgʻri, zamonasozlik kayfiyati nasriy asarlarga ham oʻz nuqsini urib ulgurgan. Biroq nasrda adib birmuncha erkin, voqea-hodisalarga zamon yoki makon pardasini yopib yuragidagi soʻzlarini, alamlarini aytib oladi, xalqning, toʻgʻrirogʻi ommaning ogʻriq nuqtalarini, fojiasini koʻrsatib beradi.

Tarjima deyarli yangitdan yozish bilan barobar, boshqa tildagi asarni oʻz xalqingning ruhiyatiga moslab, saviyasini tushirmagan holda yetkazib berishdir. Gʻafur Gʻulom juda koʻp Sharq va Ovroʻpa ijodkorlarining asarlarini oʻzbekchaga oʻgirdi.

Ijodiy masʼuliyat degan gap bor. Yozuvchi-shoir oʻz soʻziga masʼul, eng kerakli, oʻquvchiga ruhiy oziq boʻla oladigan gapni aytishi zarur. Arab va fors tillarini yaxshi bilgan shoir Sharq sheʼriyatini, ayniqsa Mirzo Bedilni sevib, muntazam oʻqigan. Bir oʻrinda:

 

Bedil oʻqir edim chiqdi oftob,

 

deb yozadi u. Bedilni shunchalik koʻp oʻqigani, mehrini bergani bilan tarjimaga kirishmaydi. Chunki Bedilni oʻzbek tilida toʻlaqonli ifodalab boʻlmasligini bilardi. Nomatlub tarjima tufayli oʻquvchining shoirga, uning ijodiga hurmati kamayishi hech gap emas. Shu oʻrinda shoirning ijodiy masʼuliyatni qanchalik his qilganini anglash mumkin. Keyinchalik Bedil sheʼrlarini boshqa mualliflar tarjima qilishga urinib koʻrdi. Ularda shoir ishlatgan soʻzlarning yarmidan koʻpi bor-u, biroq Bedilning oʻzi yoʻq…

Gʻafur Gʻulom koʻp qirrali va keng qamrovli ijodkor. Bitta maqolada uning faqat birgina qirrasi haqida kengroq toʻxtalish mumkin. Shu sabab bugun bu ulugʻ siymoning sheʼriyatidan uqqanlarim, meni maftun qilgan, zavqlantirgan jihatlarning ayrimlari toʻgʻrisida soʻz yuritmoqchiman. Baʼzilar Gʻafur Gʻulomni partiya va uning arboblari haqida sheʼr yozganlikda ayblamoqchi boʻladi. Gʻafur Gʻulom ham, unga zamondosh boʻlgan boshqa isteʼdodli ijodkorlar ham Abdulla Qahhor iborasi bilan aytganda, atomdan qudratliroq boʻlgan kuchni oʻtin yorishga sarflashi lozim edi. Lekin shunday taqdirda ham, partiyaga yoki paxta plani toʻlishiga bagʻishlab sheʼr yozgan paytda ham shoir oʻz soʻzini aytdi. Ijodkorning aytadigan gapi boʻlishi kerak, chinakam ijodkor ijtimoiy hayotga, uning muammolariga jim qarab turmaydi.

“Tagdoʻzi” sheʼrini oʻqisangiz, shoir turmushni qanchalik chuqur bilganiga amin boʻlasiz. Doʻppi haqida toʻliq maʼlumot olasiz – necha qismdan iboratligi, bu qismlar nima deb atalishi, qanday choklari borligini oʻrganasiz.

 

Tikishi silliq emas,

Oʻgirmasi chakmaga,

Sanamasi yoʻrmaga

Kundosh boʻlib tushganday.

 

Oʻgirma, chakma, sanama, yoʻrma – kashtachilikda gul tikish usullari. Shoir bir-biriga qovushmagan, oʻxshovsiz choklarini kundoshga oʻxshatadi. Bu bilan doʻppining holati xayolingizda yorqinroq gavdalanadi. Oʻxshatilgan narsa oʻxshatilmishni kengroq tushuntirishga, tasvirlashga xizmat qiladi. Shu sababli tashbehda hammaga tushunarli, tasavvur qilish oson boʻlgan obrazlardan foydalanish kerak. Gʻafur Gʻulom sheʼriyatning bu kabi boshlangʻich qoidalarini juda yaxshi bilgani shubhasiz.

 

Oltin qoziq yulduziday koʻp qatʼiy koʻzlar,

 

deb yozadi shoir. Oltin qoziq yulduzi muqim turadi. Adashgan odamlar qadimda shu yulduzdan moʻljal olib yoʻl topgan. Oʻxshatish xuddi shunday asosli boʻlishi zarur.

Shoir hammaning koʻzi tushgan oddiy turmush yoki tabiatdagi hodisalar, odatlarning nomaʼlum qirralarini topa bilishi zarur. U shuning uchun ham shoir. Gʻafur Gʻulom koʻklam shamolini goʻzal chizgilar bilan tasvirlaydi:

 

Shaftoli guliga qoʻngan arining

Qanot taglarini siypalab oʻtdi.

 

Bu misralarni oʻqib gulga qoʻngan, qanoti pirpirab turgan asalarini xayolga keltiramiz, keyin bahorning butun goʻzalliklari tasavvurimizda jonlana boshlaydi. Shoir davom etadi:

 

Baqaterak tebranib, tashlar kuchala,

Oʻrik yerga gul toʻkib, piston qadaydi.

Toʻrgʻay koʻkda ming maqom bilan mashq qilib,

Shamoldan taroq qilib dumin taraydi.

 

Yer bilan bitta boʻlib yotgan tanganusxa oʻrik gullarini yoki shamolga qarshi uchib, patlari toʻzgʻiyotgan toʻrgʻayni koʻrgan boʻlsangiz kerak. Shoir sizu biz koʻrib yurgan shu oddiygina holatdan chiroyli tashbeh yasaydi. Boshqa bir sheʼrida:

 

Bodomday ming koʻz bilan sevar badanim,

 

deb yozadi. Bodomni koʻp koʻrganmiz, chaqib yeganmiz. Danagida juda koʻp teshikchalar bor. Shoir xuddi ana shu belgi vositasida tuygʻuni tiniqroq ifoda eta olgan.

Dunyo tajribasini, boshqa xalqlar madaniyatini yaxshi oʻrganish kerak. Lekin tafakkur, dunyoqarash milliy boʻlishi zarur. Ijodkor ham oʻz asarlarida ana shu milliylikni ifoda etishi lozim. Chunki chinakam milliy adabiyot uzoq yashaydi, xalqni dunyoga tanitadi. Gʻafur Gʻulomning butun ijodi milliy ruh bilan sugʻorilgan. Shoir bir oʻrinda yozadi:

 

Yetmasdi turmushning chokiga choki.

 

Choki chokiga yetmaslik iborasi ogʻir qiyinchiliklarni majoziy ifodalashga xizmat qilgan.

“Sogʻinish” sheʼri – Gʻafur Gʻulomning shoh asarlaridan biri. Unda otalarga xos mehr, farzanddan faxrlanish, iroda kabi jihatlar oʻzining uygʻun ifodasini topgan.

 

Zoʻr karvon yoʻlida yetim boʻtadek

Intizor koʻzlarda halqa-halqa yosh.

 

Sogʻinchdan oʻrtangan dillar onasini topolmay moʻltillab, maʼrab, tentirab yurgan boʻtaloqday najotsiz, koʻzlari yoshli. Faqat umid va sabr bor. Boshqa yoʻl yoʻq. Farzandi urushda qon kechib yurgan otaning tuygʻulari sizga ham koʻchib oʻtadi. Garchi dilini baʼzan vasvasalar egallashga urinsa-da, u oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi:

 

Asaldan ajragan mumday sargʻayib,

Ini yoʻq aridek toʻzgʻiganim yoʻq.

 

Ota oʻzi bilan oʻzi kurashadi, hayot uchun, oʻgʻlining sogʻ qaytishini uchun oʻzini, umidini omon saqlab qoladi.

Gʻafur Gʻulom buyuk va mehribon qalb egasi edi. U bolalarni jon-dilidan sevar, qalbining qoʻrini ularga bagʻishlagan edi. Bunga satrlari guvohlik beradi:

 

Har bolam ufurgan nafasin atri –

Sheʼrimning eng yetuk, eng yaxshi satri.

 

Otalik tuygʻusini bundan ortiq yana qanday ifodalash mumkin?!

Sheʼr samimiy boʻlishi kerak degan gap juda koʻp takrorlanadi. Samimiylik oʻzi nima? Samimiylik koʻngli ochiqlik, boshqalarga ezgulik ilinish, oʻziniyam, oʻzgalarniyam aldamaslikdir. Hissiz yozilgan sheʼrlar kishida tuygʻu uygʻotmaydi, yomon xotinga oʻxshab tezda jonga tegadi. Gʻafur Gʻulom sheʼrlarining eng muhim xususiyatlardan biri – ilhom bilan yozilganidir. Ularda ulkan va soddadil qalbning zarblari sezilib turadi.

“Xotin” sheʼridan:

 

Yuzing hasratida hatto koʻziga

Oʻrgimchak in qoʻygan yigitlar ham bor.

 

Dastlab oʻqigan odam hayron qolishi mumkin: nega endi koʻziga oʻrgimchak in qoʻygan? Ozgina fikrlagan oʻquvchi shoir nima demoqchiligini topadi. Oʻrgimchak tinchi buzilmaydigan joylarga, masalan, devor kovagiga, shiftga in quradi. Demak, sheʼrdagi oshiq yigit ham koʻzlarini yummay intizor kutavergan. Sevgan yorini oʻylab, sogʻinib tunu kun uxlamagan. Shu fikrni menga oʻxshagan odam yozganida bunaqa original obrazni topolmasdi, menimcha.

Xuddi shu sheʼrning boshqa bir oʻrnida:

 

Vatan ozod boʻlur, serharakat boʻl

Arafa kunlari quvongan yoshdek,

 

degan misralar bor. Arafa kuni bolalar hayitlik puli olish uchun u yoqdan bu yoqqa yuguradi, sevinchi ichiga sigʻmaydi. Bolalarning shodligidan koʻra asilroq shodlik yoʻq. Chunki ularning shodligiga boshqa qaygʻu-alamlar, tashvishlar soya solmaydi.

“Kuz keldi” sheʼridan:

 

Urushdan qaytgan gʻolib otadek

Qoʻyni-qoʻnji toʻlib saxiy kuz keldi.

 

Otalar uzoq safardan yoki oddiygina bozordan qaytsa farzandlariga atab shirinlik, meva-cheva koʻtarib keladi. Pishiqchilik fasli – kuz ana shu mehribon otaga qiyoslanyapti.

Gʻafur Gʻulom ishlatgan obraz va tashbehlarda originallik bor. U oʻziga xos falsafiy mushohada,
oʻtkir did bilan soʻz aytadi.

Adabiyotning xomashyosi – hayot. Yozuvchi yoki shoir oʻz asarida hayot haqiqatini aks ettirar ekan yozadigan mavzusini – materialini toʻla-toʻkis oʻrganishi zarur. Bilganini yozishi, yozganini bilishi kerak. Buning uchun har qanday sohadan xabardor boʻlish talab etiladi. Ikki yilcha oldin Gʻafur Gʻulomning uy muzeyiga borganimda shoirning qizi Olmos opa xotiralarini gapirib bergandi. Uning aytishicha, akademik shoir umrining oxirigacha oʻqish-oʻrganishni tark etmagan. Ish stolida har kuni yangi kitob turardi. Ular orasida chet davlatlar, xalq va elatlar, ularning urf-odatlari toʻgʻrisidagi, qurilish yoki texnikaga oid kitoblarni ham uchratish mumkin edi. Shoir koʻp bilishi kerak, koʻp bilgani sari fikr doirasi kengayib boradi. Gʻafur Gʻulom sheʼrlaridagi falsafiy teranlikning sabablaridan biri koʻp oʻqiganlikda boʻlsa kerak.

 

Olamday mehnatkash boʻlgil erta-kech,

 

deb yozadi u bir oʻrinda. Olam ham, uning bir boʻlagi boʻlmish Yerimiz ham doimo harakatda. Harakat – tiriklik belgisi. Shoirning bu tashbehi aniq ilmiy asosga ega. Bu kabi misralarni juda koʻp uchratish mumkin.

Sheʼrning yashovchanligini taʼminlaydigan eng muhim xususiyatlardan biri – falsafiy pishiqlikdir. Lekin nafosatdan xoli quruq falsafa qattiq non kabi tomoqqa tiqiladi. Falsafasiz goʻzallik ham noqis, tuzi kam ovqatga oʻxshaydi, odamning koʻngli toʻlmaydi. Gʻafur Gʻulom sheʼrlarida falsafa va nafosat uygʻun:

 

Ertasini oʻylagan – indin boʻlmas pushaymon,

Fursat kasal emaski, oʻtganiga suyunsang.

Minutlar bugʻdoy dona, oʻtgan umr tegirmon –

Mehnatgina berolur bu shirmonga koʻrkam rang.

 

Bu kabi misollarni yana koʻp va xoʻb keltirish mumkin. Shoirning birorta kitobini mehr bilan qoʻliga olib oʻqib va uqib chiqqan odam uning haqiqiy muxlisiga aylanadi.

Turli buyurtma sheʼrlar, tazyiqlar va turmushdagi qiyinchiliklar Gʻafur Gʻulomning qalbiga ogʻir yuk boʻlib tushdi, uni maqsadlaridan chetga tortqiladi. Agar u toʻlaqonli erkin ijod eta olganda toʻkis sheʼrlari bundanam koʻp boʻlarmidi?! Lekin shunday ogʻir sharoitda ham u munosib ijod qildi. Xoh nasrda, xoh nazmda, xoh publitsistikada boʻlsin goʻzal va ayricha asarlar yaratdi. Nodir xazina qoldirdi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatini yuqori choʻqqilarga koʻtardi. Dogʻiston xalqining atoqli shoiri Rasul Hamzatov Gʻafur Gʻulomni “Oʻzbek sheʼriyatining Elburusi” deb atagan edi. Darhaqiqat shunday. Bu ulugʻ siymo ijodi didli oʻquvchi uchun bebaho zavq manbayi, yosh ijodkorlar uchun original tarbiya maktabidir.

 

Orif Tolib

 

2009

 


(“Maʼrifat” gazetasining 2009-yil 13-may (№38) sonida chop etilgan.)


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.