Alifbo islohi: dam bu damdir…

Alifbo islohi: dam bu damdir…

Oldinroq shu mavzuda yozilgan fikrmulohazalar jamlanib, bir kichikroq maqolaga joylandi.

 

2020-yil 20-oktyabr kuni “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni imzolandi. Unda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash borasida ham koʻrsatmalar berilgan. Xususan, Farmonning 2-ilovasi 4-bandida “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga toʻliq oʻtishni taʼminlash” degan alohida band mavjud. Aynan shu band ijrosini taʼminlash maqsadida yaqinda takomillashtirilgan alifbo loyihasi eʼlon qilindi.

Alifbo islohiga aynan hozir qoʻl urish kerak. Nega?

Alifbo oʻzgarsa, birinchi galda darsliklar oʻzgaradi. Hozir Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Demak, juda koʻp darslik va qoʻllanmalar yangidan tayyorlanishi va chop etilishi mumkin. Agar alifbo islohi hozir oʻtkazilmasa (qachondir baribir isloh qilinadi, menimcha), bu keyinchalik kitoblarni yangi alifboda qayta bosishga, yaʼni katta chiqimga sabab boʻlishi mumkin. Ayni ana shu sabab bilan islohot bundan-da keyinroqqa qoldirilishi yoki umuman amalga oshirilmasligi ehtimoli ham bor.

Bu yildan ichki pasportlar oʻrniga ID
kartalar
berish boshlandi. Endi yaqin xorijga chiqish uchun ham xorijga chiqish biometrik pasporti kerak boʻladi. Demak, uni oluvchilar koʻpayadi. Agar alifboga qachondir oʻzgartirish kiritilsa, hujjatlardagi maʼlumotlarni ham oʻzgartirish ehtiyoji tugʻiladi. Bu yana chiqim va ovoragarchilikka olib keladi.

Qozoq qoʻshnilarimizning tajribalari ham xulosa uchun yaxshi misol. Ular ham dastlab 2017-yilgi variantda barcha harflarni standart klaviatura asosida yasab koʻrishdi. Lekin amaliyot bu katta oʻngʻaysizlik va qiyinchiliklar tugʻdirishini koʻrsatdi, chogʻi, 2018-yilgi variantda juft harflar, jumladan, va harflari bitta belgiga almashtirildi. 2019-yilgi loyihada esa sh va ch harflari oʻrniga ham yaxlit belgi tanlandi. 2021-yilgi versiyada esa alifbo yanada ixchamlashdi. Muharrir sifatida aytishim mumkin: qozoq alifbosining yangi varianti menga juda maʼqul keldi.

Alifbo islohi lotin yozuvidan ommaviy foydalanish darajasini oshiradi. Bu esa lotin yozuviga toʻliq oʻtishni jadallashtiradi. Hozirgi imlodagi qiyinchiliklar, matn terishdagi muammolar sabab koʻpchilik kiril yozuvini maʼqul koʻryapti. Ular orasida hatto savodi lotinchada chiqqanlar ham bor.

Amaldagi alifboning nuqsonlarini turli soha mutaxassislari yetarlicha isbotlab, koʻrsatib berdi. Oʻzbek tilining toʻlaqonli davlat tiliga aylanishiga, rivojlanishiga, internet tili darajasiga chiqishiga amaldagi alifbo ozmi-koʻpmi toʻsiq boʻlyapti. Bu jiddiy sabab, albatta.

Alifbo islohotini aksariyat mutaxassislar katta mamnuniyat bilan kutib olgan boʻlsa-da, biroz ikkilanib turganlar, masalaning mohiyatini toʻla tushunmay, hissiyot yoki taxminlar bilan munosabat bildirayotganlar ham yoʻq emas. Amaldagi yozuvning imloviy va texnik muammolaridan bir qadar boxabar mutaxassis sifatida ularga shunday deyman:

  1. Oʻzi, har qanday oʻzgarishni qabul qilish qiyin boʻladi. Odam oʻzgarishning ijobiy yoki salbiy jihatini tanasida sezib koʻrmaguncha, hadiksirab turadi. Bu tabiiy jarayon. Yangilikdan qoʻrqmaslik kerak. Oʻzgarishlar alifboni matn terish uchun ancha qulaylashtiradi.
  2. “Boshqa muammolar turganda alifboga teginmaylik”, degan mulohaza bor. Boshqa muammolarning oʻz yechimi bor. Bu muammoning – oʻz yechimi. Har biri alohida muammo va alohida yondashuvni talab yetadi. Amaldagi alifboda nuqson borligi fakt va uni yechish zarur. Boshqa muammoni ham yechaverish kerak. Hech kim: “Boshqa muammoga eʼtibor bermanglar!” deyayotgani yoʻq.
  3. Eski hujjatlar, darsliklar nima boʻladi? Reja boʻyicha muhlati tugab, yangilanguncha amalda boʻlaveradi. Osmon uzilib yerga tushmaydi. Yangi darsliklar yangi alifboda chiqadi. Oʻrniga sarflangan million soʻm, koʻp boʻlsa-da, aslan foyda; oʻrinsiz sarflangan bir soʻm, arzimas boʻlsa-da, aslan zarar. Kerakli chiqim oʻzini oqlaydi. Islohni ikkilanib choʻzaversak, bu chiqim miqdori ortib boraveradi.
  4. Yangi alifboning savodsizlik darajasiga taʼsiri masalasi. Sezilarli salbiy taʼsiri boʻlmaydi. Lekin ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq. Toʻrtta harfni oʻrgana olmaydigan odam baribir savodsiz boʻlib qolaveradi.
  5. Lotinga toʻliq oʻtib ketmaganimizning sabablaridan biri – amaldagi alifboning nuqsonlari. Biz bu masalada faqat oʻzimizni emas, kelajak avlodni ham oʻylashimiz kerak. Hozirgi alifboda sezgan-sezmagan qiyinchiliklarimizni farzandlarimiz ham tortmasligi zarur. Bu holat xuddi ogʻir etik kiyib yurishga oʻxshaydi. Maʼlum vaqt oʻtgandan keyin etikning ogʻirligini uncha sezmay qolasiz. Lekin uni yechib, yengilroq poyabzal kiysangiz, oldin qanchalik qiynalganingizni, aslida shu qulaylikka burunroq erishish mumkin boʻlgan-u, buni bilmaganingizni tushunasiz. Amaldagi alifbodagi qoʻshharflar ana shu ogʻir etikka oʻxshaydi.
  6. Maʼlum bir sohada mutaxassis boʻlgan yoki tajriba orttirgan kishilarning xulosalariga hurmat bilan qarash zarur. Hatto bizga xato koʻrinsa ham. Bilim va tajribaga asoslangan fikrlarni yaxshilab oʻylab koʻrish, mard boʻlib qabul qilish ham kerak. Shunchaki hissiyot bilan aytilgan gapning yuki yoʻq.
  7. Dunyoning aksariyat tillari standart klaviaturani oʻzgartirib, oʻz tiliga, alifbosiga moslagan. Alifbosini klaviaturaga emas. Standart klaviaturadan maksimal darajada foydalanish kerak, lekin u ojizlik qilib qolganda oʻzgartirish kiritish toʻgʻri yoʻldir. Ingliz tiliga yaqin boʻlishiga qaramay, nemis, ispan, fransuz, shved, dan kabi tillarda ham standart klaviatura oʻzgartirilgan, milliy imloga moslashtirilgan..

Hozirgi holatda eng toʻgʻri yoʻl – alifbodan foydalanishning texnik va amaliy jihatlarini chuqur biladigan mutaxassiclarning fikr va takliflarini, asoslarini eshitish-oʻrganish, bugungi va ertangi kun uchun eng toʻgʻri, mantiqli, mustahkam qarorga kelish.

Dehqonlar ekinni vaqtida ekishga harakat qiladi. Urugʻ qadashda bir kunga orqada qolish hosilning oʻn kunlab kechikishiga olib keladi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini isloh qilish va toʻla joriy etish borasida ham xuddi shu holat yuz berishi mumkin. Dam bu damdir, oʻzga damni dam dema, deydi eskilar. Fursat – gʻanimat.

 

Orif Tolib

 

Kun.uz da eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.