Oʻzbekcha lugʻat kimning masalasi?

Oʻzbekcha lugʻat kimning masalasi?

“Qurilish sohasida oʻzbekcha texnik lugʻat yoʻqligi vazirlik masalasi hisoblanmaydi”.

 

Kun.uz yozishicha, Qurilish vazirligi rasmiysi ishtirokidagi matbuot anjumanida qurilish sohasi smeta-loyihalaridagi barcha atamalar rus tilida yuritilishi, qurilish sohasi qachon oʻzbek tiliga oʻtishi toʻgʻrisida savol berilibdi.

Vazirlik vakili qurilishga oid texnik lugʻat sobiq Ittifoq davrida yaratilganini, qolaversa, bugungi kunda bunday ruscha atamalar ishlatilishi soha odamlari uchun qiyinchilik tugʻdirmasligini, qurilish sohasida oʻzbekcha texnik lugʻat yoʻqligi vazirlik masalasi hisoblanmasligini taʼkidlagan. “Shu bilan birga qurilish sohasida bajarilgan ishlar hisob-kitobi oʻzbek tilida olib boriladi”, degan Qurilish vazirligi boshqarma boshligʻi.

Agar davlat tiliga shunday nuqtai nazardan munosabatda boʻlinsa, har qanday sohada oʻzbek tilining ahvoli abgorlashib boraveradi. Toʻgʻri, nafaqat qurilish, balki boshqa sohalardagi lugʻatlar ham ruscha lugʻatlar asosida yaratilgani sababli biz koʻp atamalarning ruschasini yoki ruschada qanday qoʻllansa, shu variantini qabul qilganmiz. Lekin buni imkon qadar oʻzgartirish mumkin. Hech qursa, yangi kirib kelayotgan atamalarni oʻzbekchalashtirish yoki til tabiatiga mos shaklda oʻzlashtirish kerak.

Ruscha soʻzlar qiyinchilik tugʻdirmasligi masalasiga kelsak, ha, shunday. Baʼzida oʻzbekcha soʻzlar va oʻzbek tili qiyinchilik tugʻdiradi. Shuning uchun qiyinchilik tugʻdirmaydigan rus tiliga biryoʻla oʻtib qoʻya qolinadi va ruscha gapiriladi. Bizga oʻzbekcha yozish, oʻzbek tilida lugʻat chiqarish qiyin va ortiqcha masala.

Xoʻsh, maʼlum bir sohada lugʻat yoʻqligi kimning masalasi? Bunga kim bosh qotirishi kerak? Til-adabiyotga ixtisoslashgan institutlarmi yoki Davlat tilini rivojlantirish departamentimi? Menimcha, faqat qurilish emas, tibbiyot, matematika, axborot texnologiyalari, dehqonchilik, suv xoʻjaligi, biologiya, bank, buxgalteriya, umuman, har qanday sohada oʻzbekcha lugʻat yoki adabiyot yoʻqligi, kamligi uchun ayni shu sohaning yuqori tashkiloti qaygʻurishi kerak. Oʻzbek tilida kerakli qoʻllanmalar, kitoblar yoki lugʻatlar yoʻq boʻlsa yoki yetarli darajada boʻlmasa, til va tarjima bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarga yoki malakali mutaxassislarga buyurtma berib, shu boʻshliqni toʻldirishi kerak.

Oʻzi, Davlat tilini rivojlantirish departamenti lotin alifbosi islohi yakuniga yetgach, bu borada bir oʻrganish olib borsa, kamchiliklarni aniqlab, tegishli koʻrsatmalar bersa, yomon boʻlmasdi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube