Palapon va polapon
Bu soʻz baʼzi lugʻatlarda palapon, baʼzilarida esa polapon shaklida berilgan. Izohli lugʻat esa har ikki shaklni keltirgan.
Palapon soʻzlashuv tilida qoʻllanadi. U toʻrt xil maʼnoga ega:
1️⃣ Parrandalarning hali pat va qanot chiqarmagan yoki endigina chiqara boshlagan bolasi; jish.
Tom boʻgʻotiga uya qurgan chumchuqlar bot-bot palaponlarini uchirma qilishardi.
N. Qobil, Unutilgan sohillar.
2️⃣ Goʻdak bolalarni, yoshlarni erkalatib aytiladigan soʻz.
Yoʻling ochiq boʻlar, boʻlsang sen ochiq qoʻl,
Omin endi, palaponim, senga oq yoʻl.
Y. Eshbek, Sogʻinib yashayman.
3️⃣ Koʻchma maʼnoda, betakalluf hazil sifatida: hech narsa bilmaydigan, tajribasiz.
Oʻrta maktabdan yaqinda uchirma boʻlgan, lekin hali chinakam turmush nimaligini bilmaydigan bu palaponlarga nima desin?
S. Anorboyev, Oqsoy.
4️⃣ Besoʻnaqay, katta; salmoqlanib, lapanglab yuradigan.
Palapon tovuq.
Polapon soʻzi palaponning variantdoshidir:
Fil yoʻlda bora turib, toʻrgʻayning uyini bosib, polaponlarini yanchib tashlabdi.
X. Toʻxtaboyev, Yillar va yoʻllar.
Qani, polaponlarim, darrov turib, yuzlaringni yuvinglar-chi? Keyin togʻangnikiga boramiz.
Gazetadan.
📌 Demak:
Palapon, polapon ✅
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.